Breaking News

Xorijdagi yana bir uyg'ur Xitoyga ekstraditsiya qilinishi mumkin


Idris Hasan 2020-yil Turkiyadan Marokashga uchib ketishi oldidan farzandlari bilan
Idris Hasan 2020-yil Turkiyadan Marokashga uchib ketishi oldidan farzandlari bilan

Turkiyadan Marokashga uchib borgan uyg‘ur erkak Xitoyga ekstraditsiya qilinish xavfi bilan yuzlashmoqda.

Idris Hasan boshidagi ko’rguliklar bundan 14 yil avval boshlangan. 2008-yil Xitoyning sharqiy qismidagi Xitoy neft universitetida o’qib yurganida mahalliy politsiya uni va to‘rt nafar uyg‘ur sinfdoshini kaltaklab, hibsga oladi.

Hasanning turmush o‘rtog‘i Zeynure Obulning aytishicha, politsiya uni va uyg‘ur sinfdoshlarini Shinjondan ekani hamda Xitoyning etnik xanlar yashaydigan shahrida shubhali ko‘ringani uchungina hibsga olgan.

“Ozod Osiyo” radiosi muxbiri o’sha paytda Hasan bilan bog’lanib, yuz bergan voqea bo’yicha intervyu oladi.

“Erim radio bilan telefon orqali suhbatda sodir boʻlgan voqea haqida gapirib berdi va oʻshandan keyin uning hayoti butkul o’zgardi”, - deydi hozir Istanbulda yashayotgan Obul “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Politsiya nishoni

Obulning so'zlariga ko'ra, turmush o’rtog’i ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusidan keyin muntazam ravishda politsiya so'roqlarining nishoniga aylangan.

“Ular uni AQSh ommaviy axborot vositasiga intervyu bergani uchun tergashdi va u oʻqishini tamomlagach, 2012-yilda, biz turmush qurganimizdan soʻng, mamlakatni tark etishga qaror qildi”, - dedi Obul.

Hasan Turkiyada boʻlganida grafik dizayn sohasida uygʻur huquq tashkilotlariga yordam berdi. Istanbulda bir yildan ortiq yashagan er-xotin gumanitar sabablarga ko'ra Istanbulda yana qolish uchun ruxsatnoma so’rab murojaat qildi.

“Men tezda gumanitar asoslarga ko’ra qolish uchun ruxsat oldim, biroq turk politsiyasi erimni ekstraditsiya markaziga olib borib, u yerda kamerada saqladi”, - deydi Obul.

Obulning aytishicha, turk hukumati unga Hasanning pasporti Xitoy tomonidan qidiruvga berilganlar ro‘yxatida ekanligini aytgan.

“2014-yildan o‘tgan yilga qadar turmush o‘rtog‘im Turkiya hukumati tomonidan o‘zboshimchalik bilan to‘rt marta hibsga olingan, — dedi Obul. – Uning Turkiyada eng uzoq hibsda qolishi bir yildan ortiq davom etgan".

2021-yilda Xitoy tomonidan qidirilayotgan uyg‘urlar haqida Turkiya hukumati chiqargan ro’yxatda o‘z ismini ko‘rgach, Hasan mamlakatni tark etishga qaror qildi.

Turkiyaning Qaysari shahrida uyg'ur qochoqlari yashovchi mahalla, 2015-yil, 11-fevral
Turkiyaning Qaysari shahrida uyg'ur qochoqlari yashovchi mahalla, 2015-yil, 11-fevral

“Uning Istanbul aeroportida Turkiyani tark etishga boʻlgan avvalgi ikki urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi”, - dedi Obul.

Unga ko’ra, chegara politsiyasi har ikki holatda uni soʻroq qilib, mamlakatni tark etishiga ruxsat bermagan.

Iyul oyida u nihoyat maqsadiga erishib, Marokashning Kasablanka shahriga uchib ketdi.

Hasan Marokashga yetib borgach, xotiniga yetib kelgani haqida xabar berdi. Lekin to'rt kundan keyin unga Kasablankadagi hibsxonadan qo'ng'iroq qilishdi. U aeroportda hibsga olingan va Tiflet shahri yaqinidagi qamoqxonaga olib ketilgan edi.

Interpol so'rovi

Obulning aniqlashicha, erining Marokashda hibsga olinishi Xitoyning Interpolga bergan so’rovi asosida sodir bo’lgan.

"Xalqaro Amnistiya kabi tashkilotlar erim himoyasi uchun gapirganidan so'ng, Interpol nihoyat erimning ismini o'z ro'yxatidan olib tashladi va bu o'zgarish haqida barcha 194 a'zo davlatni xabardor qildi", - dedi Obul.

Interpol “Amerika Ovozi”ning izoh so’rab qilgan murojaatlariga javob bermadi.

Biroq o‘tgan oy Marokash sudi tomonidan o‘tkazilgan oltinchi sud jarayonida Hasanni Xitoyga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqdi.

“Amerika Ovozi” Xitoyning Vashingtondagi elchixonasiga bog’lanib, Hasan nima uchun qidiruvga berilgani haqida so’radi; ammo bu murojaat javobsiz qoldirildi. Marokashning Vashingtondagi elchixonasi ham Hasanning deportatsiya qilinishiga oid “Amerika Ovozi” so‘roviga javob bermadi.

"Erimning ozodligini bir necha oydan beri kutayotgan edim. Endi esa Marokash hukumati erimning, uch farzandim otasining hayoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid soladigan qaror qabul qildi", - dedi Obul.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining Osiyo bo'yicha direktori Kerolin Neshga ko’ra, Hasan ishi "Xitoy hukumatining o’z repressiv kuchini chegaralaridan tashqarida ko’rsatishga, diaspora jamoalarini qo'rqitishga, ularning tanqidiy chiqishlarni o’chirishga qaratilgan favqulodda sa'y-harakatlar haqida jiddiy eslatma”dir.

“Marokash Bosh vaziri Aziz Axannuch Idris Hasanning ekstraditsiyasini zudlik bilan toʻxtatishi kerak, - dedi Nesh “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Agar ular [Marokash hukumati] bu majburiyatni bajara olmasa, bu dunyoning boshqa mintaqalaridagi uygʻur diaspora jamoalari xavfsizligi uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

Tazyiqlar haqidagi ayblovlar

Qo'shma Shtatlar hamda bir qator davlatlar Xitoyni Shinjondagi uyg'urlar va boshqa turkiy etnik guruhlarga nisbatan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab keladi. Bu da’volarda aytilishicha, bir milliondan ortiq uyg'urlar Xitoy hukumati tomonidan qiynoqlar va boshqa jabr-zulmga duchor qilinib, majburiy lagerlarga tashlangan.

Pekin bu ayblovlarni rad etadi va lagerlar Shinjondagi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda uyg‘urlar hayotini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan “kasb-hunar o‘rgatish markazlari” ekanini aytadi.

BMTning inson huquqlari bo'yicha ekspertlari Marokashni Hasanni Xitoyga ekstraditsiya qilishni to'xtatishga chaqirdi.

Vashington choyxonasi: uyg'urlarning o'zbeklarga aytadigan qanday gaplari bor?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:54:56 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG