Breaking News

Olimpiadada qatnashgan uyg’ur sportchilarning holi ne kechadi?


Chang'ichi Dilnigor Ilhomjon
Chang'ichi Dilnigor Ilhomjon

Xalqaro jamoatchilik uyg’ur xalqi zulm ostida ekanini ta’kidlar ekan, Xitoy 2022-yilgi Olimpiadaning ochilish marosimida mash’alni yoqish uchun uyg’ur sportchisi Dilnigor Ilhomjonni tanladi. Ammo 20 yoshli chang’ichi bu sharafga muyassar bo’lgan oldingi vatandoshining taqdirini takrorlamaslikka umid qila oladi xolos.

2008-yilgi Yozgi Olimpiada ramziy olovini yoqib bergan Odil Abduraim oradan 9 yil o’tib qamoqqa olingan. “Ozod Osiyo” radiosiga ko’ra, u “aksil-inqilobiy videolarni tomosha qilgani uchun 14 yillik qamoq jazosini o’tamoqda”.

Dilnigor Ilhomjon singari Abduraim ham mutasaddilar tomonidan “Xitoy xalqining faxri va vakili”, deya olqishlangan edi, deydi uning jiyani Abduvali Ayub “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. Unga ko’ra, Pekin Abduraimdan “2008-yilda propaganda uchun foydalandi, Olimpiadada ishtiroki uni qutqara olmadi”.

Abduvali Ayub, Norvegiyada yashovchi uyg’ur faol, 2008-yilgi musobaqada qatnashgan va keyinchalik ta’qibga uchragan boshqa uyg’ur sportchilar haqida ham ma’lumot to’plagan.

Shulardan biri hozirda faolga aylangan va 2022-yilgi o’yinlarni boykot qilishga chaqirgan Kamolturk Yolqindir. 2016-yilda uning otasi, adabiyotshunos Yolqin Ro’zi hibsga olinib, separatizm aybi bilan 15 yilga qamalgan.

“O’nlab yildan buyon “raqsga tushayotgan quvnoq uyg’ur” obrazi Xitoyning “etnik birlik va totuvlik” qissasi uchun tashviqot vositasi bo’lib xizmat qilib kelmoqda, - deydi Kamolturk Yolqin. – Bu gal ham uyg’ur sportchiga xuddi shu maqsadda butun dunyo oldida shunday sharaf berildi”.

Dilnigor Ilhomjonni Olimpiya olovini yoqish uchun tanlab, Xitoy Shinjondagi siyosatini tanqid qilayotganlarning ovozini o’chirishga urinayotganini uyg’ur faollargina qayd etayotgani yo’q.

Britaniya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar ham Shinjon bo’yicha siyosatni genotsid deya baholab, o’z diplomatlarini musobaqaga jo’natmadi.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild so’zlariga ko’ra, Pekin masha’lni yoqqan ikki sportchidan biri sifatida uyg’urni tanlagani jamoatchilikni “asl masaladan chag’itishga urinishdir”.

“Uyg’urlar qiynoqqa solinmoqda, ular Xitoy tomonidan inson huquqlari oyoq osti qilinishining qurbonidir. E’tibor mana shunda bo’lishi kerak”, - dedi elchi “CNN” telekanali bilan intervyuda.

Xitoyning BMTdagi elchisi Tsan Junning javobi shuki, “AQShning Shinjonda genotsid bo’layotgani haqidagi yolg’onlari allaqachon faktlar bilan inkor etilgan”.

“Barcha etnik guruhlar vakillari tinch, ahil va baxtli hayot kechirmoqda. Dilnigor Ilhomjon Xitoy xalqining faxri va ajoyib vakili. AQSh nimaga asoslanib, bunchalik g’azabda? Nega?”, -deyiladi Tsanning bayonotida.

Ilhomjon musobaqaning ilk kunlarida chang’i poygasida 43-o’rinni olganidan so’ng ommaga ko’ringani yo’q.

“Dilnigor Ilhomjon bir kuni oddiy bir sababga ko’ra, ya’ni uyg’urligi uchun qamoqqa tashlanishi mumkin”, - deydi Abduvali Ayub.

Xalqaro hamjamiyat olimpiadadan keyin uning taqdiriga befarq bo’lmaydi, deb umid qilamiz, deya qo’shadi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG