Breaking News

O'zbekistonga kirgan 84 afg'on vatanga qaytariladi, "Do'stlik" ko'prigida yig'ilganlar tarqalgan


O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining tasdiqlashicha, 14-avgust kuni Afg'onistondan 84 harbiy respublika chegarasidan o'tgan va hudud himoyasi uchun mas'ul Davlat Xavfsizlik Xizmati zobitlari tomonidan ushlangan. Afg'onlar qarshilik bildirmagan. Uch nafari yaralangan bo'lgan.

"Afg‘onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o‘tkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Termiz-Hayraton chegara postining, ya'ni "Do'stlik" ko'prigining Afg'oniston tarafida harbiylar to'plangan edi. Toshkentga ko'ra, ayrimlariga insonparvarlik yordami berilgan. Biroq hozirga kelib, bu odamlar ortga qaytgan.

"2021-yil 15-avgust soat 10.00 holatiga ko‘ra, Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshadi. Xususan, ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etgan. Bunga faol siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi," - deya bildirdi O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

O'zbekiston hukumati kelganlarni Afg'onistonga qaytarish yuzasidan qo'shni tomon bilan muzokarada va Termiz-Hayraton hududida vaziyat o'nglanadi, degan umidda.

14-avgust kuni Termiz-Mozori-Sharif temiryo'l yo'nalishida ishlaydigan o'zbekistonliklar vatanga qaytarilgan.

Afg'oniston bilan chegara mahkam, tartib kuchaytirilgan, xavfsizlikni ta'minlash uchun zarur choralar ko'rilmoqda, deya bildiradi Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Yusuf Kabuljanov.

Termizda bu masala bilan shug'ullanish uchun operativ shtab tuzilgan. Unga xavfsizlik organlari a'zolari va va fuqaroviy rasmiylar kiradi.

O'zbekiston bilan tutashgan Balx viloyati, jumladan, uning eng yirik shahri Mozori Sharif Tolibon qo'liga o'tgach, yuzlab odamlar respublika chegarasi tomon yo'nalib, harbiy va fuqaro mashinalarida hamda piyoda "Do'stlik" ko'prigi orqali chegaradan o'tishga intilgan. Aksariyati qabul qilinmagan.

BMT Afg'oniston atrofidagi davlatlarni urushdan qochgan afg'onlarga insonparvarlik yordamini ko'rsatishga chaqirmoqda.

AQSh 5000 ming askar safarbar etib, o'z xizmatchilari va fuqarolarini olib chiqmoqda. Boshqa davlatlar ham shunday harakatda.

Kobul Tolibon bilan Dohada muzokarada ekani ma'lum. Vashington hamon siyosiy murosadan umidini uzmagan.

Oq uy Tolibon AQSh manfaatlariga tahdid solsa, keskin javob beriladi, deya ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG