Breaking News

TIV: O'zbekiston Afg'onistondan qochqin qabul qilmaydi


O'zbekiston-Germaniya muzokaralari, Toshkent, 30-avgust, 2021

Bugun Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasni qabul qilib, Afg'oniston bo'yicha hamkorlikni muhokama qilgan O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hukumat qo'shni davlatdan evakuatsiya ishlarida yordamlashishda davom etishini, ammo chegara yopiq ekani va qochqinlarni qabul qilmasligini e'lon qildi.

"Hozirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktidan quruqlik orqali o‘tish amalga oshirilmayapti. Yaqin orada O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktini ochish ko‘zda tutilmagan. Chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar, ularning sabablaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bartaraf etiladi".

Vazirlikka ko'ra, O‘zbekiston qator davlatlarga oxirgi 12 kun ichida Afg‘onistondan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatgan. "Ularning mamlakatimizga kelishi va O‘zbekistonni tark etishi faqat havo yo‘li orqali amalga oshirildi", - deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston o'z hududida afg‘on qochoqlarini qabul qilmaydi, faqat tranzitda yordam ko‘rsatiladi va ularning mamlakatda qat’iy cheklangan vaqtda bo‘lib turishiga ruxsat beradi.

O‘zbekiston "Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda qo‘shni mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligini yana bir bor ta’kidlaydi", - deyiladi bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG