Breaking News

Xitoy uyg'ur millatli chet el fuqarolarini nishonga olmoqda


Xitoyda hibsga olingan Turkiya fuqarolari Yahyo Qurbon va Amina Qurbon
Xitoyda hibsga olingan Turkiya fuqarolari Yahyo Qurbon va Amina Qurbon

Huquq faollarining aytishicha, Xitoy hukumati millati uyg'ur bo'lgan xorij fuqarolariga ham tazyiq o'tkazmoqda. Maqsad xorijliklarning Shinjondagi uyg'urlar bilan aloqasini kesish, deydi ekspertlar.

"Amerika Ovozi" etnik kelib chiqishi uyg'ur bo'lgan ko'plab xorij fuqarolari Xitoyda hibsda saqlanayotganini o'rgandi. Istanbullik Hankiz Qurbonning aytishicha, uning ota-onasi - Turkiya fuqarolari bo'lgan 54 yoshli Yahyo Qurbon va 51 yoshli Amina Qurbon 2017-yil 11-sentabrdan beri Xitoyda hibsda. Ular kiyim-kechak biznesini yo'lga qo'yish uchun Shinjon poytaxti Urumchiga borganda qo'lga olingan.

"Onam titroq ovozda Pekindagi Turkiya elchixonasiga bog'lanib, yordam so'rashimni aytgan edi. Uning ovozini so'nggi bor o'shanda eshitdim", - deydi Hankiz.

Ozod qilish uchun harakat

Hankiz shundan beri ota-onasini ozod qilishga urinadi. Turkiya elchixonasi bu masalada Xitoy rasmiylari bilan gaplashayotganini aytgan, lekin biror o'zgarish yo'q.

Yana bir turkiyalik uyg'ur Mehmet Emin Nasir 2017-yil Qashqarda hibsga olingan. U shaharda turk pardalari do'koniga egalik qilgan.

"Pekindagi Turkiya elchixonasiga, Anqaradagi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga, Prezident idorasiga rosa telefon qildik. "Kuting, bu ish ustida ishlayapmiz", degan javob bo'ldi, xolos", - deydi Mehmetning opasi Muyassar Temel.

Xitoyda hibs qilingan Turkiya fuqarolari haqida parlament so'roviga javoban Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li ularni uyga olib kelish uchun barcha diplomatik choralar ko'rilayotganini aytdi.

Dunyo bo'ylab uyg'urlar soni 12 milliondan ortiq ekani aytiladi. Ularning 90 foizdan ortig'i Xitoyning Shinjon avtonom viloyatida yashaydi. Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistonda hamda Turkiya va bir qator G'arb davlatlarida ham uyg'ur diasporalari bor.

Xitoy hukumati 2017-yildan beri ikki millionga yaqin uyg'ur va boshqa ozchilik musulmon elatlarni majburiy lagerlarda saqlayotganlikda ayblanadi. Bu yerda ular dini va madaniyatidan voz kechishga majburlanayotgani aytiladi. Ozodlikda qolganlar ham qattiq nazorat va kuzatuv ostida.

Xitoy hukumati majburiy lagerlar haqidagi da'volarni inkor etib, uyg'urlarga bu yerda faqat kasb-hunar o'rgatilayotganini aytadi. Pekinga ko'ra, mintaqada terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash ketyapti.

Sizib chiqarilgan hujjatlar

Noyabr oyida G'arb ommaviy axborot vositalarida Xitoy hukumatining uyg'ur siyosati aks etgan bir qator ichki hujjatlari oshkor qilindi. Ularga ko'ra, 2017-yil millati uyg'ur bo'lgan ba'zi xorij fuqarolarini chegarada hibsga olish bo'yicha politsiya va chegara xizmatiga ko'rsatma berilgan.

Shuningdek, hujjatlardan ma'lum bo'lishicha, asli shinjonlik bo'lgan va xorijiy davlatlar fuqaroligini olgan 1535 kishi hukumat nazoratida. 75 xorijlik Xitoy qamog'ida ekani aniqlangan; 560 odamning qayerda ekani noma'lum. Hibsdagi 75 xorijlik orasida 26 ta Turkiya, 23 ta Avstraliya, beshta Kanada, beshta Shvetsiya, uchta AQSh, uchta O'zbekiston, uchta Finlyandiya, ikkita Britaniya, ikkita Yangi Zelandiya, bir Fransiya va bir Qirg'iziston fuqarosi bor.

Avstraliyalik uyg'ur Sadam Abdusalamning oilasi 2017-yil boshidan beri Xitoydan chiqa olmayapti. Uning xotini Nadila Xitoy fuqarosi. U 2016-yil Avstraliya vizasiga hujjat topshirmoqchi bo'lganda Xitoy rasmiylari pasportini tortib olgan. Oradan bir necha oy o'tib tug'ilgan o'g'li Lutfi ham Avstraliya fuqarosi, ammo onasi bilan birga otasining oldiga ketishiga ruxsat berilmayapti.

Huquq faoli Nurgul Savutning aytishicha, uch avstraliyalik bola va yana bir avstraliyalik ona Xitoydan chiqa olmayapti.

"Sadamning o'g'lidan tashqari yana ikki avstraliyalik bola buvisi tomonidan Xitoyga oilaviy safar uchun olib ketilgan. Avstraliyada doimiy yashovchi bir rezident Xitoyga borishi bilan pasporti tortib olingan va uy qamog'iga tashlangan", - deydi u.

Hibsga olinganlar va ozod qilinganlar

Avstraliyalik uyg'ur Xayrulloh Muhammad 2017-yil iyulda Xitoyning Chendu aeroportida hibsga olingan. Pekindagi Avstraliya elchixonasi aralashuvidan so'ng ozod qilindi. Xayrulloh bir oyga yaqin hibsda saqlangan.

"Chendu aeroportida Shinjondan kelgan maxsus politsiya tomonidan hibsga olindim va Urumchiga olib borilib, uch hafta ichida kamida yetti marta so'roq qilindim", - deydi u.

Qozog'iston fuqaroligini olgan Omir Bekali ham 2017-yil aprelda oilasini ko'rish uchun Shinjonga borganda qo'lga olingan.

"Ular qo'llarimga va oyoqlarimga kishan solib, boshimga qora qop kiydirishdi", - deya xotirlaydi Bekali.

U qamoqxonadagi og'ir sharoitlar tufayli vaznining qaryib yarmini - 63 kilo yo'qotdi.

"Yoqolib qolganim haqida matbuotga, Qozog'iston rasmiylariga va Qozog'istondagi BMT ofisiga gapirgan xotinimning harakati tufayli yetti oy deganda ozod bo'ldim. Ochlik, uyqusizlik, qiynoqlar va so'roqlarga duchor bo'ldim", - deydi u.

Ba'zi ekspertlar nazarida, Xitoy hukumati xorijlik uyg'urlarni dushman agentlari yoki josuslar sifatida ko'radi. Pekin Shinjondagi kirdikorlarining xorijliklar tufayli dunyoga oshkor bo'lishidan qo'rqadi, deydi ular.​

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG