Breaking News

Erdog’an Kiprda ikki davlat tan olinishiga intilmoqda


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an. Kipr, 20-iyul, 2021.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anga ko’ra, Kiprda etnik turklar va greklarning ma’muriy birlashuvi imkonsiz. Orolda ikki alohida xalq va alohida davlat bo’lishi hamda tan olinishi kerak.

Ayrim ekspertlar nazdida, Erdog’anning bu chaqiriqlari O’rta yer dengizi sharqida vaziyatning keskin tus olishiga sabab bo’lishi mumkin.

20-iyul kuni Shimoliy Kipr Turk Respublikasi orolga grek to’ntarishi natijasida Turkiya qo’shinlari kiritilgan tarixiy sananing 47 yilligini nishonladi. Anjumanda Turkiya rahbari ishtirok etdi.

Orolning 36 foiz hududini egallagan bu davlatni faqat Anqara tan olgan. Dunyoning katta qismi greklardan iborat Kipr Respublikasini tan oladi.

Asosan etnik greklar istiqomat qiladigan Kipr Respublikasi orolning 57,6 foiz hududida nazorat o’rnatgan.

BMTning Kiprda bo’linishni to’xtatib, ma’muriy birlashishga doir urinishlari zoye ketgan.

Turkiya prezidenti Kipr turklari lideri Ersin Tatar (o'ngdan ikkinchi) bilan. Kipr, 20-iyul, 2021.
Turkiya prezidenti Kipr turklari lideri Ersin Tatar (o'ngdan ikkinchi) bilan. Kipr, 20-iyul, 2021.

Anjumanda so’zlar ekan, Erdog’an Kipr greklarini ma’muriy birlashish uchun noto’g’ri yo’ldan borayotganlikda aybladi.

Prezidentning aytishicha, yangi muzokaralar bo’yicha kelishuv faqat oroldagi ikki mamlakat ishtiroki, xohish-irodasi bilangina amalga oshirilishi mumkin. Buning yagona yo’li – avvalo kiprlik turklarga suveren tenglik va teng maqom ta’minlanishidir.

Kipr a’zo bo’lgan Yevropa Ittifoqi esa orolda turk davlatining tan olinishi yo’lidagi har qanday harakatga qarshi. Afina universitetidan siyosatshunos olim Jengiz Aktarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining Erdog’an pozitsiyasiga qarshi biror chora qo’llashi ehtimoldan yiroq.

“Afina va Kipr Bryusselning tishi o’tmasligini bila turib, masalani Bryusselda ko’taradi. Bryussel Anqaraga sanksiya qo’llamaydi, Anqarani jazolashni istamaydi, nima qilishni ham bilmaydi. Garchi bir necha yillar Anqarani “yumshatishga” harakat qilgan”, - deydi Aktar.

Erdog’an, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqini Kipr turklariga qarshilik ko’rsatish borasida til biriktirganlikda aybladi.

Vashington va Yevropa Ittifoqi esa BMTning Kipr orolida har ikki jamiyat huquqlari ta’minlanadigan, birlashgan davlat tuzishga doir tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash ahdida qat’iy ekanini ma’lum qilgan.

Anqarada joylashgan Tashqi ishlar instituti rahbari Huseyn Bag’chiga ko’ra, Turkiya Kiprda turk davlatining xalqaro miqyosda tan olinishi uchun kurashini jonlantiradi.

“Erdog’an joriy holatning davom etishidan manfaatdor emas. Bu uning xalqaro maydonda o’ynaydigan yana bir kartasi bo’ladi. Ko’ramiz, uning ikki alohida davlat tuzishga doir tashabbusini qancha davlat qabul qilishini. Ozarbayjon, Bangladesh, ehtimol, Pokiston ham tan olar”, - deydi Bag’chi.

Turkiyadagi ichki siyosat Erdog’an pozitsiyasiga turtki berayotgan jiddiy omil bo’lishi mumkin.

Ayrim tahlilchilar nazdida, Turkiyada iqtisod zaiflashuvi ortidan nufuzi ham pastlagan Erdog’an Kipr bo’yicha qattiqqo’l pozitsiyadan borib natsionalist saylovchilar quvvatlovini kuchaytirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG