Breaking News

AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni o'z vazifasini yakunladi


Afg’onistondagi Xalqaro kuchlar sobiq qo’mondoni general Ostin Miller

Amerika harbiylari 31-avgustgacha Afg’onistonni butunlay tark etish ishlarini yakunlar ekan, bu mamlakatdagi yetakchi AQSh qo’mondoni ham o’z faoliyatini tugatdi.

Kobulda o’tgan kichik marosimda AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari general Frenk Makkenzi ham ishtirok etdi.

“Bu ishlarning tugashi emas, faqat bir sahifani yopyapmiz. Hali ko’plab sahifalar yoziladi va hayot davom etadi”, - dedi general Makkenzi.

Harbiylarga ko’ra, allaqachon askarlarning 90 foizdan ortig’i hamda ko’plab harbiy aslaha Afg’onistonni tark etgan.

Afg’onistonda eng uzoq ishlagan qo’mondon general Ostin Miller ham shu tariqa o’z vazifasiga yakun yasadi.

“Afg’onistonni tark etar ekanman, qurbonlarni xotirlashimiz o’rinli. Ko’plab mamkakatlar bu missiyada qatnashdi; ular ham harbiylari va fuqarolarini boy berdi. Afg’on hamkorlarimiz ham qurbonlar berdi. Endi ishimiz unutmaslik”, - dedi Afg’onistondagi Xalqaro kuchlar sobiq qo’mondoni general Ostin Miller.

Pentagonga ko’ra, Afg’onistonda xizmat qilgan 800 ming askar sharafiga yana bir tadbir o’tkaziladi.

AQSh askarlari 3000 dan ortiq odam qurbon bo’lgan 2001-yilgi 11-sentabr xuruji ortidan Afg’onistonga bostirib kirgan edi. AQShdagi xuruj uchun Afg’onistonda joylashgan “Al-Qoida” terror guruhi javobgar bo’lgani aytiladi.

“Biz Afg’onistonga davlat qurish uchun bormadik. Kelajakni belgilash va qanday davlat qurish masalasi faqat afg’on xalqining mas’uliyati va huquqi”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

AQSh kuchlari mamlakatni tark etar ekan, isyonchi guruh Tolibon hujumlarga zo’r bermoqda. Ikki oy ichida Tolibon nazoratidagi tumanlar soni 75 tadan 210 taga, ya’ni uch barobar ko’paygan.

“Tolibonga aytadiganim shuki, sizlar ham javobgarsiz. Davom etayotgan bu zo’ravonlik afg’on xalqi irodasiga zid va u to’xtashi kerak”, - dedi general Miller.

31-avgustdan keyin ham Pentagon Afg’oniston harbiylariga moliyaviy ko’mak berishda hamda havo kuchlarini boshqarishda yordamlashishda davom etadi.

“Ularga yana qo’shimcha 37 ta “Blek xouk” vertolyotini beramiz. Ularning hujumkor vertolyotlari soni ikki barobar oshadi. Yana uchta “Super Tucano” hujumkor samolyotini xarid qilib beramiz”, - dedi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.

Rasmiylar Tolibonning oshib borayotgan hujumlaridan xavotirda.

“Afg’onistonda oxirgi 20 yilda erishilgan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy yutuqlarga zarar yetkazilishi mumkinligidan, albatta, xavotirdamiz”, - dedi Kirbi.

Son va qurol-aslaha bo’yicha ustunlikka ega Afg’oniston armiyasi Tolibon hujumlarini qanchalik qaytara olishi hozircha mavhum.

Xalqaro hayot - 13-iyul, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:26 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG