Breaking News

Afg'onistonning harbiy ayollari endi o'zini ham himoya qilolmayapti


Afg'onistonning ayol askarlari, 24-avgust, 2014

Yillar davomida tayyorgarlikdan o'tib, yurtga xizmat qilishga shaylangan afg'on harbiylari, jumladan ayol zobitlar endi nima qilishni bilmay sarson.

"Biz qamoqdamiz hisob", - deya tasvirlaydi Jamila, 28 yoshli sobiq harbiy.

"Uydan chiqa olmaymiz, qo'rqinch ichidamiz", - deydi u, Hirotdagi uyidan turib, "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan.

Afg'oniston qurolli kuchlari safida 2021-yilda 6300 ayol askar bor edi. Ular hozir xizmatda emas, buning ustiga boshqa joyda ishlay ham olmaydi.

"Umid yo'q. Tolibon hukmronligi ostida biz kun ko'ra olmaymiz", - deydi Jamila.

Afg'on havo kuchlari Amerika harbiylari bilan, 2013
Afg'on havo kuchlari Amerika harbiylari bilan, 2013

Tolibon xotin-qizlarning mehnat qilishi, bilim olishi va sayohat qilshini cheklagan.

BMT va inson huquqlari tashkilotlari hisobicha, Tolibon o'tgan oylarda 100 dan ziyod sobiq harbiyni qatl etgan.

Jamila 10 yil xizmatda bo'lgan va u singari sobiq zobitlar o'ldirilgani yoki g'oyib bo'lgani haqida tez-tez eshitadi.

"Tolibon meni topib o'ldirishi hech gap emas. Dahshat ichra yashayapmiz".

Tolibon oldingi tuzumda ishlaganlarni jazolamaslikni va'da qilgan, ammo unga ishonch juda past.

Afg'on politsiyasi safidagi ayollar, 2012
Afg'on politsiyasi safidagi ayollar, 2012

Afg'onistonda o'tgan yilgacha 300 ming qo'shin bor edi. Xotin-qizlar ular orasida oz bo'lsa-da, mamlakatda 6300 ayol zobit xizmatda ekani mamlakat uchun ulkan yutuq edi.

4300 ga yaqini politsiyachi, 2000 ga yaqini armiyada va 150 nafari havo kuchlarida edi.

Hozir esa ular yashirinishga majbur, himoyasiz, kuchsiz.

Harbiy bo'lish azaldan oson emas, deydi Jamila. Oldingi hukumat davrida ham ayollarga nisbatan tahdid yuqori edi.

Ikki farzandli Jamila xizmatga kirganida oilasi keskin qarshi bo'lgan. Hozir ham yaqinlari undan norozi, chunki oilaning hayoti og'ir.

AQSh Jamila kabi ayollarni mukofotlagan, quvvatlagan, ammo bugun ularga yordam bermayotganlikda tanqid qilinadi.

Jamila deydiki, ayrim safdoshlari hozir Pokiston va Eronda, ammo aksariyati vatanda, kimdan najot so'rashni bilmaydi.

Pokistonda yurgan sobiq harbiy ayollardan biri oxirigacha kurashganini aytadi. Ammo, jangda boy berildi va askarlar qochdi.

"Tolibon bizning salohiyatimiz yuqori ekanini biladi va bizdan qo'rqadi. Shu bois bizni yo'q qilishga bel bog'lagan", - deydi bu ayol, ism-sharifini yashirar ekan.

Kobul xalqaro aeroportida afg'on harbiy ayollari xizmatda, 2013
Kobul xalqaro aeroportida afg'on harbiy ayollari xizmatda, 2013

"Tolibon bizga aslo joy bermaydi. Bizlarni aslo qabul qilmaydi, chunki ular nazarida ayollar odam emas, jamiyatning bir qismi emas", - deydi sobiq zobit.

Tolibon hozir o'zgargan, xotin-qizlarga oz bo'lsa-da erkinlik beradi, deganlarning fikriga u qo'shilmaydi.

Harakat hokimiyatga qaytgan paytda Afg'onistonda 3,5 millionga yaqin qiz o'rta va oliy ta'lim olayotgan edi. Davlat xizmatidagilarning 30 foizi, parlament a'zolarining qariyb 28 foizi ayollardan iborat edi.

"Biz hozir hech kimga kerak emasmiz, hech kim bizni himoya qilayotgani yo'q", - deydi yana sobiq harbiy ayol. "NATO bizni quvvatlagani uchun xizmatga kirgan edim, ammo bugun ular ham bizni unutdi".

Afg'onistonning Ayollar masalalari bo'yicha sobiq vaziri Husni Jalil deydiki, xavfsizlik sektorida ishlagan xotin-qizlar Tolibon nishonida.

"Ular ko'p emas, tezda aniqlab, yo'q qilish Tolibon uchun juda oson. Bu ayollarni hech kim himoya qilmayapti", - deydi Husni.

Ularga madad ko'rsatishni va'da qilgan hukumatlar nihoyatda sekin harakat qilmoqda, deydi sobiq rasmiy.

"Natijada bu insonlarni boy berayapmiz, ularni birma-bir o'ldirishmoqda".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG