Breaking News

Pokiston Afg’oniston bilan chegarada to’siq o’rnatishda davom etadi


Afg'oniston bilan chegarani qo'riqlayotgan Pokiston askari. 18-oktabr, 2017

Pokiston 3-yanvar kuni Afg’oniston bilan chegarada xavfsizlik “devorini” o’rnatish jarayonlari davom etishi to’g’risida bayonot berdi. Shu paytga qadar yuzaga kelgan ixtiloflar diplomatik yo’l bilan hal etilishini, ayni damda Tolibon liderlari bilan muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy Islomobodda o’tgan matbuot anjumanida so’zlar ekan, mamlakat o’z manfaatlari yo’lida kurashni to’xtatmasligiga urg’u berdi. Diplomatning ta’kidlashicha, Afg’oniston bilan qariyb 2600 kilometrga cho’zilgan chegarada Pokiston bir tomonlama to’siq o’rnatish loyihasini davom ettiradi.

Qurayshiy Tolibon chegara xizmatining Pokiston tomonidan to’siq panjaralar o’rnatilishiga qarshilik ko’rsatganiga to’xtaldi. Xususan, dam olish kunlarida Tolibon to’siqlarning ma’lum qismini buzib tashlagani borasida o’z fikr-mulohazalarini bildirdi.

“Biz jim turmaymiz. To’siqlarni o’rnatdik va xudoning irodasi bilan harakatimizni davom ettiramiz. Afg’oniston biz bilan do’stona qo’shnichilik qilib kelgan. O’rtada tushunmovchilik yuzaga kelgan bir pallada ular bilan muzokaralarga kirishganmiz hamda masalani diplomatik yo’l bilan hal etishga qodirmiz”, - dedi diplomat.

Tolibon Mudofaa vazirligi vakili 2-yanvar kuni vaziyatga munosabat bildirar ekan, Pokiston Afg’oniston bilan chegarada qabilalarni ikki tomonga ajratadigan to’siq o’rnatishga haqli emas, deya bayonot bergan edi.

Afg’onistonda ketma-ket hokimiyatga kelgan barcha hukumatlar 1893-yilda Britaniyaning mustamlaka siyosati natijasida amalga oshirilgan demarkatsiyani qoralab kelgan. Chegara borasidagi bu bitim Hindistonda Britaniya hukumati kotibi Ser Mortimer Dyuran va Afg’onistonning o’sha paytdagi hukmdori Abdul Rahmon Xon o’rtasida imzolangan edi.

Pokiston Afg’oniston e’tirozlarini inkor etib keladi. Islomobod o’z daxlsiz chegarasiga Britaniyadan mustaqil bo’lgach, 1947-yilda erishganini iddao qiladi. Biroq tomonlarning chegara borasidagi ziddiyatli qarashi o’zaro munosabatlarga soya solib keladi.

Chegarada to’siq o’rnatish bo’yicha yirik loyiha Pokiston harbiylari boshchiligida 2017-yilda boshlangan. Islomobod chegara to’siqlari Afg’onistondan jangarilar kirishini to’xtatish va kontrabandani qisqartirishga xizmat qilishini ma’lum qilgan edi. Pokiston rasmiylarining bildirishicha, shu kunga qadar loyihaning 90 foizi tamomlangan.

Mazkur loyiha yuzasidan kelib chiqqan nizolar Tolibon hokimiyatga kelgunga qadar mamlakatni boshqargan sobiq hukumat kuchlari va Pokiston harbiylari o’rtasida bir necha bor qonli to’qnashuvlarga sabab bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG