Breaking News

AQSh kuchlariga xizmat qilgan afg’onlar mamlakatdan ko’chiriladi


AQSh kapitani tarjimon yordamida mahalliy dindor bilan suhbatlashmoqda. Afg'onistonning Umar Zay qishlog'i, 31-oktabr, 2009.

AQSh o’z qo’shinlariga 20 yil davomida ko’makchilik qilgan minglab afg’onlar va ularning oila a’zolarini ham mamlakatdan olib chiqib ketadi. Tolibon mamlakatning katta qismini egallab, zulmni kuchaytirib borar ekan, Vashington Amerika harbiylariga yelkadosh bo’lgan shaxslarni Afg’onistonda qoldirmoqchi emas.

Oq uy 14-iyul kuni maxsus immigratsion viza taqdim etilishini kutayotgan ittifoqchilarni Afg’onistondan olib chiqish operatsiyasiga start berilganini ma’lum qildi.

“Xavfsizlik nuqtai nazaridan, Afg’onistondan olib chiqiladigan shaxslarning konkret sonini e’lon qila olmayman. Lekin shuni tasdiqlashim mumkinki, maxsus immigratsion viza uchun murojaati ko’rib chiqilayotganlarni xorijga chiqarish operatsiyasi iyul oyining so’nggi haftasidan boshlanadi. Maqsadimiz ularni AQSh kuchlarining Afg’onistondan qaytish missiyasi yakunlanishi kutilayotgan avgust oyining so’ngiga qadar xavfsiz mamlakatlarga ko’chirishga ulgurish”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

Evakuatsiya reyslari aynan qaysi mamlakatlarga rejalangani borasida rasmiylar ham sukutda. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Vashington afg’onlarga boshpana taqdim etish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog’iston, Tojikiston va O’zbekiston bilan muzokaralar olib bormoqda.

“Amerika Ovozi”ning afg’onlarni Guam hududiga ko’chirish rejalanganmi, degan savoliga Psaki quyidagicha javob berdi:

“Men manzillar ro’yxatini oshkor eta olmayman. Ko’chirilayotganlarning xavfsizligini ta’minlash ayni damda eng ustuvor va eng xavotirli masala”.

Avvaldan qochqinlarni qabul qilish manzili bo’lib kelgan Guam oroli rasmiylari afg’onlarga vaqtincha boshpana berish tashabbusini qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi 14-iyul kuni jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, afg’onlar uchun ehtimoliy manzillar aniq ekani, ularning ayrimlari AQShga qarashli bo’lmagan hududlar ekani, biroq yakuniy xulosa hanuz yo’qligini aytgan.

“Afg’onistonlik ittifoqchilarimizga berilgan va’daga muvofiq, AQSh kuchlariga xizmat qilgan 18 ming kishining barchasi oila a’zolari bilan birgalikda evakuatsiya qilinishi lozim. Viza hujjatlarining bosqichi va statusi asosida evakuatsiyani cheklash afg’on xizmatchilariga nisbatan adolatsizlik bo’ladi va Amerikaning jahondagi nufuziga yirik dog’ tushiradi”, - deydi inson huquqlari bo’yicha ekspert Jennifer Kigli.

Mamlakat shimoli va chegara punktlarida ham qo’li baland kelayotgan Tolibon Afg’oniston hududining 85 foizini egallaganini ma’lum qilgan. Bu AQSh kuchlariga xizmat qilgan afg’onlar hayoti jiddiy tahlika ostida ekanini anglatadi, deydi ekspert Liza Kyortis.

Uning ta’kidlashicha, Tolibon allaqachon afg’on uchuvchilari, jurnalistlari va huquq faollarini qatl etishga ulgurdi. Shunday ekan, Vashington evakuatsiya jarayonini zudlik bilan boshlashi va aslo kechiktirmasligi lozim.

Kyortis o’z fikrini izohlar ekan, taslim bo’lgan 22 nafar afg’on harbiylarining Tolibon tomonidan qatl etilganiga urg’u berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG