Breaking News

Mirziyoyev prezidentligining 2-muddati erkinlikni yanada cheklash bilan boshlanayaptimi?


Toshkent, 6-dekabr, 2021

O'zbekistonda faollaar Vashington va Toshkent muloqotida inson huquqlari masalasi jiddiy muhokama qilinishiga umid qilmoqda.

Ularga ko’ra, O’zbekistonda bosimlar tizimlashib bo‘rayapti, hukumat muammo ko’targanlarni aniqlash, jazolash va taqiqlash yo’liga qaytmoqda.

AQSh senatorlari bu borada xavotir bildirgani xalqaro hamjamiyat ogoh ekanidan dalolat, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbekistonliklar.

Huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodov:

“So’ngi paytda vaziyat ancha jiddiy o’zgargan. Blogerlar, huquq himoyachilari birin-ketin mahkamaga tortilmoqda, ta’qibga uchrayapti. Mana Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatiga jiddiy tanqidlar ostida olgan faolimiz Valijon Kalonov hamon hibsda, ishi sudga oshirilgan. Umuman jiddiy ijtimoiy muammolarni ko’tarayotgan blogerlar, faollar mahkamadan bo’shamayapti. Oxirgi paytda bu tizimlashdi, buning ortida asosan mahalliy hokimlar turishibdi, ularning vakolati jiddiy kengaytirilgan. Bosimlar tizimlashayotgani ancha xavotirli signal. Shunday bir fursatda AQSh senatorlarining bu muammoga diqqat qaratishi juda muhim. Inson huquqlari masalasida hukumatga keskin talablar qo’yilishi kerak. Umid qilamanki, bu AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi muloqotda bu jiddiy muhokama qilinadi ”.


Vashington va Toshkent rasmiylari 13-dekabr kuni strategik sheriklik xususida gaplashishi kutilmoqda.

AQSh O’zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri vaziyat yaxshilanmoqda deya olqishlab, mamlakatni islohotlarni jadallashtirishga, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyot yo'lida dadilroq qadam tashlashga undab keladi. Vashington bu borada yordamlashayotganini qayd etadi va diplomatlarga ko'ra, yaqindan ishlashga tayyor.

Olti senator Davlat kotibi Entoni Blinkenga yo’llagan maktubda jumladan shunday deyiladi:

"Keng olqishlangan islohotlarga qaramay, O'zbekiston hamon eng repressiv tuzumga ega mamlakatlardan biri va shu kungacha erishilgan yutuqlarning puchga chiqish ehtimoli yuqori".


Mahalliy faollar O’zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyat Prezident Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishi ortidan o’zgara boshlaganiga ham diqqat qaratishadi. Oktabrda o’tgan saylovda Mirziyoyev 80 foizdan oshiq ovoz bilan g’alaba qozongan edi.

Bu saylov ortidan bir necha blogerni ichki ishlar boshqarmasiga so’roqqa chaqirish, ayrimlariga nisbatan mahkama ishlarini ochish boshlandi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni ochiqlash aybi bilan sudga tortilgan blogerning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tanqidiy qarashdagilarga nisbatan turli soxta ayblovlar uyushtirish hollar ko'p.

Ro’zimurodovning bildirishicha, ijtimoiy muammolarni ko’tarayotgan faollarga nisbatan bosimlar uyushtirishda mahalliy hokimiyatlar jiddiy faollashgan.

“Avval faollarga bosim ortidan asosan DXX, IIV turgan bo’lsa, bugun bu narsa mahalliy hokimiyatlar zimmasiga yuklangani kuzatiladi. Prezident hokimlar vakolatini jiddiy kengaytirdi, tuman, viloyatlarda hibs qilinayotgan, mahkamaga tortilayotgani blogerlar ishi ortida asosan mahalliy hokimliklar turibdi”, - deydi huquq himoyachisi.


Prezident Mirziyoyev inson huquqlari, qadri mamlakatdagi siyosatning asosiy ustuvor yo’nalishi ekanligini, davlat bu yo’ldan ortga qaytmasligini muntazam ravishda ta’kidlab keladi.

Prezident buni Konstitutsiya kunida ham ta’kidlab, bosh qomusga o’zgartirishlar kiritish taklifini olg'a surdi. Bayram arafasida davlat rahbari farmoniga ko'ra, 182 mahkum muddatidan oldin ozod qilingan. Mirziyoyevning aytishicha, ular "bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar".

Prezident inson huquqlari masalasini 7- dekabr kuni mamlakatga kelgan BMT maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolay bilan ham muhokama qildi.

Bu uchrashuvda O’zbekiston va BMT o’rtasidagi inson huquqlariga doir hamkorlik izchil rivojlanayotgani, xususan kelgusi yildan O’zbekiston vakili BMT Inson huquqlari kengashi rais o'rinbosari bo'lishi alohida ta’kidlandi.

Ammo xalqaro tashkilotlar O’zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashidagi faoliyati va mamlakatdagi inson huquqlariga doir vaziyatda jiddiy farqlar borligi haqida dan ogohlantirmoqda.

"Human Rights Watch" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Hyu Uilyamson deydiki, BMT Inson huquqlari kengashiga a’zolik bilan faxrlanayotgan O’zbekistonning o’zida vaziyat hamon achinarli.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG