Breaking News

Hisobot: Tolibon inson huquqlari bo'yicha yutuqlarni yo'q qilmoqda


Tolibon jangchilari, Kobul, Afg'oniston, 2021-yil, 11-sentabr

Dushanba kuni e'lon qilingan yangi hisobotda Afg'oniston inson huquqlari bo’yicha so'nggi yigirma yil ichida erishgan yutuqlar Tolibon tomonidan yo’qqa chiqarilayotgani haqida xabar beriladi.

Xalqaro amnistiya, Xalqaro Inson Huquqlari Federatsiyasi (FIDH) va Qiynoqlarga qarshi jahon tashkiloti (OMCT) birgalikda chiqargan hisobotda aytilishicha, Tolibon harakati hokimiyatga kelishi bilan inson huquqlarini cheklashni boshlagan.

Tolibon barcha afg'onlarning huquqlari birdek hurmat qilinishi haqida bir necha bor va'da berganiga qaramay, hisobotda qayd etilishicha, ayollar, so'z erkinligi va fuqarolik jamiyatiga cheklovlar qo'yilgan.

"Tolibon Afg'oniston ustidan nazoratni qo'lga kiritganidan buyon besh haftadan ko'proq vaqt mobaynida inson huquqlarini himoya qilish yoki hurmat qilish bilan jiddiy shug'ullanmasligi yaqqol ko'rindi. Biz allaqachon ayollarga qarshi hujumlar va cheklovlaridan tortib, namoyishlarni bostirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini cheklashcha bo'lgan zo’ravonliklar to'lqinini ko'rdik”, - deydi Xalqaro amnistiya tashkilotining Janubiy Osiyo bo'yicha direktori o'rinbosari Dinushika Dissanayake.

Hisobotda aytilishicha, Tolibon Afg'oniston poytaxti Kobulga bostirib kirib, deyarli butun mamlakat ustidan o'z nazoratini o'rnatgan kundan boshlab huquq himoyachilariga hujumlar “deyarli har kuni” yuz bergan.

"Toliblar uyma-uy yurib, huquq himoyachilarini qidirmoqda; ko'pchilikni yashirinishga majbur qilmoqda", - deyiladi hisobotda.

Yana unda qayd etilishicha, bu ma’lumotlar Afg'onistonda sodir bo'layotgan voqealarning kichik bir ko’rinishi bo'lishi mumkin. Chunki qo'rquv muhiti, ko'p joylarda mobil aloqaning yo'qligi va Tolibon kuchlari tomonidan internetning to’sib qo’yilgani to’liq ma’lumot olish imkonini bermaydi.

"Xalqaro hamjamiyat o'z insoniy va siyosiy majburiyatlarini bajarishi kerak va o'z hayotini inson huquqlari, gender tengligi, qonun ustuvorligi va demokratik erkinliklarni himoya qilishga bag'ishlagan insonlarni o’z holiga tashlab qo’ymasdan, qanday qilib bo’lsa-da himoya qilishi lozim", - deydi Qiynoqlarga qarshi jahon tashkiloti dasturi rahbari Delfin Rekulu.

Tolibon vakillari bu ayblovlarga hozircha izoh bergani yo’q.

Dushanba kuni Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg’onistonda Ayollar ishlari vazirligi yopilganini va uning o'rniga axloqni targ'ib qiluvchi va qonunbuzarliklarning oldini oladigan yangi vazirlik tashkil etilganini tasdiqladi.

Afg'onlar: Odamdek yashashni xohlaymiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:44 0:00

Ayollar iqtisodiy ahvolini yaxshilash va qishloq joylarni rivojlantirishga qaratilgan 100 million dollarlik Jahon banki loyihasida ishlayotgan xodimlar shanba kuni vazirlik binosidan chiqarib yuborildi, deydi shu dasturda ishlagan Sharif Axtar.

“Baxtar” davlat axborot agentligining Mujohidga iqtibos keltirgan holda “Twitter”da yozishicha, vazirlikning ayol xodimlari boshqa hukumat idoralariga ishga joylashtiriladi.

"Endi ayollarning islomiy huquqlari joriy etiladigan va ta’minlanadigan zamonaviy tashkilotni yaratish harakatlari olib borilmoqda", - dedi Mujohid.

Mujohid qizlarning umumta'lim maktablarida o'qishi taqiqlangani haqidagi da'volarni rad etdi. Uning so'zlariga ko'ra, o'g'il bolalar o'qishni qayta boshlagan bo'lsalar -da, o’quvchi qizlar maktablarga xavfsiz qatnashini ta’minlash uchun ularga maxsus transport tizimi tashkil etilmoqda.

Ta'lim vazirligi o'tgan shanba kuni 6 -sinfdan 12-sinfgacha bo'lgan o’g’il bolalar va o'qituvchilarga darslarini davom ettirishga ruxsat bergan edi. Bu ko’rsatmada qizlar tilga olinmagan. Bu esa qizlarning ta'lim olishi yana bir bor taqiqlanishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Tolibon 1996-yildan 2001-yilgacha hokimiyatda bo'lgan davrda ayollarga erkak qarindoshisiz uydan chiqishni va maktabda qizlarning ta’lim olishini taqiqlab qo'ygan edi.

Tolibon, shuningdek, Afg'onistonning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil komissiyasini (AIHRC) tarqatib yubordi. Ayni paytda komissiya a'zolariga nisbatan korrupsiya ayblovlari bo'yicha tergov boshlangan.

Komissiyaning tarqatib yuborilishi u Tolibonni o'z bayonotida inson huquqlarini himoya qilishga, komissiya ishi va xodimlari mustaqilligini ta’minlashga chaqirishidan bir kun o’tib yuz berdi.

Tolibon, bundan tashqari, Kobul shahar hokimiyatida ishlovchi ayol xodimlarga uyda qolishni buyurgan. Erkaklar o'rnini bosa olmaydigan ishlardagina ayollarning kelishiga ruxsat berilgan.

"Bir tomonlama tanqid"

Amerika Qo'shma Shtatlari va boshqa davlatlar Tolibondan inklyuziv hukumat tuzishni, inson huquqlarini hurmat qilishni va xalqaro izolyatsiyada qolmaslik uchun mo’tadil islomiy boshqaruvni joriy etishni so’ramoqda.

Mujohid o’z navbatida xalqaro hamjamiyatni Tolibonning yangi hukumatini tan olishga va Kobuldagi inson huquqlari holatini "bir tomonlama" tanqid qilishni to'xtatishga chaqirdi.

Tolibon so'zlovchisi Zabuhulloh Mujohid
Tolibon so'zlovchisi Zabuhulloh Mujohid

"Agar bizni tan olishmasa va huquqlar buzilishi ustidan tanqid qilishsa, biz buni bir tomonlama yondashuv deb o'ylaymiz. Ular bizga mas'uliyatli munosabatda bo'lsa va hozirgi hukumatimizni mas'uliyatli ma'muriyat sifatida tan olsa, maqsadga muvofiq bo’lardi", - dedi Mujohid Afg'onistonning “TOLO” xususiy telekanaliga bergan intervyusida.

"Shundan so'ng ular o'z xavotirlarini qonuniy ravishda biz bilan baham ko'rishlari mumkin va biz ularning bu xavotirlariga e’tibor qaratamiz", - deya qo’shimcha qildi Tolibon vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG