Breaking News

Rossiya AQSh va NATOdan xavfsizlik kafolatlarini so'radi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Rossiya Qo'shma Shtatlar va uning ittifoqchilariga NATOning yanada kengayishini to’xtatish hamda Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyoda ittifoqning harbiy faoliyat olib borishiga yo’l qo’ymaslik kabi bir qator "xavfsizlik kafolatlari"ga oid talablarni qo’ydi. AQSh bu masalada hali so’nggi javobini aytgani yo’q.

Biroq Qo'shma Shtatlar va uning NATO ittifoqchilari agar Kreml Ukraina bilan chegarasi bo'ylab qo'shinlari sonini kamaytirishga rozi bo'lsa, Rossiya bilan muzokara olib borishlari mumkinligi haqida ishora qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi shu hafta boshida AQSh va NATOga taqdim etgan bir juft shartnoma loyihalarini juma kuni ommaga ham e'lon qildi. AQSh va NATO bilan maslahatlashmasdan tayyorlangan bu loyihalar harbiy ittifoqqa 1997-yilgacha NATO kuchlari mavjud bo'lmagan mamlakatlarga qo'shimcha qo'shinlar kiritmaslik majburiyatini qo’yadi.

Bu talab Polsha, Vengriya, Chexiya, Boltiqboʻyi davlatlari va boshqa bir qancha sobiq sovet respublikalarini o’z ichiga oladi.

Taklif etilayotgan shartnoma, shuningdek, har ikki tomonni qisqa va oʻrta masofaga moʻljallangan raketalarni chegara hududlariga joylashtirmaslikka va Rossiya chegarasi yaqinida keng koʻlamli harbiy mashqlar oʻtkazishni cheklashga chaqiradi.

Rossiya va’da qilayotgan imtiyozlar

AQSh va NATO rasmiylarining ta'kidlashicha, loyihalarda Ukraina yaqinidagi qo'shinlar soni va Kremlning boshqa tajovuzkor harakatlariga oid alyans xavotirlari bo'yicha Rossiya tomonidan biror jiddiy yon berish yo’q.

“Biz aniq bilamizki, Rossiya bilan har qanday muloqot oʻzaro asosda davom etishi, NATOning Rossiya harakatlariga oid xavotirlarini bartaraf etishi, Yevropa xavfsizligining asosiy tamoyillari va asos hujjatlariga asoslanishi hamda NATOning Yevropa hamkorlari bilan maslahatlashgan holda oʻtkazilishi kerak, - deyiladi NATO bayonotida. - Agar Rossiya keskinlikni kamaytirish uchun aniq qadamlar qo'ysa, biz ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish ustida ishlashga tayyormiz".

Juma kuni bo'lib o'tgan matbuot brifingida Davlat departamenti rasmiysi shunga o'xshash mazmunda gapirib, AQSh Rossiya bilan gaplashishga tayyorligini aytdi, ammo Bayden ma'muriyati Yevropadagi hamkorlari ishtirokisiz Rossiya bilan Yevropa xavfsizligi bo'yicha muzokara olib bormasligini qo'shimcha qildi.

AQShning javobi kutilmoqda

Bayden ma'muriyati Rossiyaning talablariga javob tayyorlamoqda, dedi AQSh rasmiylari. Ushbu javob kelasi hafta berilishi kutilyapti.

Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Rossiya Amerika va NATO faoliyati bilan bog'liq o'z xavotirlarini izhor qilgan. Endi biz manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga Rossiya solayotgan tahdidlar bilan bog'liq xavotirlarimizni muhokama qilamiz, deya qo’shimcha qildi u.

“Har qanday muloqot ikki tomonlama bo’lishi kerak. Ba'zi yo’nalishlarda muvaffaqiyatga erishishimiz mumkin, boshqalarida esa fikrimiz bir joydan chiqmasligi tabiiy hol", - dedi Sallivan.

Kuzatuvchilar xavotirda

Rossiyaning noan'anaviy tarzda bunday talablarni olg’a surishi ba'zi ekspertlarni taajjubga soldi. Ularni Kreml bu orqali nimaga erishmoqchi degan savol o’ylantirmoqda. Rossiya rasmiylari chorshanba kuni Qo'shma Shtatlar va NATOga shartnomalar loyihalarini taqdim etib, keyin juma kuni to'satdan hujjatlarni jamoatchilikka e'lon qilishi ekspertlar orasida turli taxmin va xavotirlarni o’rtaga chiqardi.

“Amerika diplomatlariga dastlab loyihani taqdim etganidan keyin ikki kun ichida buni ommaga oshkor qilishi haqiqatdan ham ilgari eshitilmagan hol, - dedi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo dasturi boʻyicha mutaxassisi Endryu Lohsen “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Hujjatlarni ommaga bunchalik tez oshkor qilishlari ular bu muzokaralar unchalik uzoq davom etmasligini tushunishlaridan dalolat beradi".

Ukraina askarlari harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, Xarkov, Ukraina, 2021-yil, 11-dekabr
Ukraina askarlari harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, Xarkov, Ukraina, 2021-yil, 11-dekabr

CNA xavfsizlik tahlil markazining katta tahlilchisi Jeffri Edmondsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga bahona yaratish uchun ataylab samara bermaydigan muzokaraga kirishayotgan bo’lishi mumkin.

"Muzokaralar va shartnomalarni yaxshi biladigan mamlakat uchun bizga shartnoma loyihasini shu tarzda yuborishi biroz bema'ni va ishonchim komilki, ruslar buni tushunib turibdi", - dedi u.

“Unday bo‘lsa, maqsad nima? - deydi Edmonds. - Gap shundaki, bu ularning yaqin bir necha oy ichida Ukrainaga kirib borishi ehtimoli yuqoriligini va buning uchun kichik bo’lsa-da, asos yaratishga urinayotganini bildiradi".

Rossiyaning xavotiri nimada?

Brukings institutining tashqi siyosat bo'yicha katta ilmiy xodimi Maykl Oxanlon Rossiya chindan ham kelishuvga erishishga urinyapti, degan fikrda.

"Menimcha, bular Rossiyaning haqiqiy, samimiy istaklari, - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Men ularni hiyla deb o'ylamayman. Rossiyani eng ko'p xavotirga soladigan narsa: yaqin atrofida NATOning bo'lishi".

Oxanlonga ko’ra, NATOning koʻproq sobiq sovet davlatlarini ittifoqqa jalb qilishi xato. U NATOning Rossiya bilan muloqotga kirishishini mantiqiy deb hisoblaydi.

Biroq ehtiyot bo’lish kerak, deydi u.

“Agar biz talablarining barchasiga “ha” desak, Putinning ishtahasi yana-da karnay bo’lib ketishi mumkin”, - deya ogohlantiradi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG