Breaking News

Afg'onistonda vaziyat tang, lekin AQSh elchixonasi yopilmaydi


Kobul, Afg'oniston

Tolibon mamlakat bo'ylab xurujlarga zo'r berar ekan va AQSh qo'shinlari Afg'onistonni tark etishda davom etarkan, Vashingtonda Kobuldagi elchixonani vaqtincha yopmoqchi emas.

Amerika diplomatlari evakuatsiya qilinishi mumkin degan xavotirlar yangrayotgan edi. Ammo elchixonaga ko'ra, missiya ochiq turadi. Bayden ma'muriyati diplomatiyani kuchaytirishga bel bog'lagan. Afg'oniston xalqi va hukumati bilan muloqot birlamchi vazifa, deydi rasmiylar.

Ularning qayd etishicha, xavfsizlik choralari oshirilgan va AQSh inqirozga javob berishga tayyor holatda turadi. Bu borada yangi rejalar ustida ish ketmoqda.

Missiya vaziyatga moslashgan tarzda va ikki davlat manfaatlarini ko'zlab, ish tutadi.

“Prezident Bayden va Davlat kotibi Blinken aytganidek, AQSh harbiylari chiqib ketayapti, ammo biz diplomatik, insonparvarlik va xavfsizik bo'yicha harakatlarimizni davom ettiramiz", - deya e'lon qildi elchixona.

O'tgan hafta AQSh Kobul yaqinidahi Bagrom aviabazasini bo'shatgan. Endi bu inshoot afg'on kuchlari iznida.

AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Ostin Skot Miller mamlakatdagi notinchlikni o'ta xavotirli deya baholab, Tolibon kuchaygani va favqulodda choralar zarurligini tan olgan.

O'tgan ikki oy mobaynida, ya'ni Amerika qo'shinlari kuzgacha chiqib ketishi e'lon qilinganidan beri toliblar qariyb 419 tumanni o'z qo'liga olgan.

Pentagonga ko'ra, AQSh qo'shinlari avgust oyidayoq afg'on zaminini butkul tark etgan bo'ladi.

Badaxshon oylardan beri notinch
Badaxshon oylardan beri notinch

Badaxshon va Taxor viloyatlarida toliblar ayniqsa kuchga to'lgani kuzatiladi. Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshonda jangarilar bilan to'qnashuvlar avj olib, yuzlab zobitlar qo'shni davlat tomon ketgani ma'lum.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan gaplashib, unga chegarachilarni vaqtincha qabul qilgani uchun rahmat aytgan.

Badaxshon markazi Fayzobod shahrini himoya qilish uchun Kobuldan qo'shimcha kuch yuborilgan.

Tolibon janubda Hilmand va Qandahor viloyatlarida ham qudratini oshirishga urinmoqda. Afg'oniston qurolli kuchlari o'tgan kunlar ichida yuzlab toliblarni o'ldirganini da'vo qilib, tumanlar va shaharlar jangarilardan ozod etiladi, deya va'da bermoqda.

General-mayor Hibatulla Alizay deydiki, maqsad - iloji boricha ko'proq dushmanni yo'q qilish. Birinchi navbatda shaharlar, yo'llar va chegaradagi aholi punktlari toliblardan tozalanishi kerak, deydi Alizay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG