Breaking News

Pandora hujjatlari: dunyo yetakchilarining maxfiy boyliklari fosh qilindi


Pandora hujjatlarida jami 35 ta amaldagi va sobiq davlat rahbarlari nomi qayd etilgan.

Ko’plab mamlakatlarning amaldagi va sobiq rahbarlari dunyo bo'ylab katta miqdorda boylik va yashirin ko'chmas mulk to’plagan. Yuzlab tadqiqotchi jurnalistlar bir necha oy davomida ilgari oshkor qilinmagan millionlab hujjatlarni o’rganib, natijalarini ommaga oshkor qilgan.

Pandora hujjatlari deb nomlangan jurnalistik surishtiruvda 35 ta amaldagi va sobiq mamlakat rahbarlari, jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish va Iordaniya qiroli Abdullohning ofshor xoldinglarida jamlagan mol-mulklari fosh qilingan.

14 manbadan olingan 12 millionga yaqin hujjatlar Vashingtonda joylashgan Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro tashkiloti tomonidan o’rganilgan. Loyiha ustida butun dunyodan 650 jurnalist ishlagan. Taftishda ishtirok etgan “Washington Post” nashrining yozishicha, hujjatlar shaxsiy elektron pochta xabarlari, maxfiy hisob-kitob qog’ozlari, maxfiy shartnomalar va boshqa moliyaviy hujjatlar hamda ularning ortida kim turgani haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga oladi.

Olib borilgan surishtiruvlarning ko’rsatishicha, beshta qit'adagi davlatlar rahbarlari o'z aktivlarini, ko'pincha, boshqa mamlakatlarda faoliyat yurituvchi maxfiy kompaniyalar ortiga yashirgan. Tadqiqot natijasida besh yil oldin jurnalistlar fosh etgan Panama hujjatlaridan ikki baravar ko'proq ofshor hisob egalari aniqlangan.

Hujjatlar Shveysariya, Singapur, Kipr, Beliz, Virjiniya orollari va boshqa mamlakatlarda faoliyat yurituvchi 14 ta moliyaviy xizmat ko'rsatuvchi kompaniyaning 29 ming offshor hisob raqamlaridan olingan. Hisob raqamlari egalari orasida 90 dan ortiq mamlakat va hududlarda “Forbes” jurnali tomonidan milliarderlar ro'yxatiga kiritilgan 130 dan ortiq odam va 330 dan ortiq davlat amaldori bor.

"Offshor moliya tizimi - bu butun dunyo bo’ylab qonunga bo'ysunadigan har bir kishini tashvishga solishi kerak bo'lgan muammo", - deydi AQSh Federal Qidiruv byurosi sobiq xodimi, o'nlab moliyaviy jinoyatlar bo'yicha ish olib borgan Sherin Ebadi.

Hujjatlardan ayon bo’lishicha, Iordaniya qiroli Abdulloh II AQSh va Yevropaning turli hududlarida hashamatli uylar sotib olish uchun 106 million dollar sarflagan. Shuningdek, millionlab dollarlik mol -mulk Keniya va Chexiya rahbarlari qo'lida to’plangan.

Banklar moliyaviy jinoyatlardan ko'z yumyaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Bundan tashqari, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish Fransiya janubidagi ikkita villani 16 million dollarga sotib olgani xabar qilinadi. Babish shu hafta navbatdagi saylov bilan yuzlashmoqda.

Yozuvlarning yana ko'rsatishicha, Monakodagi hashamatli kvartiralardan biri Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan bolali bo'lgani aytiladigan rus ayoli Svetlana Krivonogixga tegishli.

So'nggi yillarda AQSh Rossiyaning bir qator oligarxlariga moliyaviy sanksiyalar kiritdi. Pandora hujjatlaridan ma’lum bo’lishicha, bunday shaxslar o'z aktivlariga egalik huquqini o'zgartirish va turli yashirin kompaniyalar orqali sanksiyalar ta'siridan qutilib qolishi mumkin. Shunga qaramay, sanksiyalar ularga moliyaviy yo'qotishlar olib kelgani ayon bo’lgan; shu jumladan, Kreml amaldorlari uchun.

Jurnalistlar hujjatlar orasidan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, uning oilasi va yaqin sheriklariga tegishli yashirin mol-mulklar haqida ham ma’lumot topgan. Aliyev farzandlari Britaniyada 540 million dollardan ziyod qiymatdagi ko’chmas mulk sotib olgan.

Pandora hujjatlarida jami 35 ta amaldagi va sobiq davlat rahbarlari nomi qayd etilgan. Shuningdek, 100 ga yaqin davlatdan 400 amaldorning maxfiy mol-mulklari fosh qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG