Breaking News

Cheklovlar sababli xitoylik talabalarga viza berilmayapti


Pekindagi AQSh elchixonasi
Pekindagi AQSh elchixonasi

Pandemiya tufayli so’nggi semestrni internet orqali o’qigan xitoylik Van Zivey sentabrdan boshlab AQShga qaytishni ko’zlayotgan edi. Ammo 23 yoshli talaba AQShga kirish uchun olgan vizasi bekor qilinganidan xabar topdi.

Van sobiq prezident Donald Tramp joriy qilgan tartib asosida viza ololmagan kamida 500 xitoylik talabadan biri. Tramp farmoniga ko’ra, harbiy maqsadda ishlatilishi mumkin bo’lgan texnologiyalarning o’zlashtirilishini to’xtatish maqsadida ba’zi toifadagi xitoyliklarni AQShga kiritmaslik belgilangan.

“Bu mantiqsizlik, - deydi Van. – Moliya o’qiydigan biz talabalarning harbiylar bilan nima aloqamiz bor?”

AQShda o’qigan ko’plab xitoylik talabalar AQSh-Xitoy ziddiyati markazida turgan texnologiya va xavfsizlik kompaniyalari tomonidan ishga yollanishi aytiladi.

Yangi tartibga ko’ra, Xitoy Kommunistik partiyasining harbiy qanotiga yoki Xitoy harbiy sanoati uchun ishlayotgan universitetlarga aloqador deb ko’rilgan shaxslarga viza berilmaydi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, minglab xitoylik talabalar tibbiyot, kompyuter texnologiyalari va boshqa sohalardagi nozik ma’lumotlarni Xitoyga o’tkazish bilan shug’ullanadigan davlat dasturlarida ishtirok etadi.

Pekin harbiy texnologiyalarini yanada rivojlantirish uchun xususiy kompaniya va universitetlar yordamidan keng foydalanmoqda, deya da’vo qiladi Vashington.

“Qo’shma tadqiqot institutlari, akademik markazlar va xususiy kompaniyalar Xalq Ozodlik armiyasining kelajak harbiy tizimlarini yaratishga safarbar etilmoqda. Bu ko’pincha ularning roziligi va xabarisiz amalga oshadi”, - deyiladi AQSh Davlat departamenti o’tgan yili chiqargan bayonotda.

Amaldagi Prezident Jo Bayden Xitoy masalasida bundan buyon qanday yo’l tutishi hali aniq emas.

Xitoy rasmiylari iyul oyida AQShga qilgan tashrifi davomida viza bo’yicha qo’yilgan cheklovlarni bekor qilishni so’ragan.

Bu tartib AQShning milliy xavfsizlik bo’yicha manfaatlarini himoya qilish uchun muhim, deydi AQShning Pekindagi elchixonasi. Ayni paytda cheklovlar tor doirada ekani aytiladi. Elchixona ma’lumotiga ko’ra, so’nggi to’rt oy ichida 85 mingdan ortiq xitoylikka talaba vizasi berilgan.

“Raqamlar aniq ko’rsatib turganidek, AQSh haqdor bo’lgan barchaga, xususan, talabalar va tadqiqotchilarga viza berishga tayyor”, - deyiladi elchixona chiqargan bayonotda.

Xitoy AQShga eng ko’p xalqaro talaba jo’natadigan mamlakat hisoblanadi. O’tgan yili xitoylik talabalar soni 20 foizga qisqarib, 380 mingni tashkil etgan, ammo shunda ham ikkinchi o’rindagi hindistonlik talabalar sonidan qariyb ikki barobar ko’p.

Samolyot ishlab chiqaruvchi davlat korxonasida muhandis bo’lib ishlovchi Huan Kaliforniyada saraton xastaligini o’rganayotgan xotini bilan birga ketish uchun ariza topshirganda, vizasi rad etilganini aytadi.

U Xitoy Texnologiya va Sanoat vazirligi bilan aloqador oliy o’quv yurtida o’qigani uchun vizasi rad etilgan bo’lishi mumkin.

“Haqoratlangandek bo’ldim. Bu dargohda o’qigan bo’lsam, mening josus ekanimni bildiradimi? Bu ayirmachilik emasmi?” – deydi u.

Huanning aytishicha, rafiqasi 2-3 yil tadqiqot olib borishi lozim edi. Ammo endi o’z karyerasini qurbon qilib, buni bir yilga tushirishga majbur; chunki u ikki bolasidan bunchalik uzoq ayrila olmaydi, deydi AQShga viza ololmagan xitoylik.

Van ham Texnologiya va Sanoat vazirligiga aloqador ko’riladigan Pekin Texnologiya institutini bitirgan. U viza olgan, ammo keyinroq elchixonadan qo’ng’iroq qilishib, vizasi bekor qilinganini aytishgan.

Xitoy oliy o’quv yurtlar kiritilgan qora ro’yxatda yana Pekin Aeronavtika universiteti, Nankin Fan va Texnologiya universiteti, Nankin Aeronavtika va Kosmonavtika universiteti, Xarbin Muhandislik universiteti hamda Shimoli-g’arbiy Politexnika universiteti bor.

O’tgan yili Kaliforniya va Indianada tadqiqot olib borayotgan besh xitoylikka qarshi ish ochilgan edi. Ular harbiylarga aloqadorligini yashirish maqsadida yolg’on ma’lumot berganlikda ayblandi. Federal Qidiruv byurosi bayonotida bunday tarzda noto’g’ri ma’lumot berishning texnologiya o’g’irlanishiga aloqasi yo’qligi aytilgach, ayblovlar bekor qilindi.

Xitoy hukumati uch talaba vizasi bo’laturib Xyuston aeroportidan AQShga qo’yilmagani yuzasidan avgust oyida shikoyat bildirdi. Tabalarning kiritilmasligiga ularning telefonlarida harbiy xizmatga oid suratlar topilgani sabab bo’lgan.

Bu orada 2000 dan ortiq xitoylik talabani o’z ichiga olgan guruh viza cheklovlariga oid tartib doirasini toraytirish yoki uni butunlay bekor qilishni so’rab AQSh sudiga murojaat qilishni rejalayotganini bildirdi.

Sent-Luisdagi Vashington universiteti vizasi bekor qilingan talabalar onlayn o’qishni davom ettirishi yoki keyingi yilgacha kutishlari mumkinligini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG