Breaking News

Nyu-Yorkda o’zbekistonlik terrorizm aybi bilan 15 yilga qamaldi


Nyu-Yorkning Bruklin federal mahkamasi O’zbekiston fuqarosi Dilhayot Qosimovni “Islomiy davlat” guruhiga moliyaviy ko’mak berishga urinish va shu maqsadda til biriktirishda aybdor deb topib, uni 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. Sudlanuvchi yetti yil oldin hibsga olingan.

34 yoshli Qosimov ustidan hukm 3-iyun kuni o’qilgan. AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, unga nisbatan qo'yilgan har ikki ayblov o’z tasdig’ini topgan.

Sud rasmiy hujjatlarida qayd etilishicha, Qosimov sheriklari Abdurasul Jo’raboyev va Ahror Saidaxmetovlarning AQShdan Suriyaga borib, “Islomiy davlat” tarkibiga qo’shilish rejasini qo’llab-quvvatlagan.

2015-yil fevral oyida Qosimov Saidaxmetovni Nyu-Yorkning Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportiga olib borgan va uning qo’liga shaxsiy mablag’i va boshqalardan yig’ilgan jami 1600 dollarni bergan. Bu pul sheriklarining yo’l xarajatlarini qoplashi kerak bo’lgan.

“Qosimov IShID tarafdori, u terroristik harakatga qo’shilmoqchi bo’lgan boshqa shaxsga o’zining va boshqalardan yig’gan mablag’ni yetkazgan. Mazkur hukm bilan Qosimov sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi”, - deydi AQSh Adliya vaziri muovini Metyu Olsen.

2015-yilda hibsga olingan Dilhayot Qosimov dastlabki sud tinglovida unga qo'yilgan ayblovlarni tan olmagan.

Qosimov sherigi Abror Habibov bilan vatandoshining Suriyaga borishi uchun pul to'plagan, deyiladi bayonotda.

“IShIDning potensial xorijiy jangchilariga moliyaviy yordam ko’rsatish qattiq jazoga yetaklaydi. Qosimov qilmishi 15 yilni panjara ortida o’tkazadi”, - deydi Maykl Driskol, Federal qidiruv byurosining (FQB) Nyu-Yorkdagi idorasi direktori.

Jo’raboyev, Saidaxmetov va Habibov, shuningdek, ularning sheriklari Akmal Zokirov va Azizjon Rahmatov aybiga iqror bo’lib, Jo’raboyev va Saidaxmetov 15 yilga, Azizjon Rahmatov 12,5 yilga qamalgan.

Habibov va Zokirov hukm o’qilishini kutmoqda. Ularning alohida ayblov qo’yilgan yettinchi sherigi Dilshod Husanovga nisbatan hukm 5-iyulda e’lon qilinadi. Husanov xorijiy terroristik tashkilotlarni moliyaviy qo’llash maqsadida sheriklari bilan til biriktirganini tan olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG