Breaking News

NBA o'yinchisi Enes Kanter uyg'urlarni himoya qilib chiqdi


"Boston Celtics" basketbol jamoasi o'yinchisi Enes Kanter

AQSh Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) professional ligasi o‘yinchisi Enes Kanter yuzlab uyg‘ur, Tibet va gonkonglik faollar bilan Kapitoliy oldida namoyish o’tkazib, Xitoyni uyg‘urlarga nisbatan majburiy mehnat siyosatini to‘xtatishga chaqirdi. U, shuningdek, AQSh Kongressini “Uyg‘urlar majburiy mehnatining oldini olish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishga undadi.

“Boston Celtics” jamoasi markaziy o’yinchisi AQSh rasmiylarini uyg'urlarning Xitoydagi majburiy mehnatiga chek qo'yish uchun "aniq" qadamlar qo'yishga ham chaqirdi.

“Bizga harakat kerak. Faqat so'zlar emas. Biz ham AQShda, ham tashqi siyosatda inson huquqlarini ustuvor yo‘nalishga aylantirishimiz kerak, — dedi u. - Shundagina biz uyg'ur genotsidini to'xtatishga yordam bera olamiz."

AQSh Senati iyul oyida uyg'urlar majburiy mehnatining oldini olish to'g'risidagi qonunni bir ovozdan qabul qildi.

Agar bu qonun Vakillar palatasi tomonidan qabul qilinib, Prezident Jo Bayden tomonidan imzolansa, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlarning AQSh bozoriga kirishiga taqiq qo’yiladi va majburiy mehnat bilan bog‘liq sanksiyalar joriy qilinadi.

Qonun loyihasida aytilishicha, 2017-yilning aprel oyidan beri Xitoy bir milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va boshqa ta’qibga uchragan etnik guruhlar a’zolarini sudsiz lagerlar tizimida o‘zboshimchalik bilan hibsda saqlagan va mahbuslarni majburiy mehnatga, qiynoqlarga, siyosiy targ‘ibotlarga va boshqa jiddiy inson huquqlari buzilishlariga duchor qilgan.

Pekin bu ayblovlarni rad etib, bu majmualar uyg'urlarga xitoy tili, huquqiy bilimlar, kasbiy mahorat va radikalizm bo'yicha kurslar beradigan "kasb-hunar ta'limi va o'qitish markazlari" ekanini aytadi. Xitoy da’vosiga ko’ra, uyg‘urlarning erkinliklari hech qachon cheklanmagan va ular o‘z kasbini tanlash erkinligiga ega.

Uyg’urlar majburiy mehnatiga qarshi kurash qonunining homiylaridan biri senator Marko Rubio mitingda o’z vakili tomonidan o’qib berilgan yozma bayonotida Kanterni jasorati uchun olqishladi.

“Mening do‘stim Enes Kanter jasorat bilan Xitoy hukumati va Kommunistik partiyasi tomonidan sodir etilgan dahshatlarni yoritish uchun o‘z platformasidan foydalandi”, dedi Rubio o‘zining yozma bayonotida.

Enes Kanterning Pekindagi qishki olimpiadani boykot qilishga chaqiruvchi oyoq kiyimi, 2021-yil, 30-oktabr
Enes Kanterning Pekindagi qishki olimpiadani boykot qilishga chaqiruvchi oyoq kiyimi, 2021-yil, 30-oktabr

Shveysariyada tug'ilgan va turk millatiga mansub Kanter tibetliklar, uyg'urlar va Gonkongni qo'llab-quvvatlab, Pekinni "shafqatsiz" siyosatini to'xtatishga chaqirganidan so'ng, Xitoydagi media platformalari “Boston Celtics” o'yinlari translyatsiyasini to’xtatib qo’ydi.

Mitingda Kanter, shuningdek, “Nike” kabi kiyim-kechak shirkatlarini uyg'urlarning Xitoydagi majburiy mehnatiga sherik ekanlikda aybladi.

"NBA sportchisi sifatida ularning Xitoy haqida sukut saqlashlarini ko'rish qayg'uli, sharmandali va jirkanchdir", - dedi Kanter.

O'tgan yili Avstraliya Strategik Siyosat Instituti (ASPI) chiqargan hisobotda 83 brend, jumladan, “Nike” Xitoyda uyg'urlarning majburiy mehnatiga aloqadorligi aytilgan edi.

“New York Times” nashrining yozishicha, “Nike” va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi “Coca-Cola” kompaniyasi Uyg'urlar majburiy mehnatining oldini olish to'g'risidagi qonunni zaiflashtirish uchun Kongressni lobbi qilgan yirik kompaniyalar va biznes guruhlari orasida.

“Nike” o'z saytida kompaniya axloqiy va mas'uliyatli ishlab chiqarishga sodiq ekanini hamda xalqaro mehnat standartlariga rioya qilishini aytadi.

“Biz Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida (ShUAV) majburiy mehnatga oid xabarlardan xavotirdamiz. “Nike” ShUAVdan mahsulot keltirmaydi va bizning shartnoma asosidagi yetkazib beruvchilarimiz ham mintaqadagi to‘qimachilik yoki yigirilgan ipdan foydalanmayotganini tasdiqladik”, — deyiladi “Nike” kompaniyasi bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG