Breaking News

Kongressda Baydenning Ukrainaga nisbatan siyosatini savolga tutayotganlar kimlar?


Amerikalik murabbiylar Ukraina harbiylariga tanklarni nishonga oladigan "Javelin" raketalarini qo'llashni o'rgatmoqda, Zaporojiya, 28-aprel, 2022
Amerikalik murabbiylar Ukraina harbiylariga tanklarni nishonga oladigan "Javelin" raketalarini qo'llashni o'rgatmoqda, Zaporojiya, 28-aprel, 2022

AQSh rahbari Jo Bayden Ukraina uchun shu paytgacha nima so'ragan bo'lsa, Kongress uni ma'qulladi. Yaqinda 13,6 milliard dollarga teng harbiy, iqtisodiy va gumanitar madad ko'rsatildi, Oq uy Kongressdan yana 33 milliard dollar so'ramoqda.

Vakillar palatasi raisi Nensi Pelosi shu kunlarda Ukrainaga safari davomida buni bot-bot tilga olib, Amerika xalqi urushdan ezilgan mamlakatga ko'makni ayamasligini eslatdi.

Biroq har ikki partiya ichida Baydenning siyosatiga qarshilar bor. Ular Oq uyni Ukraina borasida qattiqroq tergamoqda.

Bayden Ukrainaga AQSh askarlari aslo safarbar etilmaydi deb keladi. Biroq Kiyevga yordam oshib borarkan, Vashinggton bu urushga baribir bosh qo'shayapti, degan qarash ham kuchaygan. O'tgan 20 yil mobaynida Iroq va Afg'onistonda olib borilgan harbiy harakatlardan tegishli saboq olinmadimi, deya so'ramoqda tanqidchilar.

Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan bino, 17-mart, 2022
Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan bino, 17-mart, 2022

Ukrainaga qurol uzatishni osonlashtirish masalasi ovozga qo'yilganida Vakillar palatasidagi 206 respublikachidan 10 nafari qarshi chiqdi. Ko'pchilik, ya'ni demokratlarning hammasi taklifni quvvatladi.

Norozi konservativ kongressmen Tomas Messi deydiki, bu qonun mazmuni mujmal va ataylab shunday yozilgan.

"Kongress hozir Baydenga Ukrainaga xohlagan qurolni bemalol uzatish uchun ruxsat berdi. Kiyev bizdan atom qurolidan tashqari istagan vositani olishi mumkin. Naqadar aqlsizlik!"

Messi kabi qonunchilar fikricha, Ukrainaga muntazam harbiy ko'mak ko'rsatish yo'lga qo'yilayotgani Amerika uchun moliyaviy va strategik jihatdan qimmatga tushadi.

"Prezident Bayden Ukraina uchun milliardlab dollar so'rashda davom etsa, bu ham biz uchun olisdagi 1 trillionlik dollar mojaroga aylanadi", - deydi respublikachi Tom Tiffani.

"O'tgan ikki o'nyillikdan dars olsak, urushga bosh suqish oson, lekin undan chiqish qiyin. Xorijdagi mojarolarga xoh askar orqali xoh qurol orqali aralashish Amerka rahbari uchun eng murakkab qarorlardan biri. Bu qaror bizning xavfsizligimiz bevosita xavf ostida bo'lgan paytda qilinishi kerak", - deydi Tiffani.

Ukrainaga yo'la olayotgan og'ir artelleriya, Kaliforniya, 27-aprel, 2022
Ukrainaga yo'la olayotgan og'ir artelleriya, Kaliforniya, 27-aprel, 2022

O'tgan oy 15 respublikachi va ikki demokrat Rossiyadan neft va boshqa energetik mahsulotlar import qilishni man etishga qarshi ovoz berdi. Bu qonunchilar nazarida taqiq bilvosita Yevropaga ta'minotni qiyinlashtiradi.

Rossiya oligarxlari mulklarini musodara qilish taklifiga qarshi chiqqanlar - to'rt demokrat va to'rt respublikachi.

Liberal Aleksandria Okasio-Kortez - ulardan biri. Qonunchi Rossiya oligarxlarini jazolash kerak deydi, ammo hukumat hech qanday sud hukmisiz bunday ishlar qila olmasligi lozim.

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 4-tuzatish hukumatga biror mulkni yuridik asossiz tintuv qilish yoki musodara qilish huquqini bermaydi.

Demokrat qonunchi Aleksandria Okasio-Kortez Nyu-York shahridan saylangan
Demokrat qonunchi Aleksandria Okasio-Kortez Nyu-York shahridan saylangan

Okasio-Kortez xavotiricha, ma'muriyatni bunday vakolat bilan ta'minlash kelajakda boshqa prezidentlarga haddidan oshish imkonini berishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani xalqaro qonunlarni buzish ekani va Kiyevga yordam berish zarurligi yuzasidan Kongress yakdil. Biroq ayrim a'zolar, har ikki partiyadan, Oq uyni har bir qadamni bamaslahat tashlamayotganlikda tanqid qiladi.

Har qanday qurolli mojaro yuzasidan qaror Kongress oldidan o'tishni talab etadi, deydi qonunchilar. Oq uy aynan shunday qilayotganini eslatmoqda.

Tanqidchilar orasida Rossiya Amerikaga to'g'ridan-to'g'ri hujum qilishi mumkin degan qo'rqinch ham bor.

Demokrat qonunchi Barbara Li Polshaga borib, ukrainalik qochqinlar ahvoli bilan tanishar ekan, mana shunday xavotir ichida ekanini yashirmadi. Ammo, deydi u, bunday ehtimol Amerikani Ukraina xalqiga malham bo'lishdan to'xtaymaydi.

"Bu tarixning shunday pallasiki, yo dunyo bizning demokratik qadriyatlarimiz tomon qadam tashlaydi yo orqaga ketadi. Putin dunyoni orqaga qaytarishni xohlayapti", - deydi Li.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG