Breaking News

AQSh afg'onistonlik qochoqlarni qabul qilishni boshladi


Afg'onistonlik qochoqlar saqlanayotgan harbiy baza, Nyu-Meksiko, AQSh, 2021-yil, 10-sentabr

Bayden ma'muriyati chorshanba kuni Afg’onistondan olib kelingan muhojirlarning birinchi guruhini turli shtatlarga joylashtirish bo’yicha gubernatorlarga ko’rsatmalar jo’natishni boshladi. Birinchi bosqichda 37 mingga yaqin qochoq AQShga joylashtirilishi kutilmoqda.

Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, Kaliforniya boshqa shtatlarga qaraganda ko'proq - 5200 kishini qabul qiladi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Alabama va Missisipi shtatlari 10 tadan odam oladi. Gavayi, Janubiy Dakota, G'arbiy Virjiniya, Vayoming va Kolumbiya okrugiga birinchi guruhdan hech kim kelib o’rnashishi belgilanmagan.

Ma'muriyat shu oyning oxirigacha 65 ming, 2022-yilning sentabriga qadar 95 ming afg'onni AQShga joylashtirish uchun Kongressdan qo’shimcha mablag’ so'radi.

Ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi 20 yil ichida AQShning Kaliforniya, Merilend, Texas va Virjiniya shtatlariga eng ko’p afg’onistonliklar kelib o’rnashgan. Shimoliy Virjiniya, Merilend va Kaliforniyaning shimoli mamlakatda uy-joy eng qimmat hududlar bo’lishiga qaramay, ko’plab afg’onlar shu hududlarga joylashishni xohlaydi.

Chunki bu shtatlarda ko’plab muhojirlarning oilalari va yaqinlari hamda katta miqdorda afg’on jamoasi yig’ilgan.

Rasmiylarning aytishicha, Afg'onistondan evakuatsiya qilinganlarga mamlakatning boshqa joylari, jumladan, ish o'rinlari ko'p va uy-joylar arzonroq hududlar tavsiya qilingan.

Afg'onistonlik muhojirlar AQShga qabul qilinishidan oldin xavfsizlik nazoratidan o’tadi. Bundan tashqari, Qo'shma Shtatlarga kelgandan keyin ular maxsus sog'liqni saqlash tekshiruvidan o'tadi. 12 yosh va undan katta bo'lganlar mamlakatga kirgandan so'ng COVID-19 ga qarshi vaksina olishi majburiy qilingan.

Jarayon butunlay silliq kechayotgani yo’q. Uchinchi mamlakatlarda vaqtincha bo’lib turganlarni AQShga ko’chirish ishlari yaqinda Amerikaga kirib kelgan bir necha muhojirda qizamiq aniqlanishi ortidan to’xtatildi.

Agar Kongress allaqachon AQSh hududiga kirib kelgan afg’onlarga qochoq maqomini berish haqidagi tartibni ma’qullamasa, ular yana yangi muammolarga duch kelishi mumkin.

Afg'onistondan evakuatsiya qilinganlar hozirda oziq-ovqat dasturi, kam ta'minlangan oilalarga vaqtincha beriladigan moliyaviy yordam, “Medicaid” tibbiy sug’urtasi yoki qochqinlarga beriladigan boshqa an’anaviy xizmatlardan foydalana olmaydi.

Afg’onistondan olib kelingan har bir muhojirga bir martalik 1225 dollar yordam puli berish belgilangan. Bayden ularga qochqinlar bilan bir xil imtiyozlar berilishi uchun Kongressni chora ko'rishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG