Breaking News

Kobulda namoyishchi ayollar nishonga olindi


28-dekabr kuni Afg'oniston poytaxti ko'chalarida o'nlab ayollar norozilik namoyishi o'tkazdi
28-dekabr kuni Afg'oniston poytaxti ko'chalarida o'nlab ayollar norozilik namoyishi o'tkazdi

Kobulda hukumatdan norozi bo'lib ko'chaga chiqqan xotin-qizlarga qurolli ogohlantirish berilgan. Tolibon xavfsizlik xizmatchilari ularga qarata o'q uzib, tarqalishni buyurgan.

Namoyishchilar davlat idoralariga yaqinlashmasligi kerak, deya tahdid qilingan. Ayollar ularning hayoti, xususan erkin harakat qilish huquqi cheklanganidan norozi. O'qish, ishlash, tashqariga chiqish, sayohat qilish - bu fundamental huquqlar sistematik tarzda poymol etilmoqda, deydi afg'on xotin-qizlari.

"Odamlar och, tirikchilik nihoyatda qiyin, buning ustiga bizning yashashimizni cheklashmoqda", - deya noliydi Huda Xomush, namoyishchi.

Xotin-qizlar masalalari bilan shug'ullanadigan vazirlik hozir yopilgan. Uning o'rniga islomiy ahloqni ta'minlovchi va nazorat qiluvchi yangi vazirlik ochilgan.

Namoyishda odamlar yaralangan bo'lishi mumkin. Voqea mahalliy telekanallarda ko'rsatilgan.

Tolibon xotin-qizlar turmushi bilan bog'liq keskin qarorlar chiqarar ekan, Amerika bu qarorlarni qoralab, Kobuldagi rahbarlarga inson huquqlarini eslatmoqda.

Hech bir ayol erkak hamrohsiz 72 kilometrdan uzoqqa bormasligi kerak. Taksiga chiqmoqchi bo'lsa, ayol kishi boshini o'ragan yoki hijob kiygan bo'lishi lozim. Hukumat mana shunday yangi qoidalar chiqargan.

Bu siyosatni amalga oshirishga mas'ullardan Sodiq Akif Muhojir "Amerika Ovozi"ga deydiki, bu qoidalar - islomning uzviy shartlari, shariaga mos.

Jamoat transportida faqat erkaklar ishlaydi, ular soqol o'stirishi kerak va biror vositada musiqa tinglanmaydi.

Telekanallarda ayolarni ko'rsatish, xususan ular ijrosidagi serial yoki filmlarni qo'yish taqiqlangan. Boshlovchilar yopingan holda chiqadi.

Avgust oyida hokimiyatga kelgan Tolibon astalik bilan Afg'onistonni yana erkinlik eng cheklgangan jamiyatga aylantirmoqda, degan xavotir kuchli.

Qizlarning maktabga qatnashi cheklangan, minglab ayollar o'tgan oylarda ishdan ayrilgan.

Tolibon yangi hukumat barcha afg'onlarning manfaatlarini aks ettiradi, deydi, ammo ayollarga ham o'rin beriladimi, bu noma'lum.

AQSh va umuman xalqaro hamjamiyat Tolibon boshqaruvini tan olmagan va har qanday muloqot bo'lishi uchun avvalo inson huquqlari ta'minlanishi kerak degan shart qo'yilgan. Aks holda Tolibon bilan bevosita aloqa qilinmaydi.

Afg'oniston moliya tizimi xalqaro sistemalardan uzilgan. Mamlakat iqtisodiy jihatdan yanada nochorlashgan va 23 millionga yaqin aholi ocharchilik xavfi bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG