Breaking News

Tahlil: Kreml yillardan beri Sovuq urush kayfiyatida


Prezident Vladimir Putin matbuot bilan suhbatda, 23-dekabr, 2021

Rossiya rahbariyatida yuqori lavozimda ishlab, hozirda iste'foga chiqqan suhbatdosh G'arbni Kreml bilan til topishish o'rniga unga qarshi tinimsiz harakatlarda va natijada aloqalarni tamoman izdan chiqqanlikda aybladi.

Hukumatda Boris Yeltsin prezidentligi davridayoq muhim vazifalarni bajargan, keyinchalik esa Putin komandasining yetakchi a'zolaridan biri bo'lgan bu shaxs deydiki, Putin G'arb bilan kelisha olmaymiz, degan xulosaga uzoq yillar oldin kelgan. Ukraina yuzasidan ziddiyatlar bu ishonchni yanada kuchaytirdi xolos, deydi sobiq rasmiy.

Hozirga kelib esa Kreml urush boshlashi kerak degan fikrlar ochiq yangraydi. Rossiya o'z harbiy qudratini ko'rsatib qo'yishi lozim, degan chaqiriqlar tez-tez quloqqa chalinadi. 2014-yilda Rossiya Qrimni egallagan bo'lsa, shunday taktika bilan Ukraina tomon yanada kengayib olishga qodir, degan mulohazalar matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.

18-dekabrda AQSh va Rossiya rahbarlari video muloqot qildi, ammo bu so'zlashuv Ukraina chegaralariga yaqin turgan 100 mingdan oshiq rus qo'shinlarini joyidan siljitmadi.

23-dekabrda jurnalistlar bilan anjumanda Prezident Vladimir Putin G'arbni Rossiyaga nisbatan aggressiyada ayblab, zarur bo'lsa, harbiy choralar ko'rishini qayd etgan.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda matbuot anjumanida, 16-dekabr, 2021
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda matbuot anjumanida, 16-dekabr, 2021

G'arb davlatlari rahbarlari esa NATOning sharq tomon kengayishi Rossiyani bu qadar xavotirga solishi asossiz. Ular nazarida Putin bu bahona bilan Yevropa xavfsizligini ta'minlashda bosh rolda bo'lishga intilmoqda.

G'arb aslo aggressor emas, deydi Amerika va Yevropa diplomatlari va harbiy rahbarlari. Rossiya bir paytlar Yevropaning yarmini nazorat qilgan. Kreml yana shunday kuchga ega bo'lishini xohlaydi, deya fikrlaydi ular.

G'arb siyosatchilariga ko'ra, Rossiya yillardan beri Amerika va Yevropaning yadroviy va boshqa energetik inshootlariga kiber-hujumlar qilib keladi, shuningdek, Yevropa sarhadlarida o'z dushmani deb bilganlarni o'ldirishga urinadi va bunga muvaffaq ham bo'lgan. Rossiya disinformatsion targ'ibotlarga zo'r bergan va Yevropadagi radikal kuchlarni quvvatlab keladi.

Oq uy nazarida agressor Rossiyadir. "Katta qo'shinni qo'shni davlat chegarasida shaylantirib qo'ygan - Putin", - deydi Prezident Jo Baydenning matbuot kotibi Jen Psaki.

Kreml rasmiyari nazarida esa G'arb Rossiya bilan tinchlik va kelishuv tarafdori bo'lganida NATOni kengaytirishga urinmagan bo'lar edi. 1999-yildan beri Markaziy Yevropadagi va Boltiq dengizi bo'yidagi qator davlatlar blokka qabul qilindi.

Amerikada kim prezident bo'lmasin, hammasi sobiq kommunist davlatlar qay davlat bilan qanday aloqa qilishni, kim bilan hamkorlik o'rnatishni o'zlari belgilashi kerak, degan. Bu borada Vashington va Moskva oldin ham kelisha olmagan, hozir ham shunday, deydi tahlilchilar.

Kreml Rossiyada va qo'shni davlatlarda hukumatdan norozi kuchlarni G'arb quvvatlamoqda deb hisoblaydi. Amerika va Yevropa Ittifoqini ular muxolifatni moliyalab, vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotganlikda ayblaydi.

Ukraina kuchlari, Donetsk, 23-dekabr, 2021
Ukraina kuchlari, Donetsk, 23-dekabr, 2021

Putin G'arbga keskin shartlar qo'ygan: NATO sharq tomon kengaymasligi kerak va blok federatsiyaga yaqin davlatlardagi harbiylar sonini kamaytirishi lozim. Ukraina va Gruziya NATOga qabul qilinmasligi kafolatlanishi zarur.

G'arb uchun bunday shartlarga ko'nish sobiq ittifoqdagi davlatlar faqat uning iznida va ta'siri ostida harakat qilishini tan olish demakdir.


Rossiya o'ziga xos imtiyozlarga va maqomga ega davlat sifatida ko'rilishni xohlaydi, deydi ekspetlar, Rossiya ommasi ham Kremlning bu pozitsiyasini ko'p jihatdan yoqlaydi. SSSR qayta tiklanmas, ammo Rossiya o'z qudratini kuchaytira oladi, deya ishonadi Putin tarafdorlari.

AQSh va Yevropa Ittifoqi esa Rossiya atrofidagi va uning ta'siri ostidagi davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga bel bog'lagan. Kreml buni biladi va G'arb bilan kelishmovchilik ortidagi asosiy omil shu bo'lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG