Breaking News

AQSh Gaitidagi beqarorlikdan xavotirda


Gaitida askarlar Dominika respublikasi bilan chegarani qo'riqlamoqda, 2021-yil, 7-iyul.
Gaitida askarlar Dominika respublikasi bilan chegarani qo'riqlamoqda, 2021-yil, 7-iyul.

Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz 7-iyul kuni shaxsiy qarorgohida bir guruh qurollangan shaxslar tomonidan o’ldirib ketildi. Rasmiylarning aytishicha, qotillar ispan tilida gaplashgan va ular voqeadan so’ng Dominika respublikasiga qochib o’tgan bo’lishi mumkin.

Otishmada prezidentning rafiqasi yaralangan. U davolanish uchun samolyotda AQShning Mayami shahriga olib kelingan.

So’nggi oylar mamlakatda siyosiy beqarorlik va jinoiy to’dalar zo’ravonligi avj olgan bo’lsa-da, poytaxt nisbatan tinch edi. Voqea mamlakat ahlini larzaga soldi.

Gaitining AQShdagi elchisi Bokshit Edmond gaitiliklarni birdamlikka chaqirdi. U, shuningdek, qotillarni topishda va Gaitini kelajakda bunday xurujlardan himoya qilishda xalqaro hamjamiyatdan yordam so’radi.

“Bizga qurolli kuchlar kerak, chunki davlatimiz harbiylar tomonidan yaratilgan. Harbiy kuchga ega bo’lish muhim. Toki chegaralarimizni himoya qila olaylik, chegaralar ustidan yaxshiroq nazorat o’rnatilsin. Chunki xorijlik yollanma askarlar mamlakatga kirib, prezidentni o’ldirishi va hech qanday muammosiz yana chiqib ketishi qabul qilib bo’lmas holat. Biror xalqaro hamkor bunga rozi bo’lmaydi”, - dedi Gaitining AQShdagi elchisi.

Prezident qarorgohida qo’riqchilar bilan otishma bo’lganmi, degan savolga elchi bilmayman, deb javob berdi.

Yuz bergan voqea xalqaro hamjamiyatni ham larzaga soldi.

“Ko’proq ma’lumot kerak, lekin Gaitidagi vaziyat juda xavotirli”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

1915-yil ham Gaitida prezident o’ldirib ketilgan edi. O’shanda AQSh barqarorlikni ta’minlash uchun mamlakatga qo’shin kiritgan. Vashington bu safar ham shunday yo’l tutadimi?

“Gaiti bizning hamkorimiz. Munosabatimizni shu asosga qurganmiz. Avval ham, bundan keyin ham shunday bo’ladi”, - dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

Praysning aytishicha, AQSh Gaitida hozir muvaqqat prezident vazifasini bajarayotgan Klod Jozef qarashlarini yoqlaydi. Jozef iqtisodiy va siyosiy beqarorlik kuchayayotgan bir paytda aholini tinchlikni saqlashga chaqirdi. So’nggi haftalarda yuz bergan zo’ravonliklar tufayli Gaitida yuzlab oilalar o’z uylarini tark etishga majbur bo’lgan.

Xalqaro hayot - 8-iyul, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:06 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG