Breaking News

Virjiniyada qochqinlarni qabul qiluvchi yangi markaz ochilishi mumkin


Qochqinlar vaqtincha yashayotgan lager, Fort Diks bazasi, Nyu-Jersi shtati

Turli manbalarga ko’ra, AQSh hukumati evakuatsiya qilingan afg’onlar uchun Virjiniya shtati shimolida yangi markaz ochmoqchi. Ammo bu haqda hali rasman e’lon qilinmasidan oldin mahalliy sherif reja yuzasidan xavotir bildirdi.

Yangi markaz Virjiniyaning Lizburg shahrida, fevral oxirida yoki mart boshida ishga tushishi mumkin. Vazirlikka ko’ra, uning joylashuvi hali tasdiqlanmagan.

Lizburg joylashgan Lauden okrugining politsiya boshqarmasi Ichki xavfsizlik vazirligidan olgan ma’lumotga ko’ra, har oy 2000 ga yaqin afg’onni Qatar va boshqa mamlakatlardan AQShga ko’chirish jarayoni yaqin orada boshlanadi. Ularni Virjiniyadagi Dallas aeroporti yaqinidagi Milliy konferensiya markaziga (MKM) joylashtirish rejalangan.

Sherif Maykl Chapman “kommunikatsiya va rejalar xom ekani, til bilan bog’liq to’siqlar, MKMning mahallalar va ikki maktabga yaqinligi” xususida shikoyat qilmoqda. U bu haqda Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas bilan gaplashganini aytadi.

Qochqinlarni harbiy obyektlardan shaharlarga ko’chiriliyotgani AQShning evakuatsiya amaliyotida katta burilishdir. Afg’onistondagi evakuatsiyadan so’ng ular uchun AQSh harbiy bazalarida lagerlar qurilgan edi.

Ichki xavfsizlik vazirligining bildirishicha, hozirda Nyu-Jersi shtatidagi Fort Diks harbiy bazasida taxminan 1200 afg’on qolgan. Vazirlikning “Reyter” axborot agentligiga bildirishicha, ular yangi markaz ishga tushguncha bazada yashaydi.

Shu kungacha AQShda taxminan 80 ming afg’on joylashtirilgan.

Harbiy bazalarda vaqtincha yashagan afg’onlar orasida maxsus immigratsion vizaga ariza topshirgan afg’onlar ham bor. Bunday vizaga AQSh askarlari bilan ishlagani uchun hayoti xavf ostida qolgan odamlar topshirishi mumkin.

Minglab boshqa afg’onlar esa Qo’shma Shtatlarga gumanitar asosda kiritilgan, ular boshpana so’rashga haqli.

Bayden ma’muriyati Kongressdan afg’onlar Amerika fuqaroligini olishi uchun imkoniyat yaratishga undamoqda.

Afg’onistondan olib chiqilgan va chet mamlakatlarda vaqtincha yashayotgan afg’onlar ham anchagina. AQSh rasmiylari ularning ishlari ko’rib chiqilayotgani, logistik muammolar borligini qayd etadi.

Tekshiruvdan o’ta olganlariga qochqinlarni tezlashtirilgan tartibda qabul qilish dasturi doirasida AQShga kelishga ruxsat berilishi mumkin.

Ammo Afg’onistonda qolganlar uchun chiqish yo’llari cheklangan. Fevral oyi o’rtasidagi holatga ko’ra, gumanitar asosda AQSh vizasini olish uchun murojaat qilgan 43 ming afg’ondan atigi 170 nafariga viza berilgan.

"Reyter" axborot agentligi ma'lumotlaridan foydalanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG