Breaking News

Ukraina rahbari: Muzokarasiz urushni to’xtata olmaymiz


Mariupol
Mariupol

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaraga tayyorligini aytmoqda. Kelishuvga erisha olmasak, deydi u, bu “uchinchi jahon urushiga olib keladi”.

“Muzokarasiz bu urushni to’xtata olmaymiz”, - dedi Zelenskiy “CNN” telekanali bilan suhbatda.

Uning aytishicha, Moskva bilan keng qamrovli muzokaralar orqali Ukraina hududiy yaxlitligi va adolat tiklanishi lozim. Rossiya tomoniga ko’ra, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va neytral bo’lishi xususida tomonlar kelishuvga yaqinlashgan.

Zelenskiyning ta’kidlashcha, Rossiya kuchlari Ukrainaga “bizni yo’q qilish, o’ldirish uchun” kirgan, biroq Ukraina suverenitet va hududiy yaxlitlik borasida yon bermaydi.

“Ruslar bolalarimizni o’ldirishdi. Endi buni ortga qaytarib bo’lmaydi. Ukrainadan ayrim hududlarini mustaqil respublikalar deb tan olishni talab qilolmaysiz. Bunday murosalar shunchaki noto’g’ri”, - dedi Zelenskiy “CNN” bilan suhbatda.

Mariupol va Nikolayev

Qamalda qolayotgan Mariupol shahrida 400 ga yaqin odam boshpana topgan san’at maktabi Rossiya kuchlari tomonidan bombardimon qilingan. Bino tashqarisida katta harflar bilan, osmondan ko’rinadigan qilib “BOLALAR” deb rus tilida yozilgan edi.

San'at maktabi (hujumdan oldin)
San'at maktabi (hujumdan oldin)

Mariupol shahar kengashiga ko’ra, raketa hujumi binoni vayron qilgan. Omon qolganlar haqida hozircha ma’lumot yo’q. Shahar rus qo’shinlariga qarshilik ko’rsatishda davom etmoqda.

Shahar kengashi minglab odam uylaridan majburan Rossiya hududiga olib ketilganini ma’lum qildi.

“Bosqinchilar Levoberejniy rayonidan, sport klubi binosidan noqonuniy ravishda odamlarni olib ketishdi. U yerda mingdan ziyod odam muntazam portlashlardan yashiringan, jon saqlayotgan edi”, - deyiladi kengashning “Telegram” kanalida.

“Bosqinchilarning bu ishi Ikkinchi jahon urushi paytidagi dahshatli voqealarni ko’rgan keksa avlodga tanish, o’shanda natsistlar odamlarni majburan olib ketgan”, - deydi Mariupol meri Vadim Boychenko.

Ukraina hukumatiga ko’ra, urush boshlanganidan buyon kamida besh rus generali o’ldirilgan.

San'at maktabi (hujumdan keyin)
San'at maktabi (hujumdan keyin)

Ayni paytda, janubdagi Nikolayev shahrida Rossiya hujumiga uchragan harbiy kazarmada necha odam o’lgani haqida ma’lumot yo’q. Taxminan 200 askar uxlab yotgan paytda bombalar yog’ilgan.

Bir askarning “AFP” axborot agentligiga aytishicha, vayronalar ostidan 50 jasad chiqarib olingan.

19-mart kuni esa Rossiya gipertovushli raketa bilan Ukraina g’arbidagi harbiy omborxonani yo’q qilganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni hujumni tasdiqladi, biroq qanday qurol ishlatilgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.

Talafotlar

Ukraina prezidenti idorasi vakili Kirilo Timoshenko taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, 29-mart kuni gumanitar koridorlar orqali 6623 odam shaharlarni tark etgan. Xususan, Mariupoldan 4128 kishi chiqishga muvaffaq bo’lgan.

BMTning inson huquqlari idorasi hisobicha, 19-mart holatiga ko’ra, Ukrainada 902 nafar tinch aholi vakili halok bo’lgan, 1459 kishi yaralangan. Aslida raqamlar yanada yuqoriroq bo’lishi mumkin, deya qayd etiladi. O’lganlarning 112 nafari bolalar. Aksariyat odamlar artilleriya va havo hujumlarida halok bo’lgan.

AP, AFP, Reuters axborot agentliklari ma’lumotidan foydalanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG