Breaking News

BMT: Afg'onistonda 100 dan ziyod sobiq harbiylar o'ldirilgan


Afg'on harbiy akademiyasi bitiruvchilari, Kobul, 29-noyabr, 2020
Afg'on harbiy akademiyasi bitiruvchilari, Kobul, 29-noyabr, 2020

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishga ko'ra, Afg'onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri 100 dan ortiq sobiq harbiy qatl etilgan, jumladan milliy armiya vakillari va xalqaro koalitsiya bilan ishlagan afg'onlar.

Bu insonlarning kamida uchdan ikki qismi hech qanday sudlovsiz o'ldirilgan. Vaholanki, deydi Guterrish, Tolibon ularni afv etishini e'lon qilgan edi.

BMTning Afg'onistondagi idorasi, shuningdek, "Islomiy davlat" terror guruhiga aloqadorlikda gumon qilingan kamida 50 afg'on ham yo'q qilinganini aniqlagan.

Guterrish deydiki, Tolibon oldingi hukumatga ishlaganlarni va xalqaro koalitsiya bilan hamkorlik qilganlarni ayovsiz bosim ostiga olmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari hujumlarga uchramoqda; tazyiq ostida; asossiz qamoqqa olinib, qiynoqqa solinadi va o'ldiriladi, deydi Guterrish.


BMT hisobotida qayd etilishicha, halok bo'lgan sakkiz faoldan uch nafari Tolibon, yana uch nafari esa "Islomiy davlat" qo'lida bo'lgan. Bir jurnalist ekstremistlar tomonidan qatl etilgan.

BMT Tolibonni o'nlab asossiz hibslarda ayblamoqda. Tolibon markaziy hukumatni 2021-yilning 15-avgustida egalladi. Ungacha ham mamlakatning katta qismini nazorat qilayotgan va yalpi qotilliklikda ayblanayotgan edi.

Biroq boshqaruvni qo'lga olgach harakat xalqni ezmaslikni va'da qildi. Xalqaro hamjamiyatni uni tan olib, hamkorlik qilishga undar ekan, afg'on fuqarolari talablarini qondiruvchi tizim joriy etishga so'z berdi.

Amalda esa Tolibon xotinq-qizlarni jamiyat hayotidan uzoqlashtirishga, ularning erkinligini tubdan cheklashga bel bog'lab, uning siyosatini savolga tutgan har kimga zug'um o'tkazishda davom etmoqda.

Tolibonni hali biror davlat tan olmagan. G'arb moliyaviy institutlari Afg'onistonga mablag' uzatishni to'xtatgan. Natijada mamlakat iqtisodi izdan chiqqan. Ocharchilik va taqchillik hukmron.

BMT Afg'onistonga zarur yordamni berish uchun 8 milliard dollar zarur deya, a'zo davlatlardan madad so'ramoqda.

Guterrish vaziyatni "qil ustida" deya tasvirlaydi va afg'on xalqi tinimsiz qiyinchiliklar domida ekanini eslatadi. Afg'oniston har tomonlama jar yoqasida, deyiladi BMT tahlilnomasida.

Gumanitar inqiroz, keng ko'lamli iqtisodiy tanazzul, bank va moliya tizimi qulashi, buning ustiga Tolibon hamon yangi inklyuziv tizim tuza olmay, jamiyatni azoblayotgani - bu holatlarga dunyo ahli loqayd bo'la olmaydi, deydi BMT Bosh kotibi.

"Taxminan 22,8 million afg'on och-nahor", - deydi Guterrish.

BMT hisobicha, 5 yoshga kirmagan afg'on bolalarining yarmi misli ko'rilmagan ochlik xavf bilan yuzlashmoqda.

Afg'onistondan yagona xush xabar shuki, u yerda xavfsizlik bilan bog'liq ahvol yaxshilangan, deydi Guterrish, hujumlar ikki yil oldingi davr bilan qiyoslaganda 91 foizga kamaygan.

Nangarhor, Kobul, Kunar vba Qandahor - eng notinch viloyatlar.

Tolibon kuchlariga nisbatan xurujlar ortgan, deya kuzatadi BMT.

Bu harakatlarni amalga oshirayotganlar muxolifatchilar va sobiq hukumat a'zolaridan tashkil topgan guruhlar bo'lib, ular Panjshir va Bag'lon viloyatlaridan turib faoliyat yuritmoqda.

Etnik nizolar qonli mojarolarga yetaklashini afg'on xaqi ko'p ko'rgan. BMT shunday urushlar avj olishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Guterrishga ko'ra, xalqaro hamjamiyat uchun birlamchi vazifa Afg'onistonda ocharchilikka qarshi kurashishdir. Tolibon esa, deydi u, avvalo xalqni ezishni bas qilib, fuqaro huquqlarini hurmat qila boshlashi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG