Breaking News

Turkiya Afg‘onistonda nimalarni ko‘zlayapti?


Tolibon harakati Afg‘onistonda yanada ko‘proq hududlarda nazorat o‘rnatar ekan, yakuniy maqsadi mamlakatda islom shariatiga asoslangan davlat barpo etish ekanligini bot-bot takrorlaydi.

Asli andhuylik o‘zbek olimi, hozirda Turkiyaning Karabuk universitetida din psixologiyasi bo‘yicha dars berib kelayotgan Muhammad Naim Naimiy esa toliblar dinni shunchaki suiiste’mol qilayotganini ta’kidlaydi.

Unga ko‘ra, Tolibon islom deb ko‘rsatayotgan narsa aslida mahalliy an’anadorlikdan boshqa narsa emas.

“Toliblar Pokistondagi lagerlarda tayyorlandi, ularning g’oyasi mutlaqo siyosiy. Bir tomondan Pokiston ular orqali Afg‘onistonga o‘z so‘zini o‘tkazishni istaydi, buni unutmaslik kerak, – deydi u. – Toliblarning ortida arab davlatlari ham bor, xususan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, mintaqadagi boshqa kuchli davlatlar – Rossiya, Xitoy va Eronning ham toliblar bilan aloqalari mavjud”.

Muhammad Naim Naimiy esa toliblar dinni shunchaki suiiste’mol qilayotganini ta’kidlaydi
Muhammad Naim Naimiy esa toliblar dinni shunchaki suiiste’mol qilayotganini ta’kidlaydi

Naimiyga ko‘ra, Afg‘oniston o‘zbeklari, ayniqsa yoshlari orasida Tolibonga qo‘shilganlar bor. Buni esa hukumatning turkiy xalqlar, xususan, o‘zbeklarga nisbatan noto‘g‘ri va “o‘gay” siyosatining natijasi deb hisoblaydi.

Olim toliblarning Afg‘oniston shimoliga hujumlari hududda ayirmachilikka sabab bo‘lishi, Marshal Abdul Rashid Do‘stumning mustaqil davlat tuzishga urinishi mumkinligi haqidagi fikrlarga qo‘shilmaydi.

“Afg‘oniston turkiylarining yetkachisi bo‘lmish marshal Do‘stumning bunday fikri bor deb o‘ylamayman. U Afg‘oniston birdamligining, hududiy yaxslitligining tarafdori. Agar unda mustaqillik fikri bo‘lganida, toliblardan oldin, 1990-yillarning boshida qo‘l ostidagi kuchdan foydalanar edi. Do‘stum Afg‘onistonning kuchli davlat bo‘lishini, barcha millatlar teng huquqli bo‘lishini istaydi”, – deydi Naimiy.

Ayni paytda Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etmoqda, bu jarayonga parallel ravishda toliblarning ayniqsa mamlakat shimolida hujumlari ortdi.

“Davlat bizga yordam bermayapti, odamlarimiz o‘z imkoniyatlarini ishga solib, himoyalanishyapti”, – deya shikoyat qiladi juzjonlik o‘zbeklardan Humoyon Chaqmoq. – Besh mingta tolibning qamoqxonalardan chiqarilishi biz uchun katta falokat bo‘ldi, mana endi ular hamma joyni egallashga harakat qilyapti”.

Hozir Turkiyaning Kobul aeroportida qolishi haqida gapirilyapti, toliblar esa poytaxtga tobora yaqinlashyapti. Albatta, oddiy xalq turklarning qolishini istaydi, lekin Turkiya eplay olarmikin – asosiy masala mana shu.

Humoyun 2009-yilda Turkiyaga o‘qish uchun kelgan edi. Kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida tahsil oldi, biroq moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishni tugata olmadi. Ayni paytda Istanbuldagi fabrikalardan birida oddiy ishchi.

“Amerika Afg‘onistonga kelganida ana endi rivojlanamiz deb o‘ylagan edik, lekin aksi bo‘ldi – 20-30 yil ortga ketdik, nazarimda. O‘tgan 20 yil ichida amerikaliklar boyliklarimizni tashigancha tashidi. Mana endi ketyapti. Hozir Turkiyaning Kobul aeroportida qolishi haqida gapirilyapti, toliblar esa poytaxtga tobora yaqinlashyapti. Albatta, oddiy xalq turklarning qolishini istaydi, lekin Turkiya eplay olarmikin – asosiy masala mana shu, – deydi Chaqmoq. – Qolaversa, bu haqda ham har xil gap-so‘zlar yuribdi. Kobulda qolishni turklarning o‘zi emas, AQSh istagan bo‘lishi mumkin. Chunki Turkiya bo‘lmasa, yo Rossiya kelardi, yoki Xitoy. AQSh uchun Turkiya varianti ma’qulroq, albatta”.

Turkiyaning Kobuldagi xalqaro aeroport xavfsizligini ta’minlashi masalasi 14-iyun kuni AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdog‘anning Bryusseldagi uchrashuvidan keyin kun tartibiga chiqdi. O‘shandan beri bu mavzu turk ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinyapti.

16-iyul kuni Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, u yerda tinchlik bo‘lmay turib, Yevrosiyo mintaqasida haqiqiy tinchlik haqida gapirib bo‘lmaslgini aytdi.

“Turkiya mazkur mamlakatdagi tinchlik jarayoniga hissa qo‘shishda davom etadi. Afg‘on qardoshlarimizning farovonligi uchun Kobuldagi Hamid Karzay aeroportining xavfsizligini va boshqaruvini ta’minlashni davom ettirishga tayyormiz”, – dedi vazir.

Biroq turk muxolifati hukumatning bu rejasiga iliq qarayotgani yo‘q.

Bir paytlar Turkiya prezidentining safdoshi bo‘lgan, hozir esa muxolifatchi DEVA partiyasi raisi Ali Babajan “Afg‘onistonda harbiylarimizning bo‘lishi mamlakatimizga qanday foyda keltiradi?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

Toliblarning ortida arab davlatlari ham bor, xususan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Turkiyada rosmana tashqi siyosat qolmadi. Hozir Turkiyada faqatgina bir kishining hislari, turtkilari bilan shakllangan tashqi aloqalar bor, bo‘ldi. Siyosat yo‘q. Siyosat degani to‘laqonli, oqilona, ratsional nuqtai nazar demakdir. Unday narsa yo‘q. Hokimiyatda qolish uchun tinchlikni emas, to‘qnashuvlarni, qutblashishlarni qidiruvchi boshqaruv tushunchasi bor. Yurtimizni tashqi aloqalarda ham o‘z manfaatlarining o‘yinchog‘iga aylantirishdi. Afg‘onistonda harbiylarimizning bo‘lishi mamlakatimizga qanday foyda keltiradi? Maqsad nima? Bu qarorni qabul qilishda xalqdan so‘radingizmi? Boshqa siyosiy partiyalar bilan maslahatlashdingizmi? Turkiya Respublikasi askarlarining xorijda bo‘lishi uchun parlamentda qaror qabul qilinishi kerak. Xalqaro miqyosdagi legitimligi esa BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlari bilan ta’minlanadi. Muhtaram Erdog‘andan so‘rayapman: siz nimaga asoslanib, kimga ishonib bu taklifni berdingiz?” – dedi Babajan 12-iyul kuni Gaziantep viloyatiga safari chog‘ida.

Turkiyaning Kobul aeroportidagi kelgusi faoliyati borasida tafsilotlar hali oshkor etilgani yo‘q. Mazkur masala bo‘yicha Vashington va Anqara o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.

Turk tomoni siyosiy, moliyaviy va logistik ko‘mak istayapti. Ekspertlarga ko‘ra, hali ko‘p masalalar muhokama etilishi kerak. Masalan, aeroport toliblar tomonidan o‘rab olingudek bo‘lsa, u yerdagi askarlarning xavfsizligi va kundalik ehtiyojlari qanday ta’minlanadi?

Favqulodda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelsa, qaysi tomonning logistikasidan foydalaniladi? Diplomatik missiyalar va aeroport o‘rtasidagi avtomobil yo‘li qanday qo‘riqlanadi? Butun Kobulda xavfsizlikni ta’minlamay turib, shaharning o‘rtasida joylashgan xalqaro aeroport xavfsizligini ta’minlash mumkinmi? Shu kabi savollarga javob berilishi zarur.

Turk hukumati Kobul xalqaro aeroportida xavfsizlikning ta’minlanishi muhim masala ekanligini ta’kidlamoqda: bu xorijiy davlatlar diplomatik missiyalari va xalqaro tashkilotlar faoliyatlarini davom ettirishi, qolaversa, iqtisodiy aloqalar uchun zarur; aeroport ishlamasa, diplomatik missiyalar chiqib ketadi, Afg‘oniston ihotalangan davlatga aylanadi, bu esa xalqaro munosabatlar nuqtai nazaridan jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda beqarorlik kuchayishi Turkiya tomonga qochqinlar oqimining kuchayishi mumkinligini ham anglatadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi to‘rt yilda 400 mingga yaqin afg‘onistonik Turkiyaga noqonuniy yo‘llar bilan kirgan. BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi Turkiyada 2020-yilda 116 400 nafar afg‘onistonlik qochqin borligini bildirgan.

Anqaradagi Ufuk universiteti professori, xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Sanjar Imer “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Afg‘onistonda katta miqdorda giyohvand moddalar tayyorlanishini ko‘zda tutgan holda mazkur holatni “jahon hamjamiyati tanasidagi og‘ir jarohat” deya ta’rifladi hamda kelgusida u yerdan bo‘ladigan ehtimoliy migratsiyaga e’tibor qaratdi.

20 yil avval Amerika va NATO u yerga borgan paytni eslaylik. Tolibonni yo‘q qilish, hokimiyatdan chetlatish, uning o‘rniga sekulyar hukumat tashkil etish va modern Afg‘onistonni barpo etish edi maqsadlari. Shunday bo‘ldimi?

“Afg‘onistonning 1960-yildagi aholisi 9 million edi, hozir 32 million. 2044-yillarga borib, 60-65 million bo‘ladi. Bu insonlar nima yeb, nima ichadi? Geroin yeb yashay olishmaydi, bir-birlarini o‘ldirib ham yashay olishmaydi. Nima qilishadi? Ko‘chishadi. Xitoyga borishmaydi, albatta. Qayerga borishadi? Eronga, Turkiyaga, u yerdan esa Yevropaga. Okean orqali Amerikaga bora olishmaydi. Bu Yevropa uchun juda katta xavotir sababidir. Bunga Pokistonda aholi ko‘payishini ham qo‘shsangiz, ahvol vahimali ko‘rinadi. Shunday ekan, (Afg‘onistonni) yashash mumkin bo‘lgan, rivojlangan, barqaror mamlakatga aylantirishga majburmiz. Turkiya sifatida bunga ehtiyojimiz bor. Eronning ham ehtiyoji bor. Lekin eng ko‘p Yevropa Ittifoqining ehtiyoji bor”, – deya izohlaydi olim.

Anqaraning Kobul aeroporti borasidagi rejalarini nafaqat turk muxolifati, balki Tolibon harakati ham tanqid ostiga oldi. Harakat tomonidan 13-iyul kuni tarqatilgan bayonotda barcha xorijiy davlatlar qo‘shinlari Doxa kelishuvi doirasida Afg‘onistonni tark etishi zarurligi ta’kidlandi.

Bayonotda aytilishicha, “afg‘on xalqi va Turkiyaning musulmon xalqi o‘rtasida tarixiy, madaniy va diniy rishtalar bor, biroq ishg‘olning davom etishi Afg‘onistonda turk rahbarlariga nisbatan kin va dushmanlikni keltirib chiqaradi, ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazadi”.

Toliblar turk askarlarining Kobulda qolishini Afg‘oniston suvereniteti va hududiy yaxlitligining buzilishi deb hisoblamoqda. Ular bir yildan beri Turkiya bilan muzorakalar o‘tkazayotganini va Anqara Tolibonning roziligi bo‘lmay turib bunday bir tomonlama qarorlar qabul qilmaslikka kafolat berganini aytib, Turkiyani o‘z va’dasida turmaslikda aybladi. Toliblarga ko‘ra, agar Anqara qaroridan qaytmasa, kelib chiqadigan oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.

Tolibondan farqli ravishda Anqara o‘zini Afg‘onistonda agressor sifatida ko‘rayotgani yo‘q va muammolarni muzokaralar orqali hal qilish mumkinligiga ishonmoqda.

Turk askarlari NATO missiyasi doirasida 2002-yildan beri Afg‘onistonda xizmat qilib kelmoqda, biroq ular faol harbiy operatsiyalarda qatnashmagan, Tolibon shu paytgacha ularga biror marta hujum qilmagan. Turklar hozir ham Kobul aeroportida xavfsizlikni ta’minlashda qatnashmoqda, lekin AQSh boshchiligida. Amerikaliklar Afg‘onistonni tark etgach, bu vazifa turk askarlariga qolishi mumkin.

Professor Sanjar Imerning nazarida – bu xatarli vazifa. U Anqaraning Kobul aeroporti xavfsiligini ta’minlash niyatini AQSh va Yevropa bilan aloqalarini yaxshilash sari tashlangan qadam deb hisoblaydi.

“Afsuski, Afg‘oniston fuqarolar urushiga qarab ketyapti. Bu urush sekulyar afg‘on hukumati va Tolibon o‘rtasida chiqadiganga o‘xshayapti. 20 yil avval Amerika va NATO u yerga borgan paytni eslaylik. Tolibonni yo‘q qilish, hokimiyatdan chetlatish, uning o‘rniga sekulyar hukumat tashkil etish va modern Afg‘onistonni barpo etish edi maqsadlari. Shunday bo‘ldimi? To‘g‘ri, shunday hukumat tashkil etildi, lekin Tolibon bilan kelishib, sekulyar hukumatni ikki o‘rtada qoldirishdi. Tolibon hozir biz nazorat qilamiz, Turkiya chiqib ketsin deyapti. Nima bo‘ladi? Bu holda biz Tolibon bilan to‘qnashib, jang qilamizmi? NATO va Amerika buning uddasidan chiqolmadi, Turkiyaning bir o‘zi uddasidan chiqishi mumkinmi?..”

Ammo ayrim ekspertlar AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini butkul olib chiqqandan keyin Tolibonning tajovuzkorligi kamayishi mumkinligini, chunki toliblar xalqaro maydonda rasman tan olinishga harakat qilishini, buning uchun allaqachon Xitoy va Rossiya bilan muzokaralarni boshlab yuborganini aytmoqda.

Professor Imer Afg‘oniston uchun eng katta yordam uning rivojlanishiga ko‘maklashish degan fikrda.

XS
SM
MD
LG