Breaking News

Turkiyada afg'onistonlik qochoqlar soni oshadimi?


Turkiyada afg'onistonlik qochoqlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00

Muhammadziyo Mullo Husayn asli Afg‘onistonning Qunduz viloyatidan. To‘rt yil avval oilasi bilan Turkiyaga kelgan, hozir Bursa viloyatida chorvachilik fermasida ishlaydi.

Tolibondan qochib, piyoda yo‘l bosib keldik, deydi u. Lekin Turkiyada ham Mullo Husayn oilasining bir qator muammolari bor: er-xotin va bir farzandga yashash ruxsatnomasi olingan, uch farzand esa hujjatsiz.

“Uch kishi uchun oldik, uch bolaga esa qurbimiz yetmadi. Xarajatlarga kuchimiz yetmadi. Ikki yil bo‘ldi, (bolalar) maktabdan qoldi. Mana shunday muammoimiz bor”, – deydi afg‘onistonlik qochqin.

Muhammadziyo hujjatlar bilan bog‘liq muammolar tezroq hal bo‘lishini, farzandlari ta’lim olishini istaydi.

“Biz o‘qiy olmadik, savodimiz yo‘q, bolaligimiz urushning ichida o‘tib ketdi. Lekin farzandlarimiz o‘qisin”, – deya orzu qiladi u.

Afg‘onistonda “Tolibon” hujumlari ortgani sayin uylarini tark etishga kirishgan aholi soni ham oshgani kuzatilmoqda. Ushbu mamlakatdagi vaziyat shundoq ham qariyb to‘rt million suriyalik qochqin yashaydigan Turkiyada yangi qochqinlar to‘lqini boshlanishi mumkin degan xavotirga sabab bo‘lyapti. Bu xavotirni ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzatish mumkin. Xalqaro qochqinlar huquqlari jamiyati raisining o‘rinbosari Enes Kafadar esa aslida afg‘onistonlik qochqinlar soni sezilarli darajada ko‘paygani yo‘q deydi.

“Turkiyadagi ko‘pgina afg‘onistonlik qochqinlarning maqsadi bu yerda qolish emas, balki Yevropaga borib, yaxshiroq hayot kechirishdir. Yevropaga bir nechta migratsiya yo‘li bor. Shulardan biri Eron va Turkiya orqali o‘tadi, shu sababli Turkiyada ko‘p sonli afg‘onistonlik qochqinni ko‘rish mumkin”, – deydi u.

Kafadarga ko‘ra, afg‘onistonlik qochqinlar asosan quruqlik orqali keladi va Turkiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tadi. Yo‘l uzoq, mashaqqatli va xavfli bo‘lgani sababli asosan erkaklar keladi, qanchadan-qanchasi yo‘lda o‘lib ketadi, deya tushuntiradi u.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya chegarasidan noqonuniy o‘tish bo‘yicha afg‘onistonliklar birinchi o‘rinda turadi. Joriy yilda 7-iyul holati bo'yicha 25 643 nafar afg‘onistonlik chegaradan qonunga zid ravishda o‘tgani uchun ushlangan.

Bursadagi Uludog‘ universiteti tadqiqotchisi Erkan Avji Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Turkiyaga qochqinlar oqimi ortganini, bu esa turk jamoatchiligida norozilik kayfiyatining kuchayishiga sabab bo‘layotganini aytadi. Avjiga ko‘ra, Turkiya Afg‘onistondan qochqin kelishini istamasa, buning uchun kerakli choralarni ko‘rishi, ya’ni u yerdagi vaziyatga aralashishi lozim. Kobul aeroportida xavfsizlikni ta’minlashdan tashqari boshqa aviabazalardan foydalangan holda Afg‘onistonning hech yo‘q muayyan hududida barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shishimiz kerak, deydi u.

“Butun Afg‘onistonda bo‘lmasa ham, aqalli o‘zbek, turkman kabi turkiy xalqlar yashaydigan shimoliy hududlarda barqarorlikni ta’minlashga harakat qilish zarur, ana shunda boshqa hududlardagi qochqinlarni u yerga yo‘naltirish mumkin. Buni qanday amalga oshirish mumkinligini, albatta, harbiy mutaxassislar yaxshiroq bilishadi. Turkiya NATO missiyasi doirasida necha yillardan beri Afg‘onistonda bo‘lib turibdi. Qolaversa, bu mamlakat bilan tarixiy rishtalarimiz bor. Xullash, nimalardir qilish, qochqinlar oqimining olidini olishga urinish kerak”, – deydi tadqiqtochi.

Ayni paytda qochqinlar oqimini to‘xtatish uchun Turkiyaning Eron bilan chegarasida xavfsizlik devori barpo etilyapti. Enes Kafadarning aytishicha, devor qochqinlar sonini kamaytirishi mumkin bo‘lsa-da, mutlaqo to‘xtatib qololmaydi.

“Chunki ortingizda o‘lim xavf solib tursa, devordan bir amallab o‘tishga majbursiz”, – deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG