Breaking News

Bayden pandemiyaga qarshi yangi kurash choralarini e'lon qildi


AQSh Prezidenti Jo Bayden

21-dekabr kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden koronavirusning o'sib borayotgan “Omikron” shtammiga qarshi kurashish, federal tibbiyot xodimlarini ishchi yetishmayotgan kasalxonalarga yuborish, tibbiy asbob-uskunalar milliy zaxirasini mamlakat bo'ylab tarqatish hamda 500 millionta bepul koronavirus testlarini taklif qilish bo'yicha yangi rejalarni e’lon qildi.

Xalqaro hayot - 22-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:10 0:00

AQShda koronavirusni yuqtirish holatlari soni yana sezilarli darajada oshib bormoqda. Dushanba kuni 143 ming yangi bemor va yana 1300 ta o'lim qayd etilgan. Yangi holatlarning qariyb to'rtdan uch qismi yuqori darajada tez yuquvchi “Omikron” varianti bilan bog'liq.

Ammo Baydenning so'zlariga ko'ra, to'liq emlangan odamlar, ayniqsa, qo’shimcha uchinchi dozani olganlar yaqinlashib kelayotgan Rojdestvo va Yangi yil bayramlarini oilasi va do'stlari bilan xavfsiz nishonlashlari mumkin.

"Biz hammamiz “Omikron”dan xavotirda bo'lishimiz kerak, ammo vahimaga hojat yo’q", - dedi u.

Lekin u aholini ogohlikka chaqirdi:

"Agar siz to'liq emlanmagan bo'lsangiz, tashvishlanishingizga asos bor".

Baydenning aytishicha, Qo'shma Shtatlardagi emlanmagan 40 million odam uchun vaksina olish hozir "mamlakat oldidagi vatanparvarlik burchi"dir.

"Sizning tanlovingiz hayot va o'lim o'rtasidagi tanlov bo'lishi mumkin. Iltimos, emlaning. Bu juda mas'uliyatli ish", - deya qo’shimcha qildi u.

“Omikron” tahdidi kuchaygan taqdirda ham, Qo'shma Shtatlar 2020-yil mart oyida minglab korxonalar va maktablar yopilgan koronavirus pandemiyasining dastlabki kunlariga qaytishi kutilmayapti.

Bayden bunday ehtimolga “Mutlaqo yo'q", deb javob berdi.

"Bilaman, charchadingiz. Bilaman, hafsalangiz pir bo'ldi. Biz buni yengib o'tamiz. Amerika uchun yenga olmaydigan katta qiyinchilik yo'q", - dedi prezident.

Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi maʼlumotiga koʻra, 204 millionga yaqin amerikalik yoki aholining 61 foizi toʻliq emlangan. 2021-yil boshida emlanganlar soni 1 foizdan kamroq edi.

Baydenning so'zlariga ko'ra, 40 millionga yaqin amerikalik haligacha hech qanday vaksina olmagan.

Hukumat davlat xizmatchilari va harbiylarga vaksina olishni majburiy qilib belgilagan. Kamida 100 yoki undan ortiq xodimga ega yirik xususiy kompaniyalarda ham majburiy bo’lishi kutilmoqda. Bu mamlakat bo’ylab jami 84 million ishchini qamrab oladi.

"Bu hayotingizni nazorat qilish uchun emas, balki saqlab qolish uchun" – dedi Bayden.

Ba'zi odamlar, ayniqsa, so'rovlarga ko'ra, 2020-yilgi saylovda sobiq prezident Donald Trampga ovoz berganlar orasida vaksina olmaganlar va vaksinaga ishonchsizlik yuqori.

Oq uyning ta'kidlashicha, Baydenning seshanba kuni e'lon qilgan choralari "emlanmagan shaxslar tomonidan sog'liqni saqlash tizimiga tushishi mumkin bo’lgan bosimni yumshatadi; shu bilan birga bepul testlardan o'tish imkoniyatini oshirib, odamlar xavfsizligini, maktablarimiz va iqtisodiyotimizni ochiq saqlash imkoniyatini yaratadi".

Baydenning ta'kidlashicha, u qo'shimcha 1000 ta harbiy shifokor, hamshira va boshqa sog'liqni saqlash xodimlarini yanvar va fevral oylarida ularga muhtoj bo'lgan kasalxonalarga yuborish uchun safarbar qilmoqda. Oq uyga ko’ra, tibbiy xodimlar yetishmaydigan oltita shtatga shoshilinch tibbiy yordam guruhlari yuborilgan.

Oq uy, shuningdek, bemorlarni tashish uchun yuzlab tez yordam mashinalari, tez tibbiy yordam guruhlarini safarbar qilmoqda. AQSh, bundan tashqari, “Omikron” variantining kutilayotgan o'sishidan oldin kasalxonada yotoqlar sig'imini favqulodda asosda kengaytirmoqda.

Odamlar koronavirusga qarshi test topshirish uchun navbat kutmoqda, Vashington, AQSh, 2021-yil, 21-dekabr.
Odamlar koronavirusga qarshi test topshirish uchun navbat kutmoqda, Vashington, AQSh, 2021-yil, 21-dekabr.

Oq uyning Bayden murojaati bo'yicha chiqargan ma'lumot varaqasida aytilishicha, hukumat strategik milliy zaxirasida yuzlab million N-95 niqoblari, milliardlab qo'lqoplar, o'n millionlab kasalxona liboslari va 100 mingdan ortiq ventilyator ega.

"Agar shtatlarda ehtiyoj tug’ilsa, barchasi jo'natishga tayyor”, - deyiladi bayonotda.

Yana unda aytilishicha, hozirda Qo'shma Shtatlar bo'ylab 20 mingta bepul COVID-19 test maskanlarilari ishlab turibdi. Hukumat keyingi oydan boshlab uyda amerikaliklar mustaqil ishlatishi mumkin bo’lgan yarim milliardga yaqin tezkor test to'plamlarini tarqatishni ham boshlaydi.

Oq uyga ko’ra, so'nggi oylarda hukumat butun mamlakat bo'ylab qo’shimcha 10 mingta yangi emlash joylarini ochdi. Hozirda ularning jami soni 90 mingta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG