Breaking News

Turk kengashida Afg'oniston masalasi muhokama qilindi


Turkiy kengashning Istanbulda o'tgan yig'ini, 2021-yil, 27-sentabr
Turkiy kengashning Istanbulda o'tgan yig'ini, 2021-yil, 27-sentabr

Turk tilli davlatlar kengashi tashqi ishlar vazirlari Istanbulda Afg’onistondagi vaziyatni, jumladan, mamlakatdagi turkiy xalqlar masalasini ham muhokama qilgan.

Navbatdan tashqari chaqirilgan majlisda Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha qo’shma bayonot imzolangan.

Turkiy xalqlar (o’zbeklar, turkmanlar, hazoriylar va boshqalar) Afg’oniston aholisining yirik qismini tashkil etadi. Afg’oniston ziddiyatida esa etnik masala, mamlakatdagi milliy guruhlarning o’zaro muvozanati o’ta muhim o’rin tutadi.

Biror millat aksariyat ko’pchilikni tashkil etmaydigan Afg’onistonda, asosan, pushtunlardan iborat Tolibon guruhi hukumati shakllanishi bu masalani yanada keskinlashtirdi.

Hozircha Afg’onistondagi turkiy xalqlar manfaatini olg’a surayotgan, ularning mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatga munosabatini ifoda qiluvchi biror siyosiy maydon ko’zga tashlanmaydi.

Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan Turk davlatlari kengashi shunday siyosiy maydonga aylanishi mumkin, ammo a’zo davlatlarning iroda ko’rsatishiga ishonch kam. Ayniqsa, turkiy davlatlarning aksariyati Tolibon hukumatini amalda allaqachon tan olgani, siyosiy muzokaralarni boshlashgani nazarda tutilsa.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turk kengashining Istanbulda o’tgan navbatdan tashqari uchrashuvida Abdulaziz Komilov qatnashganini, Afg’oniston bo’yicha O’zbekiston pozitsiyasi haqida nutq qilganini xabar qilmoqda.

“O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug‘dirmasligi kerak. Dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsion jarayonlarga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerakligi ta’kidlandi. Mojarodan keyingi Afg‘oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko‘rsatilishi davom etishi alohida qayd etildi”, deyiladi uchrashuv haqidagi xabarda.

Afg’onistonda keng vakilliklar, jumladan, milliy ozchilik, ayollar jalb qilingan holda hukumat tuzish masalasi muhokama qilingan bu majlis navbatdan tashqari chaqirilgan. Shundan kelib chiqilsa, turkiy davlatlar Afg’oniston masalasida umumiy pozitsiya shakllantirishga urinayotgandek.

Ammo Markaziy Osiyo va Afg’oniston bilan bog’liq so’nggi voqealar mintaqa davlatlari Tolibon hukumatini deyarli tan olib bo’lganidan ham darak beradi.

Istanbuldagi uchrashuvdan avvalroq Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi kotibi o’rinbosari Taalatbek Masadiqov Tolibon hukumatining Tashqi ishlar bo’yicha rahbari Amir Xon Muttaqiy bilan muzokara o’tkazgan, ikki o’rtada hamkorlik boshlashga tayyorlik izhor qilgan edi.

26-sentabr kuni Qozog’istonning Afg’onistondagi elchisi Alimxon Esengeldiyev Muttaqiy bilan Kobulda muzokara o’tkazgan; ikki o’rtadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash masalasi gaplashilgan.

O’zbekiston esa Tolibon hukumatini shoshilinch olqishlab chiqqan, xalqaro hamjamiyatni shunga undayotgan, hatto Tolibon rahbariyati ishtirokida sammit o’tkazish qarorida turgan davlatlardan biri hisoblanadi.

Markaziy Osiyoda faqat Turk kengashidan chetda bo’lgan Tojikiston Tolibon hukumatini tan olmasligini bildirib kelmoqda.

Uzoq yillardan buyon Istanbulda yashayotgan, muxolifatdagi “Erk” partiyasi yetakchisi Muhammad Solih Afg’onistondagi turkiy xalqlar taqdiri masalasida Turk kengashidan jiddiy qarorlar kutish qiyinligini ta’kidlaydi.

“Albatta, Kengash a’zolari to’planib, bu masalani muhokama qilgani yaxshi. Ammo men jiddiy qarorlar olinishiga shubha qilaman. Chunki turk davlatlari ayni paytda bu masalada boshqa yirik, qudratli davlatlarning kayfiyatiga qaram bo'lib qolishgan. Birlashib, Afg’onistondagi turkiy xalqlar manfaati talab qilingan jiddiy bayonotlar bilan chiqishlari ancha qiyin ko’rinadi. Afg’oniston ziddiyati u yerda yashayotgan ko’p millatli xalq manfaatini ta’minlashni taqozo etishini ko’p yillik urushning o’zi isbotlab berdi. Afsuski, Afg’onistondagi vaziyat bugun yana shu xato ustiga qurilmoqda. Tolibon pushtun millatchiligini olg’a surmoqda. Boshqa millatlarning haq-huquqlari toptalishi evaziga olg’a surilayotgan bu siyosat esa tinchlikka xizmat qilmaydi. Buni Tolibon bilan iliq munosabat qurishga intilayotgan Markaziy Osiyo, Turk kengashi ham anglab yetishi kerak”, - deydi Muhammad Solih.

AQSh boshliq xalqaro qo‘shinlar Afg’onistonni tark etar ekan, terrorchi guruh sifatida xalqaro ro’yxatga kiritilgan Tolibon guruhi shiddat bilan Afg’onistonni zabt etdi, mamlakatni boshqarish uchun toliblardan iborat muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG