Breaking News

Turkmanistonda Berdimuhammedov davri tugayaptimi?


Yil sarhisobi: Turkmanistonda 2021-yilning eng muhim voqealari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:16 0:00

2021-yil Turkmaniston uchun ancha og’ir keldi. Mamlakatdagi vaziyat sobiq Sovet ittifoqi qulashi arafasidagi davrga qiyoslanmoqda. Ocharchilik yo’q, ammo oziq-ovqat mahsulotlari taqchil; aholi non, un, yog’ va boshqa shu kabi iste’mol mahsulotlari uchun soatlab navbatda turishga majbur.

Bunga qarama-qarshi hukumat mamlakatdagi to’kin-sochinlik haqida tashviqot yuritmoqda. Mahalliy televideniyeda oziq-ovqat to’la do’konlar namoyish qilinmoqda.

Yaqinda Prezident Qurbonguli Berdimuhammedovning o’g’li Sardor Berdimuhammedov mamlakat bozorlari, do’konlarini aylandi; oziq-ovqat taqchilligi haqidagi ma’lumotlarni inkor etib chiqdi.

2021-yil Turkmaniston uchun nafaqat iqtisodiy qiyinchilik, balki rasman tan olinmagan, mavjudligi prezident tomonidan rad etilgan koronavirusning jiddiy zarbasi bilan ham kuzatildi.

Turkman faollarining aytishlaricha, 2021-yilning eng muhim voqeasi Berdimuhammedov boshqaruviga darz ketgani bilan bog’liq. 2022-yilda mamlakat rahbari o’zgarishi, katta ehtimol bilan hokimiyat Sardor Berdimuhammedovga topshirilishi mumkin.

Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov

Ta’kidlanishicha, og’ir kasallikdan aziyat chekayotgan Qurbonguli Berdimuhammedovning salomatligi hokimiyatda qolishga imkon bermaydi. “Amerika Ovozi” 2021-yil yakunlarini xorijdagi turkman muxolifatchisi, yozuvchi Ak Velsapar bilan muhokama qildi.

Ak Velsapar: Pandemiya bilan bog’liq holatni inkor etish turkman hukumati yolg’onining cho’qqisi bo’ldi. Vaholanki, butin dunyo bilib turgan edi. Yaqinda men Turkmanistondagi mutaxassislardan biri bilan gaplashdim, koronavirus qanday o’tkazilgani haqida. Uning aytishicha, bu xuddu tabiiy ofat, sel toshqiniga o’xshagan. Hali 2020-yilning yozidayoq qabristonlar to’lgan, bu 2021-yilda ham shunday davom etgan. Ammo Turkmaniston rahbariyati butun dunyoni, jumladan, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini ham aldashga urindi. Bu turkman xalqi uchun juda ayanchli bo’ldi; ular mamlakat rahbariyati pandemiya davrida xalqqa xiyonat qilganini yaxshi bilishadi.

Amerika Ovozi: Men siz bilan mamlakatdagi siyosiy vaziyat haqida ham gaplashmoqchi edim, chunki yakunlanayotgan yilda xorijdagi turkman faollari ko’plab norozilik aksiyalari o’tkazishdi. Bu mamlakat ichkarisida ham qandaydir ko’rinishda aks etdimi?

Ak Velsapar: Ha, albatta. Xorijdagi turkman norozilik harakati mamlakat ichkarisidagi vaziyatga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Turkmaniston aholisi tashqaridagi vatandoshlarining siyosiy harakatlarida qandaydir tayanch ko’ra boshlashdi. Mustaqillik davridan buyon ilk bor xalq hukumatga o’z noroziligini ayta boshladi. 2021-yilda mamlakatning qator viloyatlarida hukumatga qarshi ayrim norozilik aksiyalari bo’lib o’tdi. Buning uchun sabablar esa juda ko’p. Sobiq ittifoq davlatlarining birortasida Turkmanistondagi kabi holat yo’q, odamlar non, yog’, un uchun navbatda turishmaydi. Bu xuddi Sovet ittifoqi qulashi arafasidagi davrni eslatadi; do’konlar bo’sh, yegulik muammo edi. Turkmanistonda ham hozir xuddi shunday. Hukumat bozorda, xususiy do’konlarda hamma narsa bor deydi, ammo aksariyat aholi bozor narxida oziq-ovqat olish qudratida emas. Aynan shuning uchun imtiyozli narxlar uchun uzundan uzoq navbatlar. Bu qashshoqlik Turkmaniston aholisining aksariyat qismini qamraganidan darakdir.

Amerika Ovozi: Turkmaniston ulkan zaxiralarga ega o’ta boy davlat, nega mamlakatda bunday vaziyat yuzaga kelmoqda?

Ak Velsapar: Siz haqsiz, mamlakat o’ta boy, har holda tabiiy gaz zaxiralari bo’yicha dunyodagi to’rtinchi o’rinda. Ammo xalq o’ta qashshoq. Chunki mamlakatni xalq oldida mutlaqo mas’uliyat sezmaydigan rahbarlar boshqarmoqda. Berdimuhammedov aymog’i 500 nafar atrofidagi a’zolardan iborat. Mamlakat boyligi shu aymoq o’rtasida taqsimlangan, barcha dastaklar ularning qo’lida.

Amerika Ovozi: So’nggi paytda Bedimuhammedovning salomatligiga doir turli xabarlar ko’paydi. Ayrimlarida uning og’ir kasal ekanligi haqida gap boradi, ammo sal o’tib Berdimuhammedovning o’zi ko’rinish berib qoladi. Sizningcha, uning salomatligi qanday?

Ak Velsapar: Bu yerda men faqat mamlakatdagi tarafdorlarimiz, shuningdek, hukumat doirasidagi manbalarimizdan kelgan ma’lumotlarga asoslanaman. Shundan kelib chiqsak, Berdimuhammedovning salomatligi yomon. Chunki u oxirgi 4-5 yil davomida faqat gemodializda (jigardan tashqarida qonni tozalash vositasi) yashaydi. Uning jigari ishdan chiqqan. 2019-yilning yozida u Turkiyada jigar transplantatsiyasini amalga oshirdi. Lekin Berdimuhammedov bu amaliyotdan so’ng yotib muolaja olmagan, hokimiyat talvasasida darhol Turkmanistonga qaytgan. Aytishlariga qaraganda, shu paytda rostdan davlat to’ntarishiga oid rejalar bo’lgan. Shunday qilib jigar transplantatsiyasi birikmagan, turkman shifokorlari hech narsa qila olishmagan. U esa komaga tushgan. Bu operatsiyadan ikki oylar o’tib yuz bergan. 1,5 sutka komada yotgan Berdimuhammedovni o’ldi deb o’ylashgan, shu paytda yana hokimiyat uchun kurash boshlangan. Bu kurashga Milliy xavfsizlik xizmati raisi, Ichki ishlar vaziri yetakchilik qilgan. Ammo bu reja fosh qilingan, ayni paytda ularning har ikkisi, yana o’nlab amaldorlar qamoqda. Xullas, bir kundan oshiq komada bo’lgan Berdimuhammedov hushiga keladi, organizm transplantatsiyani qabul qilmaydi. Hozir u yana gemodializda. Yevropalik shifokorlarning bu boradagi tashxislari jiddiy muammolardan darak beradi. Xullas, uncha uzoq emas. Shuning uchun ham 2021-yilda konstitutsiyada jiddiy buzilishlar kuzatildi, Berdimuhammedov o’g’li Sardorni shiddat bilan hokimiyatga olib kelmoqda. Berdimuhammedovning o’zi ham davri yakunlanayotganini anglayapti, o’g’li Sardorni prezidentlikka qo’yishga ulgurmoqchi. Meningcha, biz bunga yangi 2022-yilda guvoh bo’lishimiz mumkin.

Men fursatdan foydalanib qadrli qo’shnilarimizni, tinglovchilarni, o’zbek xalqini kirib kelayotgan yangi yil bilan tabriklamoqchi edim. Yangi yillarni demokratik Turkmanistonda va demokratik O’zbekistonda ham nishonlash nasib qilsin!

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG