Breaking News

Afg'onistondagi vaziyat qo'shni davlatlarni xavotirga solmoqda


Afg'onistonga qo'shni Markaziy Osiyo mintaqasi
Afg'onistonga qo'shni Markaziy Osiyo mintaqasi

Afgʻoniston shimolidagi vaziyat oʻta xatarli baholanmoqda. Tojikiston bilan oradagi 1344 kilometrlik chegaraning 900 kilometri toliblar ixtiyoriga oʻtganligi aytilmoqda.

Afgʻonistonning Tolibon hujumidan omon qolish uchun Tojikistonga chekingan harbiylari soni 1500 nafardan oshdi. Prezident Emomali Rahmon Afgʻoniston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Rossiya prezidentlari bilan muloqot qilishi ortidan chegaraga 20 ming harbiyni safarbar qilishga buyruq berdi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Rahmon 4-iyul kuni Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani, 5-iyul kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Tokayev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotida “Afgʻonistonda keskin tus olayotgan vaziyatni” muhokama qildi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistondan Tojikistonga chekingan Kobul harbiylari soni 1500 nafardan oshgan. 4-5-iyul kunlari ikki davlat orasidagi chegara nuqtalaridan Shamsiddin Shohin nohiyasiga 104 nafar, Darvoz nohiyasiga 296 nafar, Vanj nohiyasiga 173 nafar, Xorugʻ shahriga 312 nafar, Ishkoshim nohiyasiga 152 nafar, jami 1037 nafar Afgʻoniston hukumati harbiylari oʻtib kelgan. Ularni Tojikiston tomoni qabul qilib olgan.

Afg’on askarlari qurolli toʻqnashuvlarda toliblar hujumiga dosh bera olmay, jonini saqlash uchun Tojikistonga chekingan. Ularning “Ozodlik” radiosi bilan suhbatda aytishicha, agar Tojikiston qabul qilmasa, toliblar oʻldirishi tayin bo’lgan. Tojikistonga chekingan afgʻon harbiylaridan biri Muhammadzohir Safaralining aytishicha, ular fitnaga uchragan.

“Davlat qoʻshinlari safiga kelib qoʻshilgan, Tolibonga qarshi birga kurashamiz deb davlatdan qurol-yarog' olgan mahalliy aholi xiyonat qildi. Tolibon bilan til biriktirdi. Ularning soni koʻpayib, bizning kuchimiz qarshi turishga yetmay qoldi. Xohon koʻprigi orqali Tojikistonga keldik”, - deydi afgʻon harbiysi.

Tojikistonga chekingan harbiylarni Afgʻonistonga qaytarish masalasida rasmiy Dushanbe Kobul bilan muloqotga kirishgan. Shuningdek, 6-iyul kuni Tojikistonning Kobuldagi elchisi Saʼdiy Sharifiy Afgʻoniston milliy xavfsizlik maslahatchisi Hamidulloh Muhib bilan uchrashib muloqot qildi.

Tojikistonga chekingan Xohon nohiyasi chegara qoʻshinlari boshligʻi Muhammad Husaynning aytishicha, Shamsiddin Shohin nohiyasiga oʻtgan harbiylardan 120 nafarini Koʻlob aeroportiga olib kelishgan. Ularga samolyot bilan Kobulga qaytarilishi aytilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi 5-iyul kuni bergan maʼlumotlarga koʻra, Afgʻonistonning Badahshon viloyati Xohon, Shikay, Nusay, Mohimay, Shugʻnon va Sulton-Ishkoshim tumanlari toliblar qoʻliga oʻtishi barobarida Tojikiston bilan oradagi 1344 kilometrlik chegaradan 910 kilometri Tolibon ixtiyoriga oʻtgan.

Sobiq Sovet Ittifoqi paytida Afgʻonistonda xizmat qilgan isteʼfodagi tojik polkovnigining ismi sir qolishi sharti bilan “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afgʻonistondagi vaziyatni yana ham murakkablashtiradigan omillardan biri mahalliy aholining bir pozitsiyada muqim turmasligi bilan ham bogʻliq.

“Afgʻonistonda masalani chigallashtiradigan omil mahalliy aholining qashshoqligi va muayyan bir pozitsiyada muqim turmasligidir. Qaysi tomondan manfaat boʻlsa, oʻsha tomonga yon bosib, oʻsha tomonga oʻtib ketaveradi. Bir tarafdan, ularni ham tushunish kerak. Baʼzan ular jonini saqlab qolish uchun oʻz pozitsiyasidan voz kechib, boshqa tomon manfaati yo’lida qurol koʻtaradi. Ammo umuman olib aytadigan boʻlsak, ana shunday holatlar vaziyatni yana ham murakkablashtiradi. Ahmadshoh Masʼud, Abdul Rashid Doʻstum, Muhammad Ato Nur kabi yetakchilarning ahamiyati shundaki, ular bilan kelishish mumkin va ular kelishuvlarga amal qiladi. Ammo kuchli yetakchiga ega boʻlmagan xalqqa hech qachon ishonib boʻlmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Tojikistonlik mustaqil tahlilchi, professor Ahmadshoh Komilzodaning aytishicha, qoʻshni davlatda muvaffaqiyat qozonib borayotgan Tolibon nafaqat Tojikiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari tinchligi uchun jiddiy xatar.

“Tolibon hozircha qoʻshni davlatlar bilan ishimiz yoʻq, degan bayonotlar bilan chiqishi mumkin. Ammo ularning asl maqsadini hisobga olib qaraydigan boʻlsak, bu yerda Tojikiston, Oʻzbekiston, umuman, qoʻshni davlatlar uchun jiddiy xatar bor. Chunki ular islomiy amirlik bunyod etishni va Afgʻonistonda oʻz gʻoyalarini amalga oshirgandan keyin oʻz diniy davlatlari hududini kengaytirishni istaydi. Bu qoʻshni boʻlgan dunyoviy davlatlar uchun jiddiy tahdid”, - deydi Komilzoda.

Boshqa bir tojikistonlik tahlilchi, jamoatchilik faoli Ilhom Yusupovning fikricha, ayni paytda Tolibon tomonidan Tojikiston uchun jiddiy xavf yoʻq.

“Bugungi kunda Tojikistonga Tolibon jiddiy xavf solayapti, deya olmaymiz. Boʻlayotgan voqealar asli Afgʻonistonning ichki ishlari, mamlakat ichidagi fuqarolik urushi. Shu nuqtai nazardan qarasangiz, toliblar ham hokimiyat uchun kurashayotgan ichki kuchlardan biri. Bejizga Tojikiston hukumati ham, Oʻzbekiston hukumati ham qayta-qayta Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashmasligini taʼkidlab kelayotgani yoʻq. Ammo yana bir nuqtani ham nazardan qochirmaslik kerak. Agar Tojikistondan chiqib ketib, Iroq Shom islomiy davlati terroristik guruhiga borib qoʻshilgan sobiq harbiylar toliblar safida jang qilayotgan boʻlsa va Afgʻonistonda ular oʻz hokimiyatini mustahkamlab olsa, undan keyin Tojikistonga ham koʻz tikish ehtimoli boʻlishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG