Breaking News

Tokayevning Qozog'istoni Nazarboyev chizgan chiziqda


Qosim-Jo'mart Tokayev Qozog'iston prezidenti sifatida poytaxt Nursultonda 2019-yilning 12-iyunida qasamyod qilgan

AQSh va Qozog'iston arboblari orasida kechgan onlayn anjumanda Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiy tizimidagi haqiqat yanayam oydinlashdi: respublika uchun Nursulton Nazarboyev belgilab bergan yo'l o'zgarmagan. Ikkinchi prezident Qosim-Jo'mart Tokayev 2019-yilning oxirida lavozimga qasamyod qilganida Nazarboyev boshlagan jarayonlarni davom ettirib, davlatni mustahkamlashga so'z bergan. Vashingondagi tahlil markazi - Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti o'tkazgan davra suhbatida Nursultondan so'zlagan rasmiylar shuni qayd etdi.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri muovini Yerjan Ashikbayevga ko'ra, mamlakat hozir "islohotlarning birinchi to'lqinida", Tokayev boshlagan islohotlarning. Bu bilan Nazarboyev davrida islohotlar bo'lmagani tan olinmoqda, biroq "yangi jarayonlar" ham u ko'rsatgan yo'ldan chiqishni nazarda tutmaydi. Shunday ekan, olamshumjul o'zgarishlar kutmang.

Ya'ni, agar Qozog'iston Nazarboyev rahbarligida rasman mustaqil va suveren, iqtisodiy taraqqiyotni birlamchi deb biladigan, avtoritar, ammo sharqu-g'arb bilan samarali aloqa qilishga bel bog'lagan davlat sifatida shakllangan bo'lsa, hozirgi kurs ham xuddi o'sha.

Ashikbayev Tokayevni islohotchi deya ataydi, Qozog'iston bir joyda qotib qolgan tuzum emas, zamonaviy va xalq uchun xizmat qiladigan sistema bo'ladi, deydi u.

"Shu bois ham xalqaro hamjamiyat bizni quvvatlashi kerak", - deydi Ashikbayev.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri muvoni Yerjan Ashikbayev
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri muvoni Yerjan Ashikbayev

Tokayev davrida kuzatilgan yangiliklardan biri, deydi u, jamiyatda norozilik namoyishlari o'tkazish madaniyati rivojlana boshlaganidir. Rasmiy pozitsiya shuki, tartib va qoidalarga amal qilgan fuqarolarga aksiyalar o'tkazishga yo'l berilmoqda. Lekin tartibni buzib, ruxsatsiz ko'chaga chiqsangiz, organlar sizni olib ketadi.

Oxirgi oylarda viloyatlar bo'ylab, qolaversa poytaxtda ham shunday namoyishlar tez-tez o'tayapti. Chiqqanlar qashshoqlikdan, adolatsizlikdan, korrupsiya va tizim fuqaro uchun ishlamayotganidan shikoyat qiladi. Jurnalistlar va faollarga ko'ra, Qozog'istonda so'z va matbuot erkinligi kundan-kunga cheklanib, muhit repressiv tus olishda davom etmoqda.

Ashikbayev va boshqa rasmiylar bu tanqidlarni inkor etadi. Kamchiliklar talay, deydi ular, yechimlar sekin, biroq Qozog'iston, ularga ko'ra, aslo yopiq jamiyat bo'lishni istamaydi. Nazarboyev aytganidek, siyosiy taraqqiyot bosqichma-bosqich bo'ladi.

Ashikbayev deydiki, Qozog'iston tanlagan yo'ldan chiqish yoki katta o'zgarishlar qilish uchun hech qanday sabab yo'q.

"Biz to'g'ri yo'nalishda ekanimizga aminmiz", - deydi rasmiy.

Birinchi prezident Nursulton Nazarboyev tom ma'noda hokimiyatdan ketmagan. Elboshi degan oliy maqomga ega. O'z idorasi bor. Kuchli vakolatlarni boy bermagan, xususan Milliy xavfsizlik kengashiga raislik qiladi.

Nursultondagi Tashqi siyosat bo'yicha tadqiqot insituti rahbari o'rinbosari Bolat Nurgaliyevga ko'ra, hozirgi muammo - koronavirus. Pandemiya tufayli bu yilgi rejalar amalga oshmayapti, "islohotlar jarayoni sekinlashgan."

"To'xtab qolmadik, lekin sustlashdik... Biroq Qozog'iston taraqqiyotning yangi bir bosqichiga o'tdi", - deydi ancha yillar diplomatik lavozimlarda ishlagan Nurgaliyev.

"Qozog'iston xalqaro maydonda mas'uliyatli ishtirokchi bo'lish ahdida qat'iy. Uzoq yillik mojarolarga, xususan Suriyadagi urushga barham berish uchun tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishda davom etadi".

Nursultondagi Tashqi siyosat bo'yicha tadqiqot insituti rahbar o'rinbosari Bolat Nurgaliyev
Nursultondagi Tashqi siyosat bo'yicha tadqiqot insituti rahbar o'rinbosari Bolat Nurgaliyev

Hozir pandemiya haqiqatan Qozog'istonda avjida chiqqan payt. 8-iyulga ko'ra, mamlakatda rasman 51 mingdan oshiq odam virusni yuqtirgan, o'lganlar 264 nafar. Vafot etayotganlar soni keskin oshgan.

Qo'shni O'zbekistonda infeksiya hollari 11 mingga yaqin, kamida 42 kishi jon bergan.

Qirg'izistonda virusga chalinganlar qariyb 8500, o'lganlar 112 nafar.

Tojikistonda kasallikka mubtalo bo'lganlar 6400 odan ziyod, 54 kishi nobud bo'lgan.

Turkmanistonda hukumat virus haqida ham, infeksiya hollari haqida ham lom-mim demaydi. Rasman, biror bemor yo'q. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti vakillari bu hafta mamlakatga bordi, lekin ulardan ham darak yo'q.

Amerikalik professor, Markaziy Osiyoni uzoq yillardan beri o'rganib, rasmiy va ilmiy doiralar bilan muloqot olib boradigan olim Fred Starr nazarida Qozog'iston oxirgi yillarda tashqi siyosatda muvozanatga uncha urg'u bermayapti.

Sarmoya zarurligi aniq, lekin iqtisodiy hamkorlikda uzoq va yaqindagi davlatlar singari u ham Xitoyga tayanmoqda.

Nursulton Nazarvoyev hozirda prezident bo'lmasa-da, Elboshi degan oliy maqomga ega. O'z idorasiga ega, kuchli vakolatlari bor, xususan Milliy xavfsizlik kengashi raisi.
Nursulton Nazarvoyev hozirda prezident bo'lmasa-da, Elboshi degan oliy maqomga ega. O'z idorasiga ega, kuchli vakolatlari bor, xususan Milliy xavfsizlik kengashi raisi.

Ashikbayev deydiki, muvozanatni ta'minlash uchun hamon kuchli harakat qilinadi, lekin iqtisodiyotni kengaytirish, yangi jabhalarni rivojlantirish uchun imkoniyat qayerda bo'lsa, davlat shu tarafga qaramoqda. Xitoy va Rossiya roli haqida gap ketmoqda.

Aslida qaniydi, deydi rasmiy, G'arb davlatlari bilan Sharq davlatlaridek imkoniyatlar bo'lsa. Biroq bunga Qozog'iston kamchilik sifatida qaramaydi. G'arb bilan nima qilish mumkin bo'lsa, shunga intilmoqda, qolganlar nima taklif qilsa, manfaatlarni hisobga olgan holda, qo'l uzatmoqda, deya javob qiladi Ashikbayev.

AQSh bizneslari Markaziy Osiyoda eng ko'p sarmoya kiritgan davlat - Qozog'iston. 2019-yilgi raqamlarga ko'ra, 31 milliard dollardan oshiq. 2015-yildan beri Jahon Savdo Tashkiloti a'zosi. 2019-yilda Qozog'istonga chetdan 3,1 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri investitsiya borgan. 2018-yilda 3,8 milliard dollarga teng sarmoya kirgan. Investorlarni asosan neft va metallurgiya sanoati o'ziga tortadi.

Rossiya bilan 2018-yilda savdo aylanmasi qariyb 19 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoy bilan hamkorlikka kelganda esa Qozog'iston Pekinning 40 milliard dollarlik Ipak Yo'li fondiga ko'z tikkan. Bu jamg'armadan respublika bir necha loyihalar uchun mablag' keladi degan umidda.

Rossiya va Xitoy bilan rishtalarni o'ziga xos omillar tebratadi, deydi Qozog'iston diplomatlari, Nursulton ular bilan yaqindan ishlashdan manfaatdor.

Amerika bilan ham aloqa o'ziga xos va Pekin hamda Moskva bilan yaqinlik Vashingtonni "bizdan uzoqlashtirmaydi" degan ishonch kuchli. AQSh uchun siyosiy erkinliklar ustuvor ekanini ular biladi.

Qozog'istonning AQShdagi elchisi Erjan Kazixanovga ko'ra, Qozog'istonda rahbariyat siyosiy islohotlarsiz iqtisodiy taraqqiyot bo''lmaydi degan xulosaga kelib bo'lgan. Prezident Tokayev buni tez-tez ta'kidlab turibdi, quruq gap emas, deydi diplomat.

Toshkent, 29-noyabr, 2019
Toshkent, 29-noyabr, 2019

Markaziy Osiyo davlatlari orasida hamkorlik va muloqotni kuchaytirish masalasiga Nursulton oldingidek jiddiy qaraydimi? Tashqi ishlar vaziri muovini Ashirbayev deydiki, Qozog'iston bu xususda hamisha jiddiy bo'lgan va hamon shunday.

"Gap qolganlar qanchalik jiddiyligida", - deydi u.

Mintaqa liderlarining uchrashuvlari pandemiya sabab kechikdi, ammo onlayn dialogga aylangan. Rahbarlar regional integratsiya, xususan savdo, transport aloqalari hamda xavfsizlik haqida, shuningdek, oxirgi paytlarda pandemiya yuzasidan tez-tez gaplashib turibdi.

Qozog'iston va qo'shni davlatlar bir necha xalqaro tashkilotlar, mintaqaviy bloklar va kengashlarning a'zolaridir. Shu yilning oktabrida Turkiston shahrida turkiy davlatlarning rahbarlari uchrashishi rejalangan, pandemiya ungacha chekinsa, albatta. Elboshi Nazarboyev virusga chalingan va ayni damda muolajada.

Yerjan Ashikbayev deydiki, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya va Eron singari davlatlarga nisbatan siyosatida, ayniqsa keskin qarorlar qilayotganida Qozog'iston kabi ularga yaqin davlatlar bilan maslahatlashishi kerak. Chunki Moskva va Tehronga qo'yilayotgan sanksiyalar butun mintaqaga ta'sir qiladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG