Breaking News

Pokiston: Afg'onlar tinchligi uchun qattiq ishlayapmiz


Pokiston, AQSh va BMT diplomatlari, Doha, 10-avgust, 2021
Pokiston, AQSh va BMT diplomatlari, Doha, 10-avgust, 2021

Pokiston diplomatlari va harbiylari Afg'onistonda Tolibonni muzokara davrasiga qaytishga ko'ndirish uchun qattiq harakat qilayotganini da'vo qilmoqda. Islomobod Tolibonni zimdan quvvatlaydi, degan tanqidlarni ular rad etadi.

“Jabr chekayotgan tomonni ayblayvermang”, - deydi Moyid Yusuf, Pokiston rahbariyatining Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi.

Afg'onistondagi so'nggi 20 yillik urushda, unga ko'ra, 80 mingdan oshiq pokistonlik o'lgan, davlat 150 milliard dollardan ziyod miqdorda zarar ko'rgan.

Tolibon hozirda o'nlab shaharlar, jumladan ma'muriy markazlarni egallab olgan. AQSh va NATO kuchlari esa Afg'onistonni tark etmoqda.

Amerika treningdan o'tkazgan afg'on qurolli kuchlari ishonchni oqlay olmayapti. Ko'plab hollarda ular yo jangarilarga taslim bo'lgan yo Tolibon kelmasdan qochgan. Xavfsizlik xodimlaridan Pokiston, Eron va Tojikistonga o'tib ketganlar ham anchagna.

Pokiston hukumati ta'biricha, Tolibon Kobulda hokimiyatni egallay olmaydi, chunki afg'on armiyasi, juda bo'lmasa, u yerda ustun kelishi kerak.

Mamlakat mudofaa kuchlari to'g'ri harakat qilsa, AQSh siyosiy, harbiy va moliyaviy yordami to'xtamasa, toliblar bosimga bardosh bera olmaydi, deydi rasmiylar. Biroq janglar yaqin orada to'xtaydi, deya hech bir tomon kafolat bera olmaydi.

Qunduz ko'chalarida, 10-avgust, 2021
Qunduz ko'chalarida, 10-avgust, 2021

Kobul esa Islomobodni toliblarning liderlariga panoh berganlikda ayblaydi. Afg'onistondagi urush ular tomonidan boshqarilmoqda, deydi afg'on rasmiylari.

Prezident Ashraf G'aniga ko'ra, kamida 10 ming kishi mamlakatga Pokiston va boshqa joylardan kirib, toliblarga qo'shilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda afg'onlar Pokistonga qarshi #SanctionPakistan heshtegi bilan kampaniya olib borilmoqda. Unda faollar Pokistonni toliblarni quvvatlayotgani uchun jazolang, deya undaydi.

Pokiston bu ayblovlarni inkor etib, millionlab afg'on qochqinlarga boshpana bergani, ularni boqayotganini ta'kidlab keladi. Mamlakatda kamida uch million shunday qochoq bor. Xavfsizlik organlari ular orasida Tolibon tarafdorlari ko'p, deya taxmin qiladi.

Moyid Yusuf fikricha esa asosiy ayb afg'on liderlarida. Ochko'zlik va vijdonsizlik bugungi holatga yetakladi, deydi u.

“Agar afg'on elitasi mamlakatni yillar davomida o'marmay, xalq orasida ishonch qozonib, davlatni oyoqqa turgaza olganida bugun hayot boshqacha bo'lar edi. Boshqalarga to'nkamay, ular o'z qilmishlarini tan olsin", - deydi Pokiston rasmiysi.

“Afg'onistondagi mojaro va vayronagarchiliklarda Pokistonni ayblab, o'zini mas'uliyatdan olib qochish naqadar ahloqsizlik. Endi ijtimoiy tarmoqlarni ham qurol qilib ishlatishmoqda".

“Afg'on kuchlari uchun 1 trillion dollardan oshiq mablag' sarflangan. Ular esa janglardan qochmoqda yo taslim bo'lmoqda. Bunda Pokiston aybdormi? Yaxshi ta'minlangan va tayyorlangan kuchlar qani? Toliblar yaxshi qurollangan. Afg'onlar-chi? Trillionlab pul qayga ketdi? G'arb so'rasin uning hisobini", - deya undaydi Yusuf.

Prezident Ashraf G'ani 11-avgust kuni Mozori-Sharifga borgan
Prezident Ashraf G'ani 11-avgust kuni Mozori-Sharifga borgan

Afg'onistonning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil kommissiyasiga ko'ra, bugungi inqirozda hukumatning roli katta.

“Eng tepadagilar o'tgan 20 yil mobaynida korrupsiya va yulg'ichlikka ko'z yummaganida bugun vaziyat balki boshqacha bo'lar edi", - deydi komissiya raisi Shaharzod Akbar.

"Afg'onistonda siyosiy rahbariyat xalqni shu kunga yetakladi", - deydi u.

Pokiston 2020-yilning fevral oyida Tolibon va AQSh orasida bitim imzolangani va afg'onlararo tinchlik muzokaralari boshlanishida salmoqli hissa qo'shganini Vashington tan oladi. Biroq bu muzokaralar ish bermadi.

Pokiston nazarida AQSh bu yil chiqmasligi kerak edi. Islomobod rasmiylari deydiki, xalqaro koalitsiya bu masalani chuqurroq o'rganib, toliblarning keyingi harakatlarini ko'ra olish kerak edi.

Pokiston uchun Afg'onistonda tinchlikda yashashi nihoyatda muhim, deydi Moyid Yusuf.

“Urush qanchalik cho'zilsa, biz ham notinch bo'lamiz. Biz xotirjam yashashni istaymiz", - deydi maslahatchi.

Afg'on-Pokiston chegarasi
Afg'on-Pokiston chegarasi

O'tgan haftalarda Pokiston bosh harbiysi, general Qamar Javed Bajva Dohaga borib, Tolibon rahbariyatini urushni to'xtatishga undagan. General Kobulda Prezident G'ani bilan ham uchrashib, muzokara yo'lini izlagan.

"Biz Afg'onistonda biror tarafning yonini olmaymiz", - deydi ism-sharifi oshkor etilmasligini so'ragan rasmiy.

Islomobod qo'shni davlatda toliblar hokimiyatga qaytishini istaydi, degan taxminlarni u rad etadi.

"Kobulda hukumati zaif. Lekin biz toliblarga ham aytayapmiz: kuch bilan qudratga kelmoqchi bo'lsangiz, sizni hech kim tan olmaydi".

Pokiston o'z hududidagi afg'on qochqinlar orasida ekstremistlar borligini inkor etmaydi, ammo yuzlab mind odamlar yashaydigan lagerlarga qurolli amaliyotlar olib bormoqchi emas.

AQSh Pokistonni tinchlik yo'lida harakatlarni to'xtatmaslikka chaqirmoqda. Afg'oniston hukumati esa Islomobodning so'nggi tanqidiy bayonotlariga javob bermagan.

Vashington va Kobulga ko'ra, Pokiston orqali jangarilar oqimi to'xtamagan.

Islomobod qayd etishicha, 2600 kilometrdan oshiq chegarani mustahkamlash ishlari ketmoqda. Pokiston tomonda 1250 post bor, Afg'onistonda esa 400. Davlatlar bu borada ham kelishib olmagan.

Pokiston afg'on qurolli kuchlari, jumladan chegarachilari va havo himoyasi uchun mashg'ul qo'shinlarga yordam taklif qilgan, ammo Kobul hozircha qabul qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG