Breaking News

 Los-Anjeles: Qozog’istonlik dizayner


Qozog’istonlik Dina Kabdolla Kembrij va Los-Anjelesda dizaynerlik yo’nalishida tahsil olgan. Amerikadagi turli mato do’konlari, kiyim-kechak firma va kompaniyalarida ishlab tajriba orttirgach, Los-Anjelesda o’z dizaynerlik firmasiga asos soladi. Uni “AYA” deb nomladi.

“Lekin meni doim oldinga chorlaydigan narsa bor-ki, bu - shukronalik. Har bir kuningizga shukur qilish. Har bir kuningizdan qanday unumli foydalanish”, - deydi kiyim-kechaklar dizayneri Kabdolla.

“Aya” brendining kiyim-kechaklarida o’ziga xos chizgi va naqshlarni ko’rsa bo’ladi. Bizni o’rab turgan tabiat va koinotning sir-sinaotlaridan so’zlaganday bo’ladi. Ayol Qozog’istonda ham ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan. Kiyim-kechak yaratishning har bir bosqichi bamaslahat o’tadi.

“Vatanda ishlab chiqarishni yo’lga qo’yayotganimizda, qo’limdan kelgancha harakat qildim, oilam bilan. Asosiy maqsad Almati markazida yaxshi korxona tashkil etish bo’ldi. Ishni yo’lga solayotganimizda har bir ishchi o’z joyiga ega bo’lishini istadik. Hamma uchun qulay. Ayollar, erkaklar. Alohida hojatxonalar, yuvinish xonalari. Qirqish uchun alohida stol, yangi tikuv mashinalari, hamma narsa yangi. Bilasiz, rivojlanayotgan mamlakatlarda korxonalarda ish shunday tashkil etiladiki, ular odamlar haqida o’ylashmaydi. Qayerda ovqatlanishadi, qayerda o’tirishadi, qayerda uxlashadi, nima qilishadi, ishlari yo’q. Odamlarga ishlash uchun qulay sharoit yaratishga intildik. Vatanlaridan mamnun bo’lishlari uchun, odamlar odamlar haqida qayg’urishini bilishlari uchun.

Balki ko’p odamlarning hayotini o’zgartirmayotgandirman. Lekin hech bo’lmaganda bir nechasining hayotida o’zgarish bor. O’zlari ham ko’rib turibdi. Chunki, u yerda ko’p odamlar bunday korxonalarni ko’rmagan. Ularning dunyoqarashlari ham o’zgaryapti. Yaxshiroq hayot, yaxshiroq muhit va yaxshiroq sifat bo’lishi mumkinligidan. Ularga shu narsalarni ko’rsata va bera olganimizdan xursandman”.

“Kuchli tomonlari shuki, oldindan sezadi, ko’ra biladi va oxiriga yetkaza oladi... U bilan ishlab, undan o’rganganlarim ham aynan shudir. Qizi, oilasi, dizaynerlik, xalqaro brendni yuritish, hamma-hammasiga ulguradi. Kelsam, ertalab soat beshdan beri ishlayotgan bo’ladi. Vaqt farqi sababli. O’zi bo’lmaydi, axir uxlash ham kerak. Lekin ishni bitirish kerak bo’lsa, albatta oxiriga yetkazadi”, - deydi asisstenti Luis Skott.

Qizi AyAla Amerikada tug’ildi, hozir 10 yosh. Lekin allaqachon ona kasbiga mehri tushgan. Dina qizidan ilhom olishini aytadi. Unga kelajak sari olg’a borish istagining manbai sifatida qaraydi.

Bahorda yangi kolleksiyasini chiqarmoqchi. Allaqachon kolleksiyani kutayotgan muxlislari ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG