Breaking News

Afg'oniston urushi qachon yakun topadi?


Bagram aviabazasida. Afg'oniston, 14-iyul, 2011.

AQShning so’nggi kuchlari Afg’onistonni tark etishga yaqin turar ekan, mantiqli savol tug’iladi: Afg’on urushi qachon yakun topadi?

Afg’oniston xalqi uchun mazkur savolning javobi aniq va o’ta mavhum: Yaqin fursatda emas. Tobora kuchayib borayotgan Tolibon harakati mamlakat bo’ylab yanada ko’p hududlarni egallab olishga muvaffaq bo’lmoqda. Afg’oniston hukumati bilan toliblar o’rtasidagi sulh muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Siyosiy murosadan darak yo’q.

Xorijiy kuchlar Afg’onistondan chiqishni boshlagan 1-may sanasidan buyon Tolibon 80 dan ziyod tumanlar ustidan nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’lgan. Toliblar boshqaruvidagi jami tumanlar soni 157 taga yetgan.

Ayrimlar nazarida, xorijiy kuchlar Afg’onistondan chiqib ketgach, mamlakatda fuqarolar urushi avj pallasiga ko’tariladi. Ana shunday nozik vaziyatda zaif holatdagi “Islomiy davlat” ekstremistlari ham o’z safini kengaytirib, kuchlarini tiklashga erishadi.

AQSh va uning xalqaro koalitsiya tarkibidagi hamkorlari uchun urush finali tumanlar orasida qolgan ko’rinmas nuqtada. Afg’onistonda 20 yil xizmat qilgan qo’shinlar va harbiy texnikaning katta qismi ortga qaytgan.

General Frenk Makkenzi sentabr oyiga qadar Amerika kuchlarini boshqaradi. Favqulodda vaziyatlarda general AQShning Afg’oniston tashqarisida shay turgan harbiy samolyotlarini havo operatsiyalarini amalga oshirish uchun chaqirish vakolatiga ega. Bu haqda AQSh mudofaasi rasmiylari shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan xabar bergan.

Rasmiylarning 2-iyul kuni bergan ma’lumotiga ko’ra, oradan 20 yil o’tib AQSh kuchlari Bagram aviabazasini ham Afg’oniston xavfsizlik xizmatiga topshirgan. Mazkur baza shu kunga qadar Afg’oniston urushining episentri bo’lib kelgan.

Biroq aviabazaning Afg’oniston kuchlari nazoratiga o’tishi AQSh kuchlarining to’liq ortga qaytishini anglatmaydi.

AQSh kuchlari Afg’onistonda 2014-yildan buyon dala operatsiyalarida ishtirok etmagan. Aksilterror qo’shinlar ekstremistlarga qarshi Afg’oniston ichkarisida va tashqarisida joylashgan qiruvchi samolyotlar vositasida havo zarbalarini berib kelgan. Ayni damda Afg’oniston hukumati kuchlariga yordam mamlakat tashqarisidan turib amalga oshirilishi mumkin.

AQSh kuchlari Afg’oniston hududida harbiy treninglar va maslahatchilik qilishni to’xtatdi. Elchixona xavfsizligini ta’minlash maqsadida 650 nafar AQSh askarlari Afg’onistonda doimiy xizmatga jalb etilmoqda.

Ayni damda Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlashni Turkiya harbiylari o’z zimmasiga olgan. General Makkenzi sentabr oyiga qadar 300 nafar Amerika askarini turk harbiylariga yordam berish uchun safarbar qilgan.

AQSh Afg’oniston zaminidagi urush operatsiyalarini yakunlar ekan, na taslim bo’lgan tomon, na mutlaq g’alaba, na konkret mag’lubiyat, na tinchlik bitimidan darak bor. Prezident Jo Baydenning ta’kidlashicha, “Al-Qoida”ning asosiy kuchlari yo’q qilingani, 11-sentabr fojialari ortida turgan Usama bin Ladenning o’ldirilgani Vashington uchun muhim natija.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG