Breaking News

Afg'onistonda vaziyat tang, bu hafta Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo anjumani


Prezident Ashraf G'ani deydiki, toliblar so'nggi haftalarda egallab olgan hududlar Afg'oniston armiyasi tomonidan markaziy hukumatga nazoratiga qaytadi
Prezident Ashraf G'ani deydiki, toliblar so'nggi haftalarda egallab olgan hududlar Afg'oniston armiyasi tomonidan markaziy hukumatga nazoratiga qaytadi

Afg’onistondagi urush manzarasida Toshkent tashabbusi bilan o'tishi kutilayotgan xalqaro konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiy hamkorligi masalasini muhokama qiladi. Unda Afg’oniston prezidenti va Pokiston bosh vaziri ham ishtirok etishi kutilmoqda.

15-16 iyul kunlari Toshkentda o’tishi kutilayotgan anjuman “Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy bog’liqlik. Tahdidlar va Imkoniyatlar”, deb nomlangan.

O’zbekiston ancha avval bu tashabbusni ko'targanida Afg’onistonda vaziyat nisbatan barqarorroq edi.

Ayni paytga kelib Afg’onistonda vaziyat o’ta keskinlashgan, Toshkentdagi anjumanda qatnashishi kutilayotgan Prezident Ashraf G’ani hokimiyati nazoratni toliblarga boy bermoqda.

Barqaror Afg’oniston Toshkent surayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligi, xavfsiz transport koridorlari, dengizga chiqish yo’llarini yaratish rejasining eng muhim qismi.

Bu tashabbus doirasida Toshkent uchun Afg’onistonda hokimiyatda kim, qanday kuchlar bo’lishi emas, mamlakatda keskin nazorat o’rnatilishi muhim ko’rinadi.

Sharhlovchilarga ko'ra, O’zbekiston Afg’oniston nazorati Tolibon va Pokistonsiz amalga oshmasligini yaxshi tushunadi, shuning uchun ham Pokiston, toliblar bilan muntazam muloqotda.

Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Afg’onistonning 85 foiz hududini o’z nazoratiga olganini da’vo qilayotgan Tolibon vakillari ishtirok etadimi yo’qmi, noma’lum. Ammo rasmiy Toshkent toliblar bilan iqtisodiy hamkorlik yuzasidan muzokaralarni ancha avval boshlagan.

Qolaversa, O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tolibonga terrorchi tashkilot sifatida qaramasligini matbuotda orqali ochiq ma’lum qilgan.

O'zbekiston Tolibon bilan anchadan beri muloqotda
O'zbekiston Tolibon bilan anchadan beri muloqotda

Geosiyosiy maydonda rasmiy Toshkent o’rni kuchayadimi?

Sharhlovchi Namoz Normo’min nazarida Tolibon bilan muloqotni davom ettirayotgan Toshkent kuchlar imkoniyatini yaxshi chamalab, Afg’oniston siyosatida diqqatni toliblarga va Pokistonga qaratmoqda.

“Pokiston Janubiy Osiyodagi asosiy qudratlardan, Pokistonni Afg’onistondagi vaziyatga ta’siri esa ortiqcha izohga muhtoj emas, toliblarning asosiy tayanchi nuqtalari Pokistonda joylashgan. Shunday ekan, O’zbekiston tomoni Afg’oniston bo’yicha manfaatlarni Pokiston orqali yechish ma’qulligini yaxshi biladi. Qolaversa, AQSh boshliq G’arb qo’shinlari Afg’onistondan mutlaq chiqib ketar ekan, bu hududda geosiyosiy manfaatlar uchun kurash yangi bir bosqichga chiqadi. Pokiston qudrati tobora mustahkamlanadi. Mana hozir Turkiya ham Afg’onistonda qolish, bu yerdagi geosiyosiy jarayonga jiddiy ishtirok etish niyatida turibdi. Bu vaziyat, tabiiyki, O’zbekiston uchun ham aniq imkoniyatlar taqdim etadi, Pokiston, agar lozim bo’lsa, Turkiya bilan kelishilgan holda Afg’onistondagi jarayonlarga ishtirok etishi O’zbekistonning geosiyosiy o’lchamni yanada kuchaytiradi”, - deydi Namoz Normo’min.


Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda “Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy bog’liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” konferensiyasida qator nufuzli delegatlar qatnashadi, asosiy urg’u savdo-iqtisodiy imkoniyatlarni muhokama qilishga qaratilgan.

“Kun tartibidan savdo, investitsiyalar, transport, energetika va innovatsiyalar, “yashil” texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya bo‘yicha aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida sheriklikni kengaytirish, ikki mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan batafsil fikr almashish va birgalikda takliflar ishlab chiqish o‘rin olgan”, - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Konferensiyada Afg’oniston, Pokiston va mezbon O’zbekistondan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bosh diplomatlari va boshqa yuqori darajali rasmiylar, shuningdek, AQSh Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod boshchiligidagi delagatsiya ham qatnashishi kutilmoqda.

Tolibon so'nggi kunlarda Markaziy Osiyo bilan chegara hududlar ustidan nazoratni o’z qo’liga olgan, faqat O’zbekiston va Afg’oniston chegarasidagi “Hayraton” koridori afg’on hukumatini bevosita Markaziy Osiyo bilan bog’lab turgan yagona yo’nalish sifatida qolmoqda.

12-iyul kuni Rossiyaning Hayraton shahridagi konsulligi xodimlari O'zbekistonga olib kelingan. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining tasdiqlashicha, rus diplomatlari hozir respublika hududida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG