Breaking News

AQSh va O'zbekiston bosh diplomatlari Vashingtonda muloqot qildi


AQSh-O'zbekiston: Blinken, Komilov muloqoti oldidan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:48 0:00

AQSh-O'zbekiston: Blinken, Komilov muloqoti oldidan

1-iyul kuni Vashingtonda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni qabul qilgan Davlat kotibi Entoni Blinken xavfsizlik va Afg'oniston yuzasidan hamkorlikka urg'u berdi.

"O'zbekiston mintaqani birlashtirishda yetakchilik qilmoqda, xususan, iqtisodiy tizimlar va infrastruktura bog'lashda", - dedi u muloqot oldidan.

Komilov o'zaro hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyodagi vaziyat xususida gaplashmoqchi ekanini aytdi.

"Mintaqada va dunyoda ko'plab o'zgarishlar yuz bermoqda. Afg'onistondagi ahvol haqida ham fikr almashamiz", - dedi u.

Bosh diplomatlar jurnalistlarning savollariga javob bermadi.

Delegatsiya Bayden ma'muriyati bilan yaqindan tanishar ekan, inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar Bayden ma'muriyatini O'zbekistonda huquq va erkinlik targ'ibotini kuchaytirishga undamoqda.

AQSh Davlat departamenti, Vashington, 1-iyul, 2021
AQSh Davlat departamenti, Vashington, 1-iyul, 2021

Muloqot ketidan Davlat departamentining bildirishicha, Blinken Komilovga AQSh oradagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga bel bog'laganini aytgan. Davlat orasida aloqa o'rnatilganiga 30 yil bo'layapti.

Amerika O'zbekistondagi islohotlarni quvvatlar ekan, inson huquqlari va demokratiya yo'lida dadil qadamlar tashlanadi degan umidda.

Vashington O'zbekiston qo'shnilari bilan rishtalarini iliqlashtirganidan mamnun. AQSh C5+1 diplomatik platformasida Markaziy Osiyoning besh davlati bilan ishlashda davom etmoqchi. Bu tashabbusga olti yil oldin asos solingan.

Bayden ma'muriyati O'zbekistondan Afg'oniston bo'yicha hamkorlik va yordam uchun minnatdor.

Komilov, shuningdek, Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Ismatilla Irgashev AQShning bu masala yuzasidan yetakchi diplomati Zalmay Halilzod bilan muntazam gaplashib turadi. Vashingtonda ham uchrashib, oradagi hamjihatlik mustahkam ekanini ta'kidlashgan.

Bayden ma'muriyati nafaqat O'zbekiston, balki uning qo'shnilaridan ham minglab afg'onlarni, xususan yillar davomida AQShga ishlagan insonlarni vaqtincha qabul qilishni so'rayotgani haqida ishonchli ma'lumotlar bor, ammo bunday iltimos qilinayotganini hali biror tomon tasdiqlamagan.

Amerika hukumati, jumladan harbiylari bilan hamkorlik qilganlar, keskin ko'rikdan o'tkazilib, maxsus immigratsion viza orqali qabul qilinishi kerak, ammo bu jarayonlar hozir nihoyatda sekin va ularning hayotini asrash uchun Bayden ma'muriyati muvaqqat boshpana izlamoqda.

O'zbekiston va AQSh rasmiylari, Vashington, 2-iyul, 2021
O'zbekiston va AQSh rasmiylari, Vashington, 2-iyul, 2021

Blinken nazarida, Toshkentning Afg'oniston bilan iqtisodiy va siyosiy sheriklikni kengaytirayotgani bu mamlakat farovonligi yo'lida xizmat qiladi. Markaziy va Janubiy Osiyo ravnaqiga hissa qo'shadi.

O'zbekiston delegatsiyasi boshqa vazirliklar va agentliklarda ham bo'lib, rasmiylarga ko'ra, ayni damdagi rishtalar, dasturlar va loyihalarni muhokama qilmoqda, shuningdek, kelajak rejalarini tuzmoqda.

15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo orasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida yirik anjuman rejalangan. Unga AQShdan ham delegatsiya boradi.

AQSh Davlat departamenti, Vashington, 1-iyul, 2021
AQSh Davlat departamenti, Vashington, 1-iyul, 2021

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG