Breaking News

Konstitutsiyaviy islohotlarga hozirlanayotgan O’zbekistonda jurnalistlar rag’batlantiriladi


Prezident Mirziyoyevning da'vo qilishicha, O'zbekistonda barpo etilayotgan "huquqiy demokratik davlatda so‘z va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida bo‘ladi".
Prezident Mirziyoyevning da'vo qilishicha, O'zbekistonda barpo etilayotgan "huquqiy demokratik davlatda so‘z va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida bo‘ladi".
Nisbiy uyg’onishdagi o’zbek matbuoti Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarining asosiy ko’rsatkichi, timsoli sifatida taqdim qilinadi.

Mamlakatda prezident muddatini nollashtiruvchi konstitutsiyaviy islohotlar boshlanishi ijtimoiy tarmoqlarda keskin munozaralar qo’zg’adi. Tanqidlar bu borada sukut saqlayotgan matbuotni ham chetlab o’tmayapti.

Konstitutsiyaviy islohotlardan ko’zda tutilgan siyosiy maqsad;ar va ularning qanchalik qonuniyligini tahlil qiluvchi materiallar deyarli yo’q.

Bunday tahlil chiqqan taqdirda ham darhol nazorat idoralari tomonidan taqiqlanadi. Yaqinda “Gazeta.uz”dan shunday maqola olib tashlangan.

Konstitutsiyaviy islohotlar Mirziyoyevni hozirgi muddatidan tashqari yana ikki muddat prezidentlikda qoldirishi mumkin. Prezidentlik muddati hozirgi besh yildan yetti yilga uzaytirilishi kutilmoqda.

Bu o'zgarishlarni tarannum etish esa 27-uyin kuni kasbiy bayramini nishonlayotgan O’zbekiston matbuoti va ommaviy axborot vositalari zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa.

Hukumat buning uchun ularni jiddiy rag’batlantirishga bel bog'lagan. Mirziyoyev 27-iyun kuni OAVni rivojlantirishga doir qaror imzolab, sohaning bir guruh xodimlarini mukofotlashga farmon bergan.

“Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko’ra, tahririyatlardan olinadigan daromad solig’i 50 foizga kamaytiriladi.

O'zbekistonda faol jurnalistlarni rag’batlantirish tizimi yo'lga qo'yiladi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga har chorakda ilg'or media xodimlarni aniqlash va mukofotlash vazifasi yuklangan:

“Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi; amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushirsin”.

Hozirgacha eng yirik moddiy rag’bat sifatida tanilgan “Oltin qalam” doirasidagi bosh mukofot avtomobil bo’lishi belgilangan.

Qarorda OAV xodimlariga imtiyozlar berishga qaratilgan bandlar bor, jumladan jurnalistlarning xorij tillarini o’rganishi, malaka oshirishini ta’minlashga qaratilgan imkoniyatlar yaratish.

O’zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi endi O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi. O’zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi endi O’zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi.

O'zbekistonda media prezident, markaziy hukumat, ayniqsa siyosiy vaziyat tanqidini chetlab o’tayotganiga qaramasdan Islom Karimov davriga solishtirganda bir qadar o’zgargangadek ko’rinadi.

Ammo bu o’zgarish OAV ustidan nazorat olib tashlangani, tanqidiy chiqish qilayotgan jurnalistlar, nashrlar tahdid va bosimdan xoli ekanligini bildirmaydi. Huquq tartibot idoralari, mahalliy hokimiyatlar tomonidan jurnalistlarga nisbatan tazyiqlar hamon mavjud, jurnalist, blogerlarni qamoq bilan jazolash tajribasi yo’qolmagan.

27-iyun kuni Mirziyoyev OAV xodimlarini tabriklar ekan, jumladan shunday dedi:

"Ma’lumki, jahonda e’tirof etilgan demokratik mezonlarga ko‘ra, matbuot erkinligi – barcha fuqarolik va siyosiy huquqlar orasida alohida ahamiyatga ega. Albatta, bu sohada yutuqlar bilan birga hali muammolarimiz ham yo‘q emas.

Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi joylarda ommaviy axborot vositasi xodimlariga mensimay qarash, ularning o‘z vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish holatlari uchrayotgani haqida xabarlar tarqalayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi".

Prezidentning da'vo qilishicha, O'zbekistonda barpo etilayotgan "huquqiy demokratik davlatda so‘z va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida bo‘ladi".

Mirziyoyevning ta'kidlashicha, "ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish – bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak."

O'zbekiston rahbari sud va prokuratura organlarini huquqbuzarliklarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga undaydi.

Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning o‘quvchilarimiz. Bu borada hali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz o‘zlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna ko‘rsatadilar, deb ishonaman", - deydi Mirziyoyev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG