Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 7-kun


Rossiya Ukrainada hujumlarini kuchaytirib, tunda qator muvaffaqiyatlarga erishganini da’vo qilmoqda. Mudofaa vazirligiga ko’ra, Qrimga qo’shni Xerson shahri qo’lga kiritilgan. Shahar infratuzimasi, jamoat transporti kundalik tartibda faoliyat yuritilayotgani aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 2-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:35 0:00

Vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, Ukrainadan taralayotgan axborot xurujlariga chek qo’yish uchun Ukraina Xavfsizlik xizmatining Kiyevdagi ruhiy amaliyotlar bosh markaziga hamda teleminoraga zarba berilgan.

Jitomir shahrida ham vayronalar. Ukraina ichki ishlar vazirining maslahatchisi Anton Gerashenkoning aytishicha, hududdagi aviabazaga hujumda 4 kishi nobud bo’lgan.

Xarkov shahrida qator binolar hujumga uchragan. Ulardan biri Xarkov milliy iqtisodiyot universitetining imorati. Yana biri mahalliy politsiya idorasi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, shaharda bir kunda 21 odam o’lgan, 112 kishi jarohat olgan.

Rossiya harbiylari poytaxt aholisiga uylarini tark etishni tavsiya qilgan. Xarkov, Chernigov, Xerson shaharlarida Ukraina Xavfsizlik xizmati idoralari hujumga uchragan.

Aholining bir qismi g’arb tomon, Lvov shahri orqali Polshaga qochmoqda.

AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, Kiyev yonida turgan ko’p ming sonli rus armiyasida oziq-ovqat, yoqilg’i tugab bormoqda, askarlarning ruhiyati tushib ketgan. Ukraina rasmiylariga ko’ra, Rossiya urushda salkam 6000 harbiysini yo’qotgan.

Moskva bu da’volarni inkor etarkan, Kiyevni soxta xabar tarqatayotganlikda aybladi va bugun ilk bor talafotlarini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, Ukraina harbiy kampaniyasida 498 askar o’lgan. Ukraina safida esa 2800 dan ortiq harbiy halok bo’lgani aytilmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya Ukraina xalqi va tarixini yo’q qilmoqchi. Unga ko’ra, xalq mardonavor kurashmoqda, ammo G’arbdan yetarlicha yordam kelmayapti.

Rossiya Mudofaa vazirligi Azov dengizi bo’yidagi Mariupol shahrida shiddatli janglar bo’layotganini, Ukraina qurolli kuchlari va milliy batalyonlarining katta qismi qurshab olinganini ma’lum qildi.

Londondagi Birlashgan xizmatlar qirollik instituti tahlilchisi Ed Arnoldning aytishicha, rus armiyasi urushning ilk kunlarida ancha zaif harakat qildi, amaliyot yaxshi rejalanmagani ko’zga tashlandi, biroq endi taktika o’zgaryapti.

“Kiyev tevaragidagi Antonov aeroportida baza tashkil etilib, u yerga qo’shimcha askarlar tortiladi, o’q-dori va yoqilg’i yetkaziladi. Kiyev qurshab olingan. Ukraina armiyasi 60 kilometrga cho’zilgan rus harbiylari kolonnasiga hujum qilmayapti, demak bunday salohiyati yo’q, harbiy-havo kuchlari holdan toyigan, Rossiya havo mudofaasi tizimlari shay turibdi”, - deydi tahlilchi.

Unga ko’ra, rus piyoda askarlari eng so’nggi daqiqada vazifadan xabardor qilingan, bu esa ularning tayyorgarligiga salbiy ta’sir qildi. Rossiya qurolli kuchlarining 80 foizi ayni damda Ukraina frontiga qaratilgan, deydi Arnold.

“Ukraina armiyasi uchun eng muhimi hozir o’q-dori ta’minoti, Yevropa va’da qilgan qurollarni qo’lga kiritish, ammo bu oson bo’lmaydi. Qurollar Polsha orqali uzatilishi mumkin”, - deydi ekspert

Isroilga tashrif buyurgan Germaniya Kansleri Olaf Sholsning aytishicha, NATO Ukraina-Rossiya ixtilofiga harbiy ma’noda aralashmaydi.

"Chegaralar aniqlangan. Harbiy aralashuv bo’lmaydi. Hozirgi vaziyatda bu to’g’ri bo’lmas edi”, - dedi Shols Isroil bosh vaziri bilan birga o’tkazilgan matbuot anjumanida.

Ukrainani minglab odam tark etarkan, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel qochqinlarga imkon qadar yordam berilishini aytdi. Tashkilot rasmiysi Polsha bosh vaziri hamrohligida bugun Ukraina-Polsha chegarasidagi vaziyat bilan tanishib chiqdi.

Bir haftada Ukrainadan 700 mingga yaqin odam qochgani ma’lum.

Belarusda Rossiya va Ukraina rasmiylari o’rtasida muzokaralarning bugunga rejalangan ikkinchi davrasi payshanba kuni kutilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi maxsus sessiyasi doirasida Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralab rezolyutsiya qabul qildi. 141 mamlakat unga ovoz berdi, 5 davlat qarshi va 35 tasi betaraf qoldi. O’zbekiston ovoz berishda qatnashmadi.

Rossiya xalqaro sanksiyalarga uchraganidan beri neft keskin qimmatlab, bir barreliga 112 dollarga chiqdi. Bu 2014-yildan beri eng yuqori narx. Yoqilg’i bozorlari va aholini tinchlantirish maqsadida AQSh Prezidenti Jo Bayden Texas va Luiziana sohillaridagi strategik zaxiradan 30 million barrel neft ishlatilishini ma’lum qildi.

Osiyo va Yevropa mamlakatlari Rossiya va Markaziy Osiyo yoqilg’isi o’rniga Yaqin Sharq va AQShdan ko’proq xom neft olishni ko’zlamoqda. Neftni ishlab chiqaruvchi davlatlarni birlashtiruvchi OPEK tashkiloti bugun shu masalada majlis qilgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yettita bankini SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan chiqarmoqda. Ularga faoliyatini tugatish uchun 10 kunlik muhlat berilgan.

Ushbu banklarning Rossiya hukumatiga yaqinligi aytilmoqda. Sanksiyaga uchragan banklar orasida “Sberbank” va “Gazprombank” yo’q, chunki Rossiya Yevropaga tabiiy gaz uzatishda davom etarkan, yoqilg’i uchun to’lovlar ushbu ikki bank orqali amalga oshirilmoqda.

Bugun, shuningdek, ma’lum bo’lishicha, “Sberbank” Shveysariyadan tashqari Yevropadagi barcha filiallarini yopmoqda.

AQSh va Yevropadagi ayrim kompaniyalar ham Rossiyaga xususiy sanksiyalarini kiritmoqda. Jumladan, “Boing” va “Aerobus” Rossiyadagi faoliyatini to’xtatmoqda. Ular rus aviakompaniyalari tarkibidagi samolyotlariga ehtiyot qismlar yetkazishdan va texnik xizmat ko’rsatishdan bosh tortmoqda.

2021-yilda global aviaqatnovlarning 6 foizi Rossiya hissasiga to’g’ri kelgan.

“Ayfon” ishlab chiqaruvchi AQShning “Apple” kompaniyasi Rossiyaga mahsulotlarini ortiq sotmasligini, “Ford” avtomobilsozlik kompaniyasi Rossiyadagi uchta qo’shma korxonasida ishlab chiqarish to’xtatilishini ma’lum qildi.

Yoqilg’i sohasida Rossiyaga katta sarmoya kiritgan Britaniyaning “Shell” va “British Petroleum” kompaniyalari ketidan Amerikaning “Ekson Mobil” shirkati ham Rossiyadagi faoliyatini muzlatmoqda.

Rossiya ham qarshi choralar ko’rmoqda. Xususan, uning Ukrainadagi harbiy amaliyotini ochiq tanqid qilgan va urush tanqidchilariga muntazam ravishda efir bergan “Exo Moskvi” radiostansiyasi va “Dojd” telekanalining vebsahifasi Rossiyada bloklanib, dasturlari efirdan olingan.

Bosh prokuratura ushbu axborot agentliklarini urushga doir yolg’on ma’lumotlar tarqatayotganlikda ayblamoqda.

Rossiyalik sportchilar ham turli sport turlarida cheklovlarga uchrayotgan bir paytda Xalqaro Olimpiya qo’mitasi Rossiya va Belarus sportchilarini 4-mart kuni Pekinda imkoniyati cheklangan sportchilar ishtirokida boshlanayotgan Qishki Paralimpiya o’yinlaridan chetlatmaslikka qaror qildi. Biroq qo’mita bayonotida aytilishicha, ular o’z milliy bayroqlari ostida musobaqalasha olmaydi, medallarni qo’lga kiritsa ham medallar jadvaliga kiritilmaydi.

Seshanba oqshom AQSh Prezidenti Jo Bayden Kongressning har ikki palatasi va xalqqa yillik murojaati bilan chiqdi. Ichki siyosat, iqtisodiy tashabbuslari, koronavirusga qarshi kurash bilan bir qatorda Bayden Rossiyaning Ukrainadagi urushiga ham e’tibor qaratib, erkin dunyo Putin bosqiniga qarshi birlashganini aytdi.

“Erkin dunyo uni bu ishlarda ayblamoqda. Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati bilan bir qatorda Birlashgan Qirollik, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va ko’plab boshqa mamlakatlar Rossiyaga sanksiya qo’ymoqda, Ukraina xalqini qo’llab-quvvatlamoqda. Putin tashqi dunyodan har qachongidan ko’proq yakkalangan”, - dedi Bayden.

Unga ko’ra, Putin qo’shni mamlakatga qarshi urush boshlab, katta xatoga yo’l qo’ydi.

“U urush orqali amerikaliklarni bo’lib qo’yaman deb o’ylagan, AQSh va Yevropani bo’lib qo’yaman deb o’ylagan. Ammo u xato qildi. Biz tayyormiz. Biz birlikdamiz”, - dedi AQSh rahbari.

Uning aytishicha, AQSh va NATO birligi yo’qolmaydi, ozodlik zulmni yengadi.

Bayden yillik ma’ruzasida Afg’onistondan o’tgan yil avgustidagi tartibsiz evakuatsiyani tilga olmadi, biroq ma’ruzaga Respublikachilar partiyasidan rasmiy munosabat bildirgan Ayova shtati gubernatori Kim Reynolds Baydenni afg’on siyosati uchun keskin tanqid qildi.

“Qo’shinlarning Afg’onistondan falokatli evakuatsiyasi nafaqat amerikaliklar o’limiga, balki ittifoqchilarimizning aldanishiga, dushmanlarimizning ruhlanishiga sabab bo’ldi”, - dedi hokima.

Bayden hisobotining tashqi siyosatga bag’ishlangan qismi asosan Ukrainadagi vaziyatga bag’ishlangani bejiz emas, deydi kuzatuvchilar.

Odatda ko’p mavzularda kelisholmaydigan demokrat va respublikachi qonunchilar Ukraina masalasida ham ikr ekani ayon. Germaniyaning Marshall jamg’armasi eksperti Maykl Kimmajning aytishicha, Kongressdagi birdamlik Kremlda e’tiborsiz qolmaydi.

“Tashqi siyosatda bu juda ham muhim ishora. Putin Amerika siyosatiga tarqoqlik kiritish yo’llarini izlaydi va zaldagi barcha odam unga bunday imkoniyat berish vaqti emasligini yaxshi tushundi”, - deydi tahlilchi.

Bayden AQSh Ukrainaga qo’shin yubormasligini, mamlakat havo sarhadlari Rossiya samolyotlari uchun yopilishini ma’lum qildi.

Ukrainaga doir ma’ruzasi so’nggida Bayden adashib ketib, “Ukraina xalqi” deyish o’rniga “Eron xalqi” deb ba’zi siyosatchilarni hayratga soldi.

"Putin Kiyev atrofida tanklari bilan aylanib yurishi mumkin, ammo hech qachon Eron xalqi qalbini va ruhini zabt eta olmaydi”, - dedi prezident.

Uning bu xatosi tezkor ravishda ijtimoiy sahifalarga tarqalib ketdi.

Baydenning koronavirusga qarshi siyosatidagi xatolar, iqtisodiy tanazzul, yuqori inflyatsiya, afg’on siyosatidagi xatolar va Ukrainada urush boshlanishiga yo’l qo’ygani reytingini tushirib yuborgan. Aholining salkam 56 foizi uning siyosatini qo’llab-quvvatlamasligini bildirgan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, noyabrda bo’ladigan oraliq Kongress saylovlarida demokratlar hukmron pozitsiyasini boy berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG