Breaking News

Tolibon xalqaro aviakompaniyalarni Kobulga parvozlarni boshlashga chaqirdi


Kobul xalqaro aeroporti, 2021-yil, 10-sentabr

Tolibon hukumati Kobuldagi xalqaro aeroport to’liq ishga tushirilganini aytib, xalqaro havo kompaniyalarini Kobulga aviaqatnovlarni boshlashga chaqirdi.

Amerika va ittifoqchilar qo'shinlari Afg'onistondan chiqib ketishi hamda G'arb tomonidan qo'llab-quvvatlangan Afg'oniston hukumati qulashi ortidan Tolibon avgust o’rtalarida mamlakatda nazoratni qayta qo'lga kiritgan edi.

Tolibon poytaxtni egallab olganidan keyin AQSh yetakchiligida o'n minglab chet elliklar va minglab afg'onlar shoshilinch ravishda Kobuldan evakuatsiya qilindi. Bu orada Kobul aeroporti barcha tijoriy reyslar uchun yopildi.

Tartibsiz evakuatsiya paytida aeroportga zarar yetgan. Keyinroq Qatar yordami bilan aeroport cheklangan miqdordagi yordam va charter yo'lovchi reyslari uchun qayta ochildi.

"Kobul xalqaro aeroportidagi muammolar hal qilinib, aeroport ichki va xalqaro reyslar uchun to'liq ishga tushgani bois Afg’oniston islom amirligi barcha aviakompaniyalar bilan to'liq hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildiradi", - dedi Tolibon Tashqi ishlar vazirligining yangi tayinlangan so’zlovchisi Abdul Qahhor Balxiy.

Balxiyning ta'kidlashicha, xalqaro reyslarning to'xtatilishi ko'plab afg'on fuqarolarini qamalda qoldirgan.

"Aksariyati ayollar, bolalar, talabalar, bemorlar va savdogarlardan iborat ko’plab afg’onlar erkin safar qila olmayapti. Bundan tashqari, xorijda ish bilan band bo'lgan yoki chet elda ta'lim olayotgan ko'plab afg'on fuqarolari hozir o'z manzillariga yetib borishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, - dedi Balxiy.

Pokiston Xalqaro Havo Yo'llariga qarashli samolyot Kobul xalqaro aeroportida.
Pokiston Xalqaro Havo Yo'llariga qarashli samolyot Kobul xalqaro aeroportida.

Pokiston Xalqaro Havo Yo'llari (PIA) vakilining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, davlat tashuvchisi Islomoboddan Kobulga tijorat reyslarini qaytadan boshlashga tayyor, biroq ishni boshlash uchun joydagi sharoitlar hanuz talab darajasida emas va "sug'urta stavkalari juda yuqori”.

Tolibonning xorijiy aviakompaniyalardan o'z reyslarini qayta tiklashni so'rashi islomiy hukumat og'ir iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashayotgan va xalqaro darajada tan olinish uchun diplomatik sa'y-harakatlarni kuchaytirgan bir paytda yuz bermoqda.

Islomiy harakat hokimiyatga qaytishi ortidan Vashington Afg’onistonning AQSh zaxiralarida saqlanayotgan milliardlab dollar pulini muzlatib qo’ydi; Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Tolibon hukmronligi ostida asosiy inson huquqlari taqdiridan xavotirlanib, muhim moliyalashtirish dasturlarini to'xtatdi.

Jahon hamjamiyati Tolibon bilan to'g'ridan -to'g'ri aloqa o’rnatishga shoshilmayapti. Aksincha, Tolibon inson huqlarini hurmat qilish va’dalarini qanchalik bajarishini kuzatmoqda.

90-yillar o’rtalarida Afg’onistonni bir muddat boshqargan Tolibon shafqatsiz adliya tizimini joriy qilgan, ayollarni ishlash va jamoat joyida yurish, qizlarni esa ta'lim olish huquqidan mahrum qilgan edi.

Toliblar bu safar bag'rikengroq boshqaruv o’rnatishga, inson huquqlariga, ayniqsa, ayollarga hurmat ko'rsatishga va Afg'onistonni yana xalqaro terrorchilar panohiga aylanishiga yo'l qo'ymaslikka va'da bermoqda.

Xitoy, Rossiya va qo'shni Pokiston Tolibon bilan allaqachon aloqa o’rnatib, butun dunyoni afg'onlarning gumanitar ehtiyojlarini qondirishga yordam berishga chaqirdi.

Bu davlatlar, shuningdek, Afg'oniston aktivlarini muzlatmaslikni, notinch mamlakatda iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun sanksiyalarni olib tashlashni so’ramoqda. Ayni paytda Tolibon o’z majburiyatlarini bajarmaguncha ular yangi hukumatni tan olishni ortga surib turibdi.

Xitoyning Kobuldagi elchisi yakshanba kuni Tolibon Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashib, Pekin bu mamlakatga yordam berishga tayyor ekani haqidagi va’dani yana bir bor tilga oldi.

Uchrashuvdan keyin chiqarilgan tvitda Balxiyning aytishicha, elchi Van Yu "Afg'oniston bilan gumanitar yordam va hamkorlik zarurligini hamda ikki mamlakat o'rtasidagi savdoni kuchaytirish kerakligini ta'kidlagan”.

Shanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi chiqishida Tolibonni "hozirgi paytda xalqaro miqyosda tan olish masalasi muhokama qilinmayotganini” aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, Kobuldagi hukumat "afg'on jamiyatining barcha qatlamini - etnik-diniy va siyosiy kuchlarni hozircha aks ettira olgani yo’q".

Lavrovning ta'kidlashicha, Moskva, Vashington, Pekin va Islomobod Tolibon o’z va'dalarini bajarishini ta’minlash uchun birgalikda ishlamoqda.

"Eng muhimi, ular e'lon qilgan va'dalarning bajarilishini ta'minlashdir, - dedi Rossiya bosh diplomati. - Biz uchun eng dolzarb masala hozir shu."

O'z navbatida Tolibon rasmiylari yangi hukumatni himoya qilib, uning tarkibiga barcha etnik guruh vakillari kirganini hamda “tez kunda” ayollar ham jalb qilinishini bildirdi. Ayni paytda ular chet el bosimi ostida hukumatda hech qanday o'zgarish qilmasliklarini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG