Breaking News

AQSh senatorlari Bayden ma'muriyatini O'zbekistonda huquqqa jiddiy e'tibor berishga undamoqda


Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan majmua, 6-dekabr, 2021

AQShning olti demokrat senatori Bayden ma'muriyatini O'zbekistonda erkinlik va inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni ko'zdan qochirmaslikka undamoqda. Hamkorlik muhim, deya eslatmoqda ular, ammo adolat va demokratiya targ'iboti ham kuchaysin. 6-dekabr kuni Davlat kotibi Entoni Blinkenga yo'llangan xatga Robert Menendez, Kris Van Hollen, Richard Durbin, Kirsten Jillibrand, Sherrod Brown, Benjamin Kardin imzo chekkan.

13-dekabr kuni Toshkentda ikki davlatning yuqori lavozimli diplomatlari strategik sheriklikni muhokama qiladi. Senatorlar shu muloqot oldidan O'zbekiston bilan aloqalar ahamiyatini, xavfsizlik va kontrterrorizm borasida birga ishlash zaruratini e'tirof etgan. Shu qatorda, deydi demokrat qonunchilar, O'zbekistonda inson huquqlariga hurmat ham oshishi uchun hissa qo'shmoq lozim.

"Keng olqishlangam islohotlarga qaramay, O'zbekiston hamon eng repressiv tuzumga ega mamlakatlardan biri va shu kungacha erishilgan yutuqlarning puchga chiqish ehtimoli yuqori", - deya yoziladi Blinkenga maktubda.

"Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev o'tgan besh yil mobaynida huquq yo'nalishida qilgan progressni, jumladan siyosiy mahkumlarning ozod etilgani, xorijiy tashkilotlarga eshik ochilgani, minglab insonlar paxta dalalarida zo'rlab ishlatilishiga barham berilganini ijobiy baholaymiz. Biroq prezident islohotlar bobida bergan va'dalarining ko'pi hali bajarilmagan".

Demokrat senatorlarning Davlat kotibi Entoni Blinkenga maktubi, 1-sahifa
Demokrat senatorlarning Davlat kotibi Entoni Blinkenga maktubi, 1-sahifa
Demokrat senatorlarning Davlat kotibi Entoni Blinkenga maktubi, 2-sahifa
Demokrat senatorlarning Davlat kotibi Entoni Blinkenga maktubi, 2-sahifa

"Islohotlar sustlashgani, ayniqsa so'z va matbuot erkinligi to'siqlar qo'yilgani haqida ma'lumotlardan xavotirdamiz", - deya bildiradi senatorlar.

Amerika siyosatchilari nazarida O'zbekistonda siyosiy liberalizatsiya ham sekin va oktabr oyidagi prezident saylovlari demokratik kechmagan. Muxolifatga, mustaqil nomzodlarga imkon berilmagan.

Saylovni kuzatgan xorijiy ekspertlar saylovda qator muammolarni aniqlagan va jarayonni xalqaro me'yorlarga mos deb topmagan.

Davlat departamenti ham "saylov cheklangan siyosiy muhitda o'tgan" va qator demokratik talablar bajarilmagan, deya xulosa qilgan.

O'zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi va Prezident Mirziyoyevning o'zi saylovni ochiq, erkin, demokratik deya ta'riflagan. 24-oktabrdagi ovoz berish jarayoni, targ'ibot kampaniyasi - xalq uchun tarixiy yutuq, deydi mutasaddilar.

Toshkent va G'arb, xususan Amerika, shu tariqa turlicha yondashuvda ekan, senatorlar Bayden ma'muriyatini Vashington uchun nima prioritet ekani haqida chuqurroq o'ylab, dadil harakat qilshga chaqirmoqda.

"O'zbekiston hukumati bilan Jinoyat kodeksini isloh qilish ustida ishlang", - deyiladi Blinkenga xatda. "Bu kodeks tuzum uchun yillar davomida muxolifatni ezish, qiynoqlarni asoslash yoki yopish, siyosiy plyuralizmni hamda jinsiy va gender tenglikni cheklash uchun effektiv vosita bo'lib kelgan."

Senatorlar O'zbekistonga kodeksni yangilab, repressiv jihatlarini olib tashlab, zarur ijtimoiy va iqtisodiy o'zgarishlar uchun zamin yaratishni tavsiya qilmoqda.

O'zbekiston qonunchilari, Adliya vazirligi, sud va huquq tartibot tizimi islohotlar davom etishinni qayd etib, nafaqat Jinoiy kodeks, balki boshqa kodekslar va huquqiy hujjatlar ham qayta ko'rib chiqilayotganini bildiradi.

Amerika qonunchilari tahlilicha esa Jinoiy kodeksdagi ekstremizmga qarshi choralar, siyosiy faoliyat, josuslik va so'z erkinligi bilan bog'liq bandlarda fuqaro xatti-harakatlari mujmal tasvirlanib, uni asossiz jazolash uchun imkon beradi. Gomoseksual insonlarga jinoyatchi deb qarashni ham AQSh siyosatchilari qoralaydi.

Ikkinchi muddatga qasamyod keltirib, xalqqa murojaat qilganida Prezident Mirziyoyev O'zbekiston demokratik yo'lda qat'iy ekanini ta'kidlab, qaytmasligini va'da qilgan.

Amerika qonunchilari Blinkenga maktubida bu va'dalarni Toshkentga eslatib turishni so'ragan.

Strategik Sheriklik Dialogi O'zbekiston va AQSh orasida ilk bor o'tkazilar ekan, deydi senatorlar, tomonlarning inson huquqlariga nisbatan siyosati yuqori o'rindagi omil sifatida belgilanishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG