Breaking News

Putin G'arbga talablarini qayta bayon qildi


Bugun Rossiya Mudofaa vazirligi kollegiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida nutq so‘zlagan Prezident Vladimir Putin bir necha kun oldin G’arbga qo’ygan talablarini yana bir bor bayon qildi. Putin AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilarini Yevropada ziddiyatlarni kuchaytirayotganlikda ayblarkan, harbiy alyansdan sharq tomon kengayishni to’xtatishni talab qilmoqda.

Xalqaro hayot - 21-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

AQSh va NATOga taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlariga doir takliflarda Ukraina va sobiq Sovet respublikalarini NATOga qabul qilmaslik, Markaziy va Sharqiy Yevropadan alyans qurollarini olib chiqish so’raladi.

AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari aksincha Rossiyani Ukraina chegarasida qo’shin to’plab, hujumga hozirlanayotganlikda ayblayapti.

Putinga ko’ra esa NATO 1980-yillar oxiridan boshlab Rossiya chegarasi tomon kengayib bordi va Ukrainada ham qurollarini joylashtirsa, Moskva tahdid ostida qoladi.

“Har bir qadamga javob berishga majbur bo’lyapmiz. Vaziyat yomonlashmoqda. Bugun uni qanday bo’lmasin hal qilishimiz kerak”, - dedi Putin.

G’arbdagi tahlilchilarning Rossiya talablari qondirilishiga ko’zi yetmasa-da, Putin Vashington bunga tayyor ekaniga ishora qilyapti.

“Aniq yakuniy natijaga olib keladigan, barchaning xavfsizligini teng ta’minlaydigan konstruktiv, ma’noli muloqotga umid qilamiz”, - dedi Putin.

Ba’zilar Rossiya takliflarini ultimatum deya atamoqda, biroq Putinning o’zi ularni bunday deb atamaslikka chaqiradi.

Agar G’arb davlatlari agressiv siyosatdan voz kechmasa, Rossiya harbiy va harbiy-texnologik choralar bilan javob berishiga to’g’ri keladi, dedi u.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, AQShning xususiy harbiy kompaniyalariga aloqador 120 dan ortiq mutaxassis Ukraina sharqidagi ikki qishloqda Ukraina askarlarini harbiy tayyorgalikdan o’tkazmoqda, hujum uchun pozitsiyalarni o’rnatishda yordam bermoqda, Donetsk viloyatidagi ikkita shaharga kimyoviy moddalar yetkazilgan.

Vazir Rossiya yadro arsenali qoniqarli holatda ekanini, 89 foizi zamonaviy qurollardan iboratligini aytdi.

So’nggi yillarda Rossiya qator yangi qurollar yaratib, ularni sinovdan o‘tkazmoqda. Xususan bugun Yapon dengizidagi harbiy kemadan otilgan “Kalibr” qanotli raketasi ming kilometr naridagi nishonni aniq urgani aytildi.

Kecha esa Qrimda ilk bor “Orion” pilotsiz apparati namoyish etildi. O’rta balandlikda uzoq masofaga uchadigan, razvedka uchun moslashtirilgan jangovar dron yarimorolda havodagi nishonga aniq zarba berdi, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG