Breaking News

Bayden: AQSh tarixidagi eng uzun urushni yakunlayapmiz


AQSh Prezidenti Jo Bayden

Afg’onistonda Tolibon ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda AQSh Prezidenti Jo Bayden avgust oxirigacha barcha askarlar bu mamlakatdan olib chiqilishini e’lon qildi. AQSh o’z tarixidagi eng uzun urushga yakun yasamoqda, dedi Bayden.

Prezident nega bunday qarorga kelganini quyidagicha izohladi.

“20 yillik urush, yuz minglab afg’on kuchlarini tayorlash va jihozlash uchun saflangan trillion dollarlik xarajat, qurbon berilgan 2488 amerilik va 20722 yarador va boshqa ko’plab ruhiy asoratlar ortidan yana bir Amerika avlodini Afg’onistondagi urushga jo’natish niyatim yo’q; chunki bundan boshqacha natijaga erishish mumkin emas”, - dedi Bayden.

AQSh rasmiylariga ko’ra, avgust oxirigacha amerikaliklar mamlakatni tark etadi. Prezidentga ko’ra, asosiy missiya – 11-sentabr xuruji uchun mas’ul “Al-Qoida” terror guruhini kuchsizlantirish vazifasi bajarilgan.

Tolibon hujumlari soni ortar ekan, Kobul yana isyonchi guruh nazoratiga o’tishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

“Afg’oniston armiyasi ba’zilar o’ylagandek yomon ahvolda emas. Ayni paytda ular Tolibonning keng miqyosli fuqarolar urushini boshlab yuborishini to’xtata oladigan darajada emas. Bu Afg’oniston uchun katta fojia bo’ladi”, - deydi ekspert Mark Jeykobson.

Baydenning aytishicha, AQSh Afg’oniston harbiylariga ko’maklashishda, gumanitar yordam berish va ayollar huquqlarini himoya qilishda davom etadi.

Ammo mamlakat taqdiri endi afg’onlar qo’lida, dedi u.

“Biz Afg’onistonga davlat qurish uchun bormadik. Kelajakni belgilash va qanday davlat qurish masalasi faqat afg’on xalqining mas’uliyati va huquqi”, - dedi prezident.

Kobuldagi AQSh elchixonasi va aeroportni himoya qilish uchun 600 nafar askar qoldiriladi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Kobuldagi hukumatni asrab qolishning boshqa yo’llari ham bor.

“Agar Afg’oniston havo kuchlarini yuritish uchun shartnoma asosida ishlaydigan g’arblik xizmatchilarni mamlakatga kiritsak, Afg’oniston armiyasiga moliyaviy yordamni to’xtatmasak hamda Tolibonning shaharlarga qiladigan hujumlariga qarshi cheklangan miqdorda AQSh havo zarbalarini davom ettirsak, hukumatning katta hududlarni o’z nazoratida ushlab turishiga erishishimiz mumkin”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Maykl Ohanlon.

Bu orada minglab afg’onlar mamlakatni tark etishga urinmoqda. Kobuldagi pasport idorasi odamlar bilan gavjum. Ular AQSh kuchlari chiqib ketishidan oldin xorijga chiqish vizasini qo’lga kiritish umidida.

Ayni paytda Amerika kuchlariga yordam bergan minglab tarjimonlar mamlakatdan olib chiqib ketiladi. Immigrant vizalari tayyor bo’lguncha, ular xorijdagi AQSh inshootlarida yoki uchinchi davlatlarda yashab turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG