Breaking News

AQShda yana bir o'zbekistonlik terrorizm aybi bilan qamaldi


Sud oldida turgan ayblanuvchining rasmi. Abdurasul Jo'raboyev 2015-yilda hibsga olingan edi.
Sud oldida turgan ayblanuvchining rasmi. Abdurasul Jo'raboyev 2015-yilda hibsga olingan edi.

O'zbekiston fuqarosi 27 yoshli Abdurasul Hasanovich Jo'raboyev, AQShdan turib "Islomiy davlat" terror tizimiga moliyaviy yordam berishni rejalaganlik aybini o'z bo'yniga olgan shaxs, 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, terrorizmga qarshi kurashuvchi maxsus guruh bag'oyat ogoh va Jo'raboyev singari "terroristlarni quvvatlashga jiddiy bel bog'lagan" odamlarni ko'zdan qochirmaydi. Jo'raboyev Nyu-Yorkda 2015-yilda hisbga olingan.

O'zbekistonlik muhojir Turkiya orqali Suriyaga o'tishni rejalab aviabilet olgan va Nyu-York xalqaro aeroportida tutilgan, deydi rasmiylar.

Bruklin tumanida, ko'plab vatandoshlar istiqomat qiladigan hududda yashagan Jo'raboyev, federal agentlarning qayd etishicha, 2014-yilning augustidan boshlab internetda terroristlarni olqishlab yoza boshlagan. Xususan, Prezident Barak Obamani o'ldirib shohid bo'lishga tayyor ekanini aytgan. Jo'raboyev va uning hamfikrlari Suriyaga borib, u yerdan Amerikaga qarshi urushga qo'shilishni rejalagan, deyiladi aybnomada.

Adliya rasmiylari hukmni izohlar ekan, Jo'raboyev Nyu-Yorkning Koni Aylend qismida portlash uyushtirishni ham maqsad qilgan, deydi.

Federal tergovchilar tomonidan so'roq qilinganida Jo'raboyev "Islomiy davlat" va uning maqsadlariga ishonishini ochiq aytgan. Suriyaga borish uchun pul topish qiyin kechganini, topganida "Islomiy davlat" nomidan Amerika prezidenti va bu davlat mulklariga hujumni amalga oshirishga shay bo'lganini bayon etgan.

AQSh Jo'raboyevni vataniga yubormoqchi emas. Jazo muddati yakunlanmaguncha, u Amerikada qoladi. Ozodlikka chiqqach esa O'zbekistonga jo'natilishi mumkin.

Respublika hukumati bu ish yuzasidan biror bayonot bermagan yoki munosabat bildirmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG