Breaking News

O'zbekiston rasmiylari Kobulda Tolibon bilan savdo va tranzitni muhokama qildi


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Prezident Mirziyoyevning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev amirlikning muvaqqat Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttakiy va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi

Afg’onistonda Tolibon hukumatni egallaganidan beri ilk bor O’zbekiston hukumati a’zolari Kobulda ular bilan muloqot qildi.

Respublika Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg’oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi guruh bilan muzokara o’tkazdi.

Amirlikning muvaqqat Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttakiy bilan ham alohida uchrashuv kechdi.

O’zbekiston "Afg’oniston yangi hokimiyati bilan konstruktiv va o’zaro maqbul muloqot o’rnatishga qaratilgan siyosatini" tushuntirgan.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Afg’oniston tomon O’zbekiston hukumatiga “Mozori-Sharif” xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashi, O’zbekiston-Afg’oniston chegarasining uzluksiz ishlashi, u orqali mamlakatga doimiy ravishda oziq-ovqat va boshqa turdagi birlamchi tovarlar yetkazib berishdagi yordami uchun rahmat aytgan.

Savdo va iqtisodiy hamkorlikni, jumladan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog'i va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” yo’nalishi bo’ylab temir yo’l qurish loyihasini muhokama qilish uchun Termizda muzokaralar o'tishi kutilmoqda.

Afg’oniston bu loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan o’zbekistonlik mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilgan.

Toshkentga ko'ra, Tolibon O’zbekiston xavfsizligiga Afg’oniston hududidan hech qanday tahdid bo’lmasligini qayd etgan.

"Afg‘oniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi", - deya ta'kidlagan Komilov muzokaralarni izohlar ekan. Bu borada vazirlikning rasmiy vakili Yusuf Kabuljanov ma'lumot berdi.

Afg'onistonda o'zbeklar va boshqa turkiy elatlarning vakillari Tolibon ularga tazyiq o'tkazayotgani, ular tirikchilik qila olmayotgani, tahdid ostida yashayotganini aytib kelmoqda. "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbeklar va hazoralar Afg'onistonda pushtunlashtirish siyosati kuchayganidan noliydi.

Muzokaradagi asosiy mavzular tranzit, energetika va savdo bo'ldi. Mirziyoyev ma'muriyati xalqaro hamjamiyatni Afg'onistonni yakkalamaslikka, unga moliyani qirqmaslikka, ayniqsa insonparvarlik yordamini ayamaslikka undab kelmoqda.

O'zbekiston-Tolibon muloqoti, Kobul, 7-oktabr, 2021
O'zbekiston-Tolibon muloqoti, Kobul, 7-oktabr, 2021

O'zbekiston hukumati nazarida hozirgi birlamchi vazifa - afg'on xalqining ocharchilik bilan yuzlashishining oldini olish, ya'ni gumanitar inqirozga yo'l qo'ymaslik.

Ko'plab afg'onlar esa bu inqiroz allaqachon avjida ekanini aytadi: Tolibon hokimiyatga kelganidan beri o'n minglab odamlar ishini yo'qotgan, tirikchilik qilish uchun imkoniyatlar nihoyatda ozayib ketgan.

Afg’oniston O’zbekistondan elektr toki oladi, o'tgan yillar ichida savdo-sotiq ancha o'sib, ikki davlat orasida 2020-yildagi savdo aylanmasi qariyb 1 milliard dollarni tashkil etgan.

O’zbekiston tijoratni rivojlantirishda, qo’shni mamlakat bilan hamkorlikni to’xtatmaslikka bel bog’lagan. Tolibon ham shuni istashini bildirgan. Ammo Afg’onistondagi beqarorlik Toshkentning bu o'lka orqali Pokiston va uning dengiz portlariga chiqish maqsadi yo’liga qator to’siqlar qo’yadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG