Breaking News

AQSh Afg’onistonda endi nimalarni ko'zlamoqda?


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu hafta Kongressda so’zlab, Bayden ma’muriyatining Afg’onistonni tark etish qarorini himoya qildi. Bosh diplomat bu mamlakatdagi vazifalar haqida so’zladi.

Amerikaliklarga va xavf ostida bo’lgan afg’onlarga yordam

Blinkenning aytishicha, AQSh Afg’onistonda qolgan 100 nafarcha amerikalikka hamda xavf ostida bo’lgan afg’onlarga, agar istasalar, mamlakatni tark etishiga yordam berish uchun “tinimsiz harakatlarni” davom ettirmoqda.

“Bu kabi operatsiyalarga nisbatan terror tahdidi borligi uchun” Davlat departamenti qochishga urinayotgan afg’onlar soni haqida ma’lumot bermaydi.

Evakuatsiya jarayonidan xabardor manbaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kamida 1300 afg’on va AQShga aloqador shaxslar Kobul aeroporti va yoki quruqlik transporti orqali chiqib ketmoqchi. Taxminan 8200 kishi uchishni kutayotgan charter reyslar orqali Mozori Sharif aeroporti orqali ketmoqchi.

“AQSh bu samolyotlar osmonga ko’tarilishi uchun barcha bosim vositalarini ishga solmoqda”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi.

Ammo evakuatsiyaga yordam berayotgan tomonlar AQSh hukumatini “quruq va’dalar berayotganlikda” ayblamoqda.

"Kunlar o’tishi bilan, 704 yo’lovchimiz uchun vaziyat og’irlashishi bilan, siyosiy va’dalarga ishonish qiyin", - deydi gumanitar ishlar bilan mashg’ul Hazami Barmada.

U bir necha haftadan beri Amerikaning 9 fuqarosi, Amerikada doimiy yashovchi yana 9 odam va maxsus viza olgan 170 kishiga ko’maklashmoqda. Guruh samolyoti Mozori Sharifdan ko’tarilishi uchun haligacha ruxsat yo’q.

Tolibon bilan diplomatik aloqa

AQSh va boshqa G’arb davlatlari diplomatik faoliyatini Kobuldan Qatarga ko’chirgan. Blinkenga ko’ra, AQSh ittifoqchilari va sheriklari bilan kelishgan holda Qatar poytaxtidan Tolibon bilan aloqa qilishga tayyor.

“Bu bizning manfaatlarimizni olg’a suradimi, yo’qmi, shunga bog’liq”, - deydi u.

Harbiy aralashuv yaqin kelajakda ta’sir kuchiga ega emas ekan, “terrorchi guruh bilan qanday diplomatik munosabatda bo’lish” masalasi o’rtaga chiqadi, deydi siyosatshunos Brayn Otul. Uning fikricha, tegishli bosim vositalari bilan birgalikda diplomatiya ish berishi mumkin.

Bunday vositalarga avvalgi afg’on hukumatining AQSh banklarida muzlatilgan 9,5 milliard dollarlik aktivlari, AQShning global moliya bozoridagi ustunligi, sanksiyalar tahdidi va savdo cheklovlari kiradi. Rag’batlantiruvchi vositalarga esa xalqaro yordam, byudjet bo’yicha ko’mak va Tolibon hukumatini tan olish takliflari kiradi.

Blinkenning aytishicha, AQSh Tolibonga ta’sir ko’rsata oladigan asosiy davlatlar bilan muloqotda. Bu harakatlarni muvofiqlashtirish uchun o’tgan hafta 22 davlat vazirlari, shuningdek, NATO, Yevropa Ittifoqi va BMT yig’ilishiga Blinken boshchilik qilgan.

“Yumshoq kuch” yondashuvining samarasi, shuningdek, toliblar o’zini ekstremistik guruh sifatida tutishda davom etadimi yoki qaysidir ma’noda Afg’onistonni xalqaro hamjamiyatning bir qismi sifatida boshqaradimi, degan savolga bog’liq.

Hozir bu savolga javob yo’q, deydi tahlilchi Maykl Oxanlon. Inklyuziv hukumat tuzish va’dalariga qaramasdan, ular tuzgan muvaqqat hukumatga faqat erkaklar va guruhning azaliy a’zolari kirgan. Ular G’arb bilan kelishishni emas, harakatning ichki birligini saqlab qolish haqida ko’proq qayg’urishi mumkin.

Boshqa tarafdan, AQSh Afg’onistondan 124 ming odamni evakuatsiya qilishida Tolibon ko’p jihatdan hamkorlik qildi.

“Mamlakatimiz bosib olinganida bir-birimizga dushman edik”, - deydi Tolibon so’zlovchi Suhayl Shahin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning aytishicha, toliblar jang maydonidagi sobiq dushmani bilan “yangi sahifa” ochgan va Afg’onistonni qayta qurishga ko’maklashish AQShga bog’liq.

Oxanlon nazarida hozircha Tolibon Vashingtonga yordam berishni o’zi uchun manfaatli deya hisoblamoqda.

“Ular oldingi jangda g’alaba qilgan bo’lsa ham, Qo’shma Shtatlar bilan harbiy jangga kirishishni xohlamaydi”, - deydi u.

Ta’sir vositalari

Vashington oldidagi ustuvor vazifa – Afg’oniston AQShga qarshi hujumlar rejalaydigan terror o’chog’iga aylanmasligini ta’minlash. Ammo AQSh razvedkasi endi al-Qoida va “Islomiy davlat Xuroson” kabi guruhlarni yaqindan kuzata olmaydi.

“Chiqib ketar ekanmiz, mamlakat ichida qo’shinlarsiz, infrastrukturasiz, Afg’oniston hukumatisiz, razvedka ma’lumotlarini yig’ish salohiyatimiz pasaygani shubhasiz”, - deydi Milliy razvedka idorasi rahbari Avril Xeyns.

Endilikda AQSh boshqa vositalarga, mamlakat tashqarisidan havodan kuzatuv olib borish va dronlar orqali terror tahdidlarini aniqlash va yo’q qilish qobiliyatiga tayanadi. Xuddi shunday yondashuv AQShning harbiy kuchlari bo’lmagan joylarda ham qo’llaniladi, deydi Blinken.

Lekin bu mamlakatlarda AQSh yaqin atrofdagi sherik davlatlardan yoki harbiy bazalardan biroz logistik yordam oladi.

“Somali masalasida Keniyada bormiz. Suriya bilan shug’ullanish uchun Iroq va Turkiyada bormiz. Yamanga kelsak, yaqin atrofdagi suvlarga yo’l ochiq yoki kerak bo’lsa Arabiston yarim orolida inshootlarimiz bor, – deydi Oxanlon. – Lekin Afg’onistonda dengizga chiqa oladigan oson yo’limiz yo’q, Tolibonni kuzatishda bizga yordam berishdan manfaatdor davlat ham yo’q”.

Afg’oniston bilan chegaradosh olti davlatning hech birida Amerika bazalari yo’q. Eng yaqin baza 1600 kilometr masofada, Birlashgan Arab Amirliklarida bo’lib, evakuatsiyaning so’nggi kunlarida dronlar o’sha yerdan uchgan va “Islomiy davlat Xuroson” guruhiga qarshi hujumlarni amalga oshirgan.

Vashingtondagi Vilson markazida Yaqin Sharq dasturlari rahbari Jeyms Jeffri fikricha, Vashington uchun eng yaxshi variant – Pokiston bilan muloqot.

“Tolibonni qo’llab-quvvatlagani uchun Pokiston bilan ziddiyatda edik. Ammo Tolibon endi de-fakto dushman emas. Umumiy strategiyamiz doirasida pokistonliklarni ularning hududidan IShID va al-Qoidaga zarba berishga majburlashimiz kerak”, - deydi u.

Vashington Islomoboddan qanchalik yordam ola bilishi noaniq.

“Pokistonda bazalarni joylashtirishga, Afg’onistonga nisbatan bizning hududdan qandaydir harakatlar olib borishga ruxsat bermaymiz”, - degan edi Bosh vazir Imron Xon iyun oyida.

Shu oy boshida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Vilyam Berns Pokiston va Hindistonga borib, Afg’onistonni muhokama qilgan.

Afg’oniston xalqiga yordam

Shu hafta Bayden ma’muriyati Afg’onistonga 64 million dollarlik gumanitar yordam jo’natishini e’lon qildi. Joriy moliyaviy yilda afg’on xalqiga ko’mak hajmi 330 million dollarga yetadi.

Davlat kotibi Entoni Blinken yordam Tolibon orqali emas, nohukumat tashkilotlar va BMT idoralari orqali yetkazilshini ma'lum qildi.

“64 million dollarlik yordamni havodan tashlab, uddalasa bo’ladi. Tolibon havo hududini nazorat qilmayapti”, - deydi siyosatshunos Brayn Otul. Ammo katta yordam paketlarini hokimiyatdagilar ruxsatisiz tarqatish qiyin bo’ladi.

“Yordam karvonlari, quruqlikdagi yo’llar haqida gap ketganda, Tolibonnni chetlab o’tolmaysiz”, - deydi u.

Boshqa masalalar

Afg’oniston Bayden ma’muriyati uchun birinchi yirik tashqi siyosiy inqiroz bo’lsa-da, asosiy e’tibor ichki masalalarda, deydi tahlilchi Aron Deyvid Miller. “Shu nuqtai nazardan bu krizisdan tezroq o’tib olishi xohishi bor”, - deydi u.

Ommaviy so’rovlarga qaraganda, amerikaliklarning asosiy e’tibori pandemiya, majburiy vaksinatsiya, infrastrukturani yangilash va qarz chegarasi kabi masalalarda.

“Boshqa mavzular shunchalik ko’pki, Afg’oniston chetda qolib ketsa ham hayron bo’lmayman, – deydi jamiyatshunos Karlin Bouman. – Shunisi aniqki, 2022-yilgi oraliq saylov yaqinlashganda respublikachilar saylovchilarga Afg’onistonda nima bo’lganini eslatadi”.

So’nggi so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 56 foizi Baydenga tashqi siyosat bobida past baho beradi, 61 foizi prezident Afg’onistondan chiqishni uddalay olmaganini aytadi. Ammo aksar amerikaliklar AQSh Afg’onistonni tark etganini qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG