Breaking News

Turkiyadagi uyg'urlar Sharqiy Turkistondagi yaqinlaridan xavotirda


"Xitoydagi qizlarimdan 4 yildan beri xabar ololmayapman"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:06 0:00

Xitoydagi uyg‘urlar va boshqa ozchiliklar inson huquqlari buzilayogani sababli boshqa davlatlarga ko‘chib ketmoqda.

32 yoshli Umar Farruh 2017-yilda rafiqasi va ikki qizi bilan Xitoydan Turkiyaga kelgan, qolgan ikki qizi va barcha qarindoshlarini ortda qoldirishga majbur bo‘lgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Farruh boshidan kechirgan muammolar Xitoy 2016-yilda sharqiy turkistonliklarning pasportlarini tortib olmoqchi bo‘lganida boshlanganini aytadi.

“Qizlarimdan 4 yildan beri xabar ololmayapman”

Xitoy qonunlariga ko‘ra ikki nafardan ortiq farzand ko‘rish taqiqlangani bois Farruh to‘rt farzandidan faqat ikki nafariga pasport ololgan. U 2016-yilda ishlari bilan Saudiya Arabistonida ekanligida xotini unga qo‘ng‘iroq qilib, Xitoy politsiyasi pasportlarini olish uchun uyga kelganini aytadi.

Farruh bu xabardan qattiq xavotirga tushgan. Voqeaning davomini quyidagicha hikoya qiladi:

“Xotinim va farzandlarimning pasportlarini ham tortib olishlari mumkinligini o‘ylab, rafiqamga politsiyaga pasportlarni keyinroq olib boramiz, deb aytishini tayinladim. Politsiya bu taklifga rozi bo‘lib ketgandan keyin men xotinim va bolalarimni u yerdan olib chiqmoqchi bo‘ldim. Afsuski, Xitoy qonunlariga ko‘ra, ikkitadan ortiq bola taqiqlangandi. Shu sababli faqat ikki qizimning pasporti bor edi. Qolgan ikki qizimga pasport ololmaganman, afsuski, ularni o‘sha yerda qoldirishga majbur bo‘ldim. Akalarim qizlarimni orqamdan jo‘natishmoqchi edi, lekin Turkiyaga kelganimdan keyin oilam bilan aloqam butunlay uzilib qoldi. Shuning uchun to‘rt yildan beri qizlarimning ovozini eshitolmayapman. Nogironlar aravachasida harakatlanadigan 67 yoshli onam tirikligi yoki tirik emasligini ham bilmayman”.

Xitoyni tark etayotib, ikki qizini qaynonasiga qoldirganini aytgan Umar Farruh shunday deydi:

“Keyinroq olgan xabarimga ko‘ra, qaynonam, qaynotam, qayinukam va ikki akamni konslagerga olib ketishibdi. Ularning olib ketilishining yagona sababi – qaynonam va qaynotamning namoz o‘qishi. Ikki akamni olib ketishlariga Turkiyaga sarmoya kiritganliklari sabab bo‘lgan. Akalarim 2016-yilda tibbiyot turizmi loyihasini boshlagan edi. 100 million dollarlik loyiha edi. Akamning yonidagi xitoyning aytishicha, akamga o‘xshagan boylar qolmagan, hammasini politsiya olib ketgan”.

“Qarindoshlarim Xitoydagi konslagerlarda”

Farruh Xitoyga qarshi hech qanday bayonot bermaganliklarini yoki qandaydir ish qilmaganliklarini aytar ekan, vaziyatdan juda hayron qolganini bildirdi.

Xitoy oilamizni tarqatib tashladi. Faqat men chet eldaman. Akalarim va qarindoshlarim hozir u yerda konslagerlarda, zindonlarda. 5-6 yoshli bolalarimning nima gunohi bor?

“Men Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan yoki Turkiyada yashayotgan paytlarimda Xitoyga qarshi biror tashkilotga qo‘shilmaganman. Xitoyga qarshi hech narsa demaganman. Akalarim ham faqat savdo bilan shug‘ullangan, Xitoyga qarshi hech narsa qilmagan odamlar edi. Shunday bo‘lsa-da, biz duch kelgan holat mana shu. Xitoy oilamizni tarqatib tashladi. Faqat men chet eldaman. Akalarim va qarindoshlarim hozir u yerda konslagerlarda, zindonlarda. 5-6 yoshli bolalarimning nima gunohi bor? Nega Xitoy ularni menga qaytarmayapti?”, - deya so’raydi u.

“Xudoga ishonmaganimda, allaqachon o‘zimni o‘ldirgan bo‘lardim”

Umar Farruh Turkiyada yana bir farzandli bo‘lishganiga qaramay, boshlaridan o‘tkazgan jarohatni yenga olishmaganini, butun oilaning ruhiyati yomonlashganini aytadi:

“Haqiqatan qiyin ahvoldamiz. Rafiqamning ruhiyati yomonlashdi, men bilan gaplashmay qo‘ydi. Kechalari nuqul yig‘laydi. Bu voqealar katta qizimga ham qattiq ta’sir qildi. Mendan tinmay singillarim bilan qachon uuchrashamiz, deb so‘raydi. Ota sifatida chindan ham qiyin avholda qoldim. Agar iymonim bo‘lmaganida, xudoga ishonmaganimda allaqachon o‘z jonimga qasd qilgan bo‘lardim. Qizlarimni juda sog‘indim. Boshqacha azob bo‘lsa, balki inson chidashi mumkin, lekin bunga chidash qiyin. Buni faqat menga o‘xshaganlar tushuna oladi. Bu yerdagi ikki qizimga ta’sir qilmasin deb ularga dardimni sezdirmaslikka harakat qilaman, lekin kechalari men ham uyxlay olmayman”.

Umar Farruh 2020-yilda turk fuqaroligini olgandan so‘ng Turkiya Tashqi ishlar vazirligi orqali qizlari haqida so‘rab-surishtirishni boshladi, biroq hozircha hech qanday natija bo‘lmadi.

Qizlarimni juda sog‘indim. Boshqacha azob bo‘lsa, balki inson chidashi mumkin, lekin bunga chidash qiyin. Buni faqat menga o‘xshaganlar tushuna oladi.

“2020-yil iyul oyida fuqarolik oldim. Turkiya fuqaroligini olganimdan keyin Sharqiy Turkistonda qolgan ikki qizim ham turk fuqarosi bo‘ldi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildim, prezident huzuridagi aloqa markaziga yozdim. Ular ham harakat qilishdi. Ovozimni dunyoga va Turkiyaga yetkazish uchun ijtimoiy tarmoqlarda nuqul prezident ma’muriyati, Tashqi ishlar vazirligi va Pekindagi elchixonani belgilayman. Turkiyaning Pekindagi elchixonasi menga qo‘ng‘iroq qildi. Qizlarimni olib kelishlarini aytishdi, afsuski, hali ham natija ololmadim”.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan Tashqi ishlar vazirligidagi diplomatik manba shaxsiy ma'lumotlarini bo‘lisha olmagani uchun mavzu bo‘yicha ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Bundan tashqari, “Amerika Ovozi” Xitoyning Anqaradagi elchixonasidagi manbadan ham ma’lumot so‘radi, biroq javob ololmadi.

“Butun dunyodan yordam so‘rayman”

“Umidimni uzmayman, – deydi Umar Farruh. – Xudo xohlasa, qizlarim bilan ko‘rishaman. Men butun dunyodan yordam so‘rayman. Bizni o‘zlarining o‘rniga qo‘yib ko‘rishlarini, dardimni tushunishlarini va yordam berishlarini istayman”.

Turkiya tarixiy rishtalar tufayli Xitoydagi ta’qiblardan qochgan uyg’urlar uchun eng yirik diaspora markazi hisoblanadi.

Turkiyada yashovchi uyg‘urlar soni haqida jamoatchilikka ochiq bo‘lgan rasmiy ma’lumot yo‘q. Biroq 2021-yil may oyida Jahon uyg‘ur kongressi chop etgan hisobotga ko‘ra, Turkiyada 50 mingdan ortiq uyg‘ur yashaydi. Hisobotda aytilishicha, Turkiyadagi uyg‘urlarning aksariyati Istanbuldagi Sefako‘y va Zeytinburnuda istiqomat qiladi.

“Xitoydagi qizlarimdan 4 yildan beri xabar ololmayapman”

32 yoshli Umar Farruh 2017-yilda rafiqasi va ikki qizi bilan Xitoydan Turkiyaga kelgan, qolgan ikki qizi va barcha qarindoshlarini ortda qoldirishga majbur bo‘lgan. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda boshdan kechirganlarini so’zlab berdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG