Breaking News

AQSh-Kanada-Meksika sammiti: energiya, ekologiya va Xitoy asosiy muhokama mavzulari


AQSh-Kanada chegarasi
AQSh-Kanada chegarasi

AQSh-Kanada chegarasi orqali muntazam ikki tomonlama yo’l qatnovi boshlanishiga ruxsat berilishidan bir necha hafta o'tgach, yuqori darajali sayohatning yana bir turi tiklanmoqda: Bosh vazir Jastin Tryudo 2016-yildan beri AQSh, Kanada va Meksika o’rtasida o’tkazilayotgan birinchi uch tomonlama sammitda qatnashish uchun Vashingtonga tashrif buyurmoqda.

Kanada delegatsiyasi bilan payshanba kuni o’tkaziladigan yuzma-yuz uchrashuvda asosiy masala AQSh Prezidenti Jo Baydenning yashil energiya bo'yicha tashabbuslari bo'lishi mumkin, bu esa Ottava uchun ba’zi muammolarni tug'diradi.

Tryudoning Liberal partiyasi boshchiligidagi koalitsiya, odatda, Baydenning iqlim o'zgarishiga qarshi kurash tashabbuslarini qo'llab-quvvatlasa-da, Kanada iqtisodiyoti Baydenning “Keystone” neft quvuri loyihasini bekor qilishi kabi choralar tufayli zarar ko'rmoqda. “Keystone” loyihasining bekor qilinishi Kanadaning g'arbiy qismidan Texas neftni qayta ishlash zavodlariga milliardlab dollarlik xom neft tashish imkoniyatini yo’qqa chiqardi.

“Kanada-AQSh munosabatlari bir qancha bezovta qiluvchi omillar bilan yuzlashmoqda”, - deydi Prins Edvard oroli universitetining siyosatshunoslik professori Jefri Kollinz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Kollinzning aytishicha, bunday omillar orasida Baydenning "Amerikadan sotib ol" rejasi va Vashingtonda har ikki partiya tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan "Xitoyga nisbatan qattiqqo'l" yondashuv bor.

"Agar Tryudo har qanday savdo-iqtisodiy hujjatlar bo'yicha biror ish qilishni istasa, u va uning hukumati, avvalo, Bayden ma'muriyati uchun muhim bo'lgan masalalarni hal qilishni boshlashi kerak", - dedi Kollinz.

Kollinzning so'zlariga ko'ra, AQSh Kanadaning mudofaaga ko'proq mablag' sarflashini, Xitoy bo’yicha aniq siyosatga ega bo’lishini va xavfsizlik nuqtai nazaridan xuddi AQSh qilganidek Xitoyning “Huawei” kompaniyasi Kanada 5G tarmoqlariga kirib kelishiga yo’l qo’ymasligini xohlaydi. Bundan tashqari, Qo'shma Shtatlar "qit'a mudofaasining keyingi davri" bo'yicha Kanada AQSh bilan qanday hamkorlik qilishni xohlayotgani haqida aniqroq ma'lumot olishni istaydi.

Kollinzning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Kanada bu munozaralarda hali ham katta ta’sir kuchiga ega, chunki Kanadada “har qanday katta “yashil siljish” uchun zarur bo’lgan “muhim tabiiy resurslar” bor va Gaitida barqarorlik o’rnatish kabi tashqi siyosat masalalarida ham Ottava muhim rol o’ynashi mumkin.

AQShning Kanadadagi sobiq elchisi Bryus Xeymanning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, sammit 2016-yildan beri endi o’tkazilmoqda.

“Prezident Baydenning kelasi hafta yetakchilarni chaqirishi haqidagi e’lon nihoyatda ijobiy belgi va mintaqa ahamiyatini va umumiy manfaatlarimizni kuchaytirish uchun imkoniyatdir”, - deydi u.

Kanada Yashillar partiyasining sobiq muvaqqat rahbari Jo-Enn Roberts ham “Amerika Ovozi”ga “bu juda muhim uchrashuv” ekanini aytdi.

“Uchala yetakchi ham iqlim o‘zgarishi bo‘yicha favqulodda vaziyatni o‘z kun tartibida ushlab turishi kerak”, - deya qo’shimcha qildi u.

Amerika tadbirkorlik instituti, davlat siyosati tahlil markazining katta ilmiy xodimi Zak Kuper ham Xitoyga qarshi raqobatda AQSh-Kanada hamkorligi muhim ekanini aytadi.

“Prezident Bayden Qoʻshma Shtatlar uchun Xitoy bilan samarali raqobatlashishning eng yaxshi yoʻli oʻz uyimizni tartibga keltirishdir, deb oʻylashini aniq aytdi. Bu nafaqat Qo'shma Shtatlarni, balki Shimoliy Amerikani ham kengroq ma'noda o’z ichiga oladi. Bu sammit Bayden uchun shu maqsadga qanchalik erisha olishini ko'rsatish uchun imkoniyat bo'ladi", - deydi u.

AQSh-Meksika munosabatlari ham uchrashuvda ko’pchilikning diqqat markazida bo’ladi. Bayden hukumati va Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador hukumati qanday o'zaro munosabatda bo'lishini yaqindan kuzatayotgan manfaatdor tomonlar ko’p.

"Sammit Qo'shma Shtatlar uchun qo'shnilari bilan mustahkam hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlash uchun imkoniyatdir, - dedi Xalqaro Respublikachilar instituti va Atlantika Kengashi vakili Patrik Kuirk "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Migratsiya masalasida rahbarlar chegara xavfsizligini muhokama qilishdan nariga o'tib, odamlar ko’chishining asosiy sabablarini bartaraf etish uchun rejalarni resurslar bilan qanday ta'minlash va amalga oshirishga e'tibor berishlariga umid qilaman".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG