Breaking News

Afrikalik qochoqlar Ukrainada diskriminatsiyaga uchragani haqida shikoyat qilmoqda


Afrikaliklar Ukrainaning Lvov shahrida poyezda chiqish uchun navbat kutmoqda, 2022-yil, 27-fevral.
Afrikaliklar Ukrainaning Lvov shahrida poyezda chiqish uchun navbat kutmoqda, 2022-yil, 27-fevral.

Rossiya bosqini ortidan Ukrainani tark etayotgan xorijliklar orasida afrikalik ishchilar va talabalar avtobuslar, poyezdlar va chegara o‘tish punktlari ularga nisbatan to‘sib qo‘yilayotganidan va birinchi navbatda Ukraina fuqarolariga ustuvorlik berilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Amerika rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQSh bu masaladan xabardor ekanini aytdi va bu “xavotirli masala” ekanini ta’kidlash bilan birga seshanba kuni koʻp sonli nigeriyaliklar Ukrainani tark etishga muvaffaq boʻlganini qayd etdi.

Ukraina hukumati mamlakatni tark etmoqchi bo'lgan ukrainalik ayollar va bolalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda, lekin afrikaliklarga boshqa chet elliklardan qanchalik farqli munosabatda bo'lganligi noma'lum. Jang qilish yoshidagi ukrainalik erkaklarga mamlakatni tark etishga ruxsat yo’q.

Shunga qaramay, ba'zi afrikaliklar Ukrainani tark etishga urinayotgan yuz minglab odamlar orasida irqiy kamsitishga uchraganini da'vo qilmoqda. Bu Ukraina rasmiylari tomonidan rad etilgan bo’lsa-da, AQSh va xalqaro tashkilotlarning xavotirlariga sabab bo’ldi.

Ukraina g'arbidagi Ternopil shahrida tibbiyot fakultetida tahsil olayotgan liberiyalik Avgustin Akoi Kolli shanba kuni Ruminiya chegarasini kesib o'tishni kutayotganda muammoga duch kelganini aytdi.

Rasmiylar birinchi navbatda ayollar va bolalarni o’tkazishini aytgan bo’lsa-da, afrikalik ayollar ortda qolishdi, dedi u.

"Bu irqiy kamsitish, - deya qo’shimcha qildi u. - Chunki siz ayollar va bolalarni olayotganingizni aytsangiz, u yerda chet ellik talabalar bor, ular ayollar edi. Xo'sh, nega ularni qabul qilmayapsiz?"

24 yoshli nigeriyalik shifokorning “New York Times” gazetasiga aytishicha, u ikki kundan ortiq Polshaning Medika shahridagi Ukraina-Polsha chegara punktida qolib ketgan; qo‘riqchilar ukrainaliklarning o‘tishiga ruxsat berayotganda chet elliklarni ushlab turgan.

"Ular odamlarni tayoq bilan kaltaklashdi, - deydi shifokor Chineye Mbagvu nashrga. - Ularni tarsaki va kaltaklar bilan navbatning oxirigacha itarib yuborishdi. Bu dahshatli edi”.

“Twitter”da #AfricansinUkraine xeshtegi orqali qora tanlilarning poyezdga chiqishiga ruxsat berilmagani yoki o‘tirgan joyi tortib olingani aks etgan videolar tarqalgan. “Amerika Ovozi” bu videolarning haqqoniyligini mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.

Ukrainadagi "Amerika Ovozi" muxbirining xabar berishicha, rasmiylar avtobus va poyezdlarni birinchi navbatda ukrainaliklar uchun ajratgan va bu xorijliklarning ketishini qiyinlashtirgan.

Anonimlik sharti bilan gapirgan AQSh rasmiysining aytishicha, Qo'shma Shtatlar "oq tanli odamlarning ketishi tarixini kuzatmoqda" va diskriminatsiyaga oid bu da’volar "jiddiy tashvish" uyg’otsa-da, nigeriyaliklar seshanba kuni jo’nab ketgan chet elliklarning ikkinchi eng katta guruhini tashkil etgan.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba seshanba kuni “Twitter” orqali mavjud shikoyatlarga javob berdi:

"Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ukrainaliklar va fuqaroligi boʻlmaganlarga koʻp halokatli taʼsir koʻrsatdi. Evakuatsiya qilinmoqchi boʻlgan afrikaliklar bizning doʻstlarimiz va oʻz vatanlariga eson-omon qaytishi uchun teng imkoniyatlarga ega boʻlishlari kerak. Ukraina hukumati muammoni hal qilish uchun bor kuchini ayamaydi”.

Xavotirli xabarlar

Afrika Ittifoqi dushanba kuni bayonot chiqarib, chegaraning Ukraina tomonida Afrika fuqarolariga mamlakatni tark etishga ruxsat berilmagani haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini bildirdi.

"Afrikaliklarga nisbatat nomaqbul munosabatda bo'lganlari to'g'risidagi xabarlar hayratlanarli darajada irqchilik va xalqaro huquqning buzilishidir", - deyiladi bayonotda.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi bunday xabarlarning to’g’riligini tasdiqlay olmadi, ammo bu da’volar xavotirli, dedi agentlik seshanba kuni "Amerika Ovozi"ga elektron pochta orqali jo'natgan xabarida.

"Xavfsiz o'tish va xavfsiz boshpana izlash imkoniyati mojarodan jabr ko’rgan har bir kishi uchun huquqdir”, - deyiladi agentlik maktubida.

AQSh Davlat departamenti afrikaliklarning Ukrainani tark etishiga to‘sqinlik qilishga qaratilgan har qanday urinishlarni qoralashini bildirdi.

"Biz ommaviy axborot vositalarining xabarlaridan xabardormiz, - dedi dushanba kuni departament vakili. - Irqiy kamsitishning har qanday harakati, ayniqsa, inqiroz sharoitida kechirib bo'lmas holat".

Matbuot kotibining taʼkidlashicha, departament “qoʻshni davlatlarga oʻtayotgan har bir kishi teng darajada qabul qilinishi va sharoiti talab qiladigan himoya yordami bilan taʼminlanishi uchun BMT agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”.

Ayni paytda, Afrika ittifoqi a'zo davlatlar va qo'shni mamlakatlardagi elchixonalarning Ukrainani tark etishga urinayotgan Afrika fuqarolari va ularning oilalarini qabul qilish borasidagi sa'y-harakatlarini olqishladi.

Nigeriyaning Ruminiyadagi elchisi Safiya Ahmad Nuhuning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, 600 dan ortiq nigeriyalik Buxarestga kelgan va kelayotganlar soni yanada oshmoqda.

“Ruminiya hukumati muvofiqlashtirish, tayyorgarlik ko‘rish va yordam ko‘rsatishda katta yordam berdi. Bu nafaqat hukumat, balki jismoniy shaxslar, tashkilotlar, universitetlar, xususiy shaxslar - ularning barchasi yordam berishda faol qatnashmoqda”, - deb qo‘shimcha qildi u.

Liberiyalik talaba Kollining so'zlariga ko'ra, u va uning ikki hamrohi Ruminiyaga o'tgandan so'ng, ularga ko'rpa-to'shak, oziq-ovqat va Timisoara shahrigacha transport berilgan. Uning so'zlariga ko'ra, yangi kelganlarga 30 kun davomida oziq-ovqat va turar-joy bilan yordam berishlari aytilgan.

"Favqulodda" o'sish kutilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, Rossiyaning davomli hujumi oqibatida Ukrainani tark etayotgan qochoqlar soni keskin o’sishda davom etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari Filippo Grandi dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashida nutq so'zlab, qochoqlar soning bunday tarzda nihoyatda tez o'sib borayotganini kamdan-kam ko'rganini ta’kidladi.

“Biz yaqin kunlar va haftalarda 4 milliongacha qochqin bo’lishini rejalashtirmoqdamiz. Bunday tez o'sish qabul qiluvchi davlatlar uchun katta yuk bo'ladi", - deya qo’shimcha qildi u.

Grandiga ko’ra, Ukrainadan kelayotgan odamlar oqimi 1990-yillar boshidagi Bolqon urushidan beri Yevropadagi eng katta ko'chishdir. O'sha paytda BMT qochqinlar agentligi hisob-kitoblariga ko'ra, 2 milliondan ortiq odam o'z uylarini tark etgan.

Grandining qo’shimcha qilishicha, hozirgacha 280 000 dan ortiq odam Polshadan yordam so'ragan. Yana Vengriyada 94 000; Moldovada 40 000 ga yaqin; Ruminiyada 34 000; Slovakiyada, 30 000 hamda Yevropaning boshqa joylarida o'n minglab ukrainalik qochoqlar bor. Rossiya Federatsiyasiga ko'chib o'tganlar soni ham ko’p.

“New York Times”ning yozishicha, Yevropa Komissiyasi shu hafta boshida aʼzo davlatlardan ukrainaliklarga uch yilgacha vaqtinchalik boshpana berishni soʻrash masalasini muhokama qilgan.

Dushanba kuni Yevropa Ittifoqiga aʼzolik uchun ariza bergan Ukraina aholisi hozirda 90 kungacha qolishlari va blok mamlakatlarida vizasiz sayohat qilishlari mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG